Oʻzbekiston temiryoʻllar parki yangilanadi va yangi yoʻlovchi yoʻnalishlari ishga tushiriladi

Oʻzbekiston temiryoʻllari aksiyadorlik jamiyati temiryoʻl parkini keng koʻlamda modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbuslar Prezident farmoni loyihasida nazarda tutilgan bo‘lib, u “Mahalla rivoji va jamiyat farovonligini yuksaltirish yili”dagi ustuvor islohotlar bo‘yicha davlat dasturi hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshiriladi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Rejalarga ko‘ra, yuk tashish yo‘nalishidagi harakatlanuvchi tarkibni yangilash uchun 1 mingta yangi yuk vagoni ishlab chiqariladi. Yoʻlovchi tashuvlarini modernizatsiya qilish maqsadida esa 50 ta yoʻlovchi vagoni parkga qoʻshiladi.
Lokomotiv xoʻjaligini kuchaytirish doirasida 25 ta dizel va 25 ta gibrid manyovr lokomotivini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi yoʻlovchi marshrutlari ham yoʻlga qoʻyiladi: Toshkent — Xiva yoʻnalishida yuqori tezlikdagi elektropoyezdni ishga tushirish, Toshkent — Bekobod yoʻnalishida esa zamonaviy elektropoyezd qatnovini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar temiryoʻllar oʻtkazuvchanligini oshirish, yoʻlovchilar uchun safar vaqtini qisqartirish hamda yuk tashish samaradorligini kuchaytirish orqali mamlakat iqtisodiyoti ehtiyojlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!