O‘zbekiston bo‘yicha metan zapravkalarga 8 yanvardan vaqtinchalik cheklov joriy etildi

O‘zbekistonda metan “zapravka”lar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bunga sabab — magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotgani, shuning uchun tabiiy gaz ta’minotini barqarorlashtirish bo‘yicha bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu munosabat bilan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda.
Energetika vazirligi bergan axborotga ko‘ra, 8 yanvardan boshlab respublika bo‘yicha metan “zapravka”lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysida esa metan “zapravka”larning ish vaqti gaz bosimi holatidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Shuningdek, vazirlik ta’kidlaganidek, gaz bosimi pasaygan davrlarda aholi, jamoat transporti hamda ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Jamoat transportining barqaror ishlashi, ijtimoiy soha muassasalari va aholi ehtiyojlarini qondirish ustuvor hisoblanadi.
Shu sababli gaz ta’minotidagi umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqib, metan “zapravka”larning ish rejimi mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda belgilab boriladi. Ushbu choralar gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda barqaror ta’minotni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklovlar vaqtinchalik bo‘lib, hozirda gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!