Talabalar ishga joylashishi mumkin: qonun ruxsat bergan imkoniyatlar

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi talabalar bandligi bo‘yicha eng ko‘p ko‘tariladigan savolga nuqta qo‘ydi: “talabani ishga olish qonunga zidmi?” Javob qisqa — yo‘q, zid emas. Ya’ni student bo‘lish — ishlashdan “ban” degani emas, aksincha, qonun doirasida bemalol mehnat qilish mumkin.
Vazirlik ta’kidlashicha, talabalarning ishlashiga hech qanday taqiq yo‘q. Hatto ehtiyojga qarab, ular to‘liq 1 stavkada ham ishlashi mumkin. Bu degani, kimdir kontrakt to‘lovi, turar joy, oilaviy xarajatlar uchun qo‘shimcha daromad izlayaptimi — qonun tomonidan bu yo‘l yopilmagan.
Ayniqsa, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotganlar uchun imkoniyat yanada aniq belgilab berilgan: 3-kursdan boshlab, o‘qish jarayoniga xalaqit bermagan holda, umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida pedagoglik faoliyatini olib borish mumkin. Ya’ni, nazariyani o‘qibgina qolmay, amaliyotda ham qo‘l “isitib” olishga ruxsat bor — faqat o‘qish va ish muvozanati saqlansa bo‘ldi.
Boshqa tashkilotlarda esa talabalar ikki xil yo‘nalishda ishlashi mumkin: diplom yo‘nalishiga mos lavozimlarda yoki maxsus malaka talab qilinmaydigan ishlarda. Bu ham juda real ssenariy: kimdir o‘z sohasida tajriba yig‘adi, kimdir esa vaqtincha oddiyroq ish orqali daromad qilib turadi.
Xulosa oddiy: talabaning ishlashi “mumkin emas” degan gap — mif. Qonun bunga ruxsat beradi, vazirlik ham buni ochiq aytdi. Endi eng asosiysi — ish ham, o‘qish ham “mas’uliyatli rejim”da ketsin: diplom ham qo‘lda bo‘lsin, maosh ham.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!