2025 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o'sdi YAIM 1,8 kvadrillion soʻmdan oshdi

Statistika milliy qoʻmitasining dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, 2025 yil yanvar–dekabr oylarida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy narxlarda 1,85 kvadrillion soʻmni tashkil etdi. 2024 yilning shu davriga nisbatan real o'sish 7,7 foiz bo'ldi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
YAIM deflyatori 2024 yil yanvar–dekabr narxlariga nisbatan 111,9 foiz darajasida qayd etildi. Tarmoqlar kesimida narxlar o'sishi eng yuqori ko'rsatkichlarni sanoatda (115,1 foiz), tashish va saqlash hamda axborot va aloqa yo'nalishlarida (113,0 foiz), shuningdek boshqa xizmatlarda (112,1 foiz) ko'rsatdi. Respublika o'rtacha darajasidan past deflyator qurilishda (105,9 foiz), qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligida (107,8 foiz), savdo hamda yashash va ovqatlanish xizmatlarida (108,8 foiz) kuzatildi.
Hisobot davridagi o'sish asosiy tarmoqlardagi ijobiy dinamikalar hisobiga ta'minlandi. Barcha tarmoqlarda yaratilgan yalpi qo'shilgan qiymat YAIMning 95,6 foizini shakllantirib, 7,7 foizga oshdi va umumiy o'sishga 7,4 foiz punkt hissa qo'shdi. Mahsulotlarga sof soliqlar YAIMning 4,4 foizini tashkil etib, 7,4 foizga ko'paydi va o'sishga yana 0,3 foiz punkt qo'shdi.
2025 yil yakunida YAIM tarkibida kichik o'zgarishlar qayd etildi: xizmatlar ulushi 48,2 foizdan 48,6 foizga, sanoat ulushi 26,1 foizdan 26,8 foizga, qurilish ulushi 7,2 foizdan 7,3 foizga ko'tarildi. Qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligining ulushi esa 18,5 foizdan 17,3 foizga qisqardi.
Sanoatda yaratilgan yalpi qo'shilgan qiymat yil yakunida 472,7 trln soʻmga yetdi va 2024 yilga nisbatan 6,8 foizga o'sdi. Asosiy drayver qayta ishlash sanoati bo'lib, ushbu yo'nalishda qo'shilgan qiymat 7,7 foizga oshdi.
Qurilishda yalpi qo'shilgan qiymat 129,2 trln soʻmni tashkil etdi, bajarilgan ishlar hajmi esa 14,0 foizga ko'paydi. Xususan, bino va inshootlar qurilishi 7,4 foizga, fuqarolik obyektlari qurilishi 30,8 foizga, ixtisoslashgan qurilish ishlari 38,4 foizga o'sdi.
Xizmatlar sohasida yaratilgan yalpi qo'shilgan qiymat 859,9 trln soʻmga yetib, 8,5 foizga oshdi. Eng tez o'sish axborot va aloqa xizmatlarida (23,9 foiz), savdoda (13,6 foiz), yashash va ovqatlanish xizmatlarida (10,4 foiz), tashish va saqlashda (10,1 foiz) kuzatildi. Boshqa xizmatlar 5,4 foizga ko'paydi.
Savdo tarmog'i qo'shilgan qiymatida eng katta ulush avtotransport vositalarisiz chakana savdoga to'g'ri keldi — 54,7 foiz. Avtotransport vositalarisiz ulgurji savdo 32,9 foizni, avtotransport vositalarining ulgurji va chakana savdosi hamda ta'mirlash ishlari 12,4 foizni egalladi.
Yil yakunida tashish va saqlashning YAIMdagi ulushi 5,5 foiz bo'ldi. Ushbu tarmoq qo'shilgan qiymati tarkibida avtomobil transporti 56,4 foiz bilan yetakchilik qildi. Quvur transporti 10,1 foizni, temir yo'l 7,3 foizni, transportga yordamchi faoliyat 17,5 foizni, havo transporti 8,7 foizni tashkil etdi.
2025 yil yanvar–dekabr oylarida jon boshiga YAIM 48,8 mln soʻmga yetdi, real o'sish 5,7 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida jon boshiga YAIM 41,3 mln soʻm bo'lib, real o'sish 4,5 foiz darajasida qayd etilgan.
Yil yakunlariga ko'ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarining iqtisodiyotdagi ulushi 2,7 foiz bo'ldi. IKT xizmatlari qo'shilgan qiymati tarkibida aloqa xizmatlari 32,9 foizni, kompyuter dasturlash, konsalting va bog'liq xizmatlar 46,3 foizni, ma'lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash hamda veb-portal xizmatlari 11,9 foizni, dasturiy ta'minot ishlab chiqarish 5,9 foizni, kompyuterlar va aloqa uskunalarini ta'mirlash 3,0 foizni tashkil etdi.
2025 yilda kichik tadbirkorlik subyektlari 923,5 trln soʻm yalpi qo'shilgan qiymat yaratdi — bu iqtisodiyot umumiy ko'rsatkichining 52,2 foizi. Kichik biznes qo'shilgan qiymati tarkibida qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligi 30,9 foiz, xizmatlar 43,9 foiz, sanoat 14,6 foiz, qurilish 10,6 foiz ulushga ega bo'ldi.
Tarmoqlar kesimida kichik tadbirkorlikning hissasi qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligida 93,1 foizga, qurilishda 75,6 foizga, xizmatlar sohasida 47,2 foizga, sanoatda 28,5 foizga yetdi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot (uy xo'jaliklari, jismoniy shaxslar faoliyati va yashirin sektorni qo'shib) 2025 yil yanvar–dekabr yakunida 498,0 trln soʻmni yoki YAIMning 26,9 foizini tashkil etdi. Shundan uy xo'jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyatiga 351,0 trln soʻm (YAIMning 19,0 foizi), yashirin iqtisodiyotga 147,0 trln soʻm (7,9 foiz) to'g'ri keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!