Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi yo‘lladi.
Maxsus qaror asosida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi 35-yilda birinchi marta 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ezgu ishlarga sarflanganini ta’kidlash lozim.
Xususan, 450 milliard so‘m 600 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga moddiy ko‘mak tariqasida yo‘naltirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy reestrdagi davolash rejalashtirilgan 6 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, jumladan og‘ir kasallar operatsiya yo‘li bilan davolanmoqda.
Shuningdek, aholiga 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tarqatildi.«Ramazon tuhfasi» loyihasi doirasida esa ehtiyojmand oilalar,«Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashovchilar hamda xorijdagi vatandoshlarimiz uchun 30 mingdan ortiq iftorlik tadbirlari o‘tkazildi.
«Jahondagi hozirgi g‘oyat murakkab vaziyatda oila va mahallalarda, butun mamlakatimizda osoyishtalik, fayz-u baraka muhitini saqlash, yoshlarimizni yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash o‘ta dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Biz bu borada katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, jonkuyar aka-uka va opa-singillarimiz, hurmatli ziyoli va ulamolarimizga, mahalla faollari hamda tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.
Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida jahonning turli hududlaridagi urush va nizolar tezroq barham topib, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda hayot kechirishini tilab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlaridagi musulmon birodarlarimizni qutlab, samimiy salom va tilaklarimizni yo‘llaymiz», deyiladi xabarda.
«Alloh taoloning rahmati yog‘ilib turgan ushbu qutlug‘ damlarda siz, azizlarni Iyd al-Fitr bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman», deya ta’kidlanadi tabriknomada.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!