2025 yilda pedagoglarning 60 foizdan ortig'i attestatsiyadan o'tolmadi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 2025 yilda pedagoglarning 60 foizdan ortig'i attestatsiya sinovlaridan muvaffaqiyatli o'ta olmadi. Natijalar o'qituvchilar malakasini oshirish va attestatsiya tizimini yanada takomillashtirish zarurligini ko'rsatmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Malaka toifalarini berish hamda stajorlar uchun professional sertifikatlash doirasidagi testlarda 353 604 nafar pedagog ishtirok etdi. Sinovlar yakunida 22 311 nafar o'qituvchiga oliy, 43 445 nafarga birinchi, 60 055 nafarga ikkinchi malaka toifasi, 13 371 nafarga esa "mutaxassis" toifasi berildi.
Toifasini saqlab qolgan yoki oshirgan 125 811 nafar pedagogga tegishli sertifikatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, 6 553 nafar pedagog (1 438 nafari oliy, 1 443 nafari birinchi va 3 672 nafari ikkinchi toifa) attestatsiyasiz, bevosita malaka sertifikatlarini oldi.
Professional sertifikatlash bo'yicha nazorat sinovlarida 21 836 nafar stajor qatnashdi. Bundan tashqari, milliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan 48 599 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlandi (27 982 tasi milliy, 20 577 tasi xalqaro) va ular uchun pedagoglarga tegishli ustamalar hisoblandi.
Vazirlik qayd etishicha, bu ko'rsatkichlar kadrlar salohiyatini oshirish bo'yicha ishlarni kuchaytirish va attestatsiya mexanizmlarini takomillashtirishni talab qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!