15:40 / 30.05.2023
367

Pley-offdagi raqibimiz: Ayyor, bir futbolchiga suyangan va biz uchun noqulay Isroil!

Pley-offdagi raqibimiz: Ayyor, bir futbolchiga suyangan va biz uchun noqulay Isroil!
Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi jahon chempionatining nimchorak finaliga yo‘l olganidan xabaringiz bor. Pley-offning birinchi bosqichida yoshlarimizga isroillik tengqurlari qarshilik qiladi. Xo‘sh, raqib haqida qanday ma’lumotga egamiz? Uning kuchli tomonlari nimada? Yetakchi futbolchilari kim?
 
O‘yin uslubi qanday?
 
Ofir Haim Isroil yoshlar jamoasini ikkinchi raqamda to‘p surishga mo‘ljallangan o‘yin sxemalari asosida shakllantirgan. Klassik - 4-2-3-1. Bitta ijodkor pleymeyker, markazda yashirin hujumchilik qilishga qodir yarim himoyachilar tandemi va 4 himoyachi. Oldinda esa baland bo‘yli jismonan baquvvat forvard. Jamoa 2-3 texnikasi kuchli yigitlarning kreativ harakatlari va orqadagi himoyachilarning bexato o‘yiniga tayanadi.
Yevropa vakillari yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega. Baland bo‘yli futbolchilar standart vaziyatlarda juda faol. Kerakli pallada chuqur himoyalanishni ham yaxshi o‘zlashtirgan. Bahs davomida tempni pastroq ushlab turish orqali, asosan pozitsion hujumlar uyushtirishga urinadi. Shu tariqa, tarkibidagi tezkor futbolchilarning yo‘qligini to‘ldiradi.
 
Raqibning taktikasi biz kabi 3 ta markaziy himoyachiga asoslangan uslubda o‘ynaydigan jamoalar uchun bir nechta qulaylik yaratadi. Masalan, raqibning yagona sof markaziy hujumchisini 3 ta mudofaa vakili qo‘riqlaydi. Qanotdagi yarim himoyachilar esa lotareallar bilan birgalikda, qanot yarim himoyachilarimizning bosimiga duch keladi.
Afsuski, bu o‘yinni sardormiz – Umarali Rahmonaliyev sariq kartochkalari ko‘payib ketgani bois, o‘tkazib yuboradi. Aynan shu faktor, Ravshan Haydarovni boshqa o‘yin sxemasini tanlashga majbur etishi mumkin. Sababi, “Rubin” a’zosi maydon markazida deyarli ikki futbolchining vazifasini bajarishiga odatlanganmiz.
 
Rahmonaliyev nafaqat himoyadan to‘pni olib chiqib ketishda, balki tezkor qarshi hujumlarda ham asosiy figuralardan biri edi. Bundan tashqari, raqibni hujumlarini markazda barbod etish, jamoaviy pressing va boshqa ko‘plab o‘yin elementlarida uning ishtiroki jamoaga yaxshigina ustunlik taqdim etgan. Umarali o‘yinda ishtirok eta olmagani bois, uning pozitsiyasida boshqa bir futbolchi xuddi shuncha hajmdagi ishni u singari professional uddalashi so‘roq ostida qolmoqda.
 
Raqibning asosiy kuchi yarim himoyada ekanligini hisobga olsak, Haydarovda 4-2-3-1 sxemasiga murojaat etish varianti ham mavjud. Yodingizda bo‘lsa, Yangi Zelandiya bilan bahsning ikkinchi bo‘limida aynan shu sxema bizni mag‘lubiyatdan qutulib qolishimiz uchun ko‘mak bergan edi.
Agressiv pressing o‘rnini, to‘p nazorati va o‘yindagi ustunlikka almashtirishni istasak, 4-2-3-1 sxemasi yaxshi tanlov, biroq u raqibning o‘ta havli ikki futbolchisi uchun qo‘shimcha bo‘sh zonalar ochilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Haydarovning tanlagan sxemasi o‘yinning qanday borishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.
 
E’tiborli tomoni, Isroil himoyadan hujumga o‘tayotganda mayda paslarga har doim ham urg‘u bermaydi. Agar raqib pressingni kuchaytirsa, ikkinchi qavatdan uzatmalar orqali oldinga o‘tishga intiladi. Vaziyatdan kelib chiqib, Isroilda o‘yinga moslashib ketish immuniteti yaxshi shakllangan. Katta ehtimol bilan nimchorak finaldagi o‘yin tempini bizning hamyurtlarimiz belgilab beradi. Isroil esa ikkinchi raqamda o‘z omadini sinab ko‘radi.
 
Asosiy futbolchilari kim?
U-20 terma jamoamizning JCH guruh bosqichidagi o‘yinlarini tahlil qilar ekanman, hali birorta bellashuvda yoshlarimiz bu qadar yetakchilarga bog‘lanib qolgan jamoa bilan to‘qnash kelmaganini alohida e’tirof etish lozim. Bugungi Isroil markaziy hujumchi – Dor Turgeman (9 raqam) va pleymeyker vazifasini bajaruvchi Halaili (7 raqam) atrofida qurilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biri realizatsiya bobida chinakam qotil ijrochi bo‘lsa, ikkinchisi kichik epizodlarda raqibdan chaqqonroq chiqish bobida benazir.
Aynan bu yigitlarni mudofaa vakillarimiz qay darajada qo‘riqlay olishi bahs natijasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Agar ulardan hech yo‘q bittasini personal o‘yinda yopib tashlay olsak, Isroil deyarli qurolsizlantirilgan bo‘ladi. Dor baland bo‘yli, yaxshi tezlikka ega. Ikkinchi qavatda juda faol. Shuningdek, kerakli pallada ortga qaytib himoyachilarga yordam beradi. 186 sm bo‘yga ega forvard 90 daqiqa davomida himoyachilarimizni ter to‘kishga majbur qiladi. Halaili esa kreativ, ijodkor va erkin yarim himoyachi. U o‘rni kelsa, qanotga ko‘chishi, Dorning o‘rnida markaziy hujumda ham paydo bo‘lishi mumkin.
 
Kuchsiz va kuchli tomonlari nimada?
 
Asosiy ustunlik bu yaxlit mexanizmga aylangan jamoaviy o‘yin. To‘g‘ri, maydondagi barcha yigitlarning darajasi bir xil emas, biroq ular bu kamchilikni mehnatkashlik va kuchli ishtiyoq evaziga kompensatsiya qilishga muvaffaq bo‘ladi. Bejizga ular, Yevropa chempionatining finaliga qadar yetib borgani yo‘q. Aynan 90 daqiqa davomida yuqori konsentratsiya bilan to‘p surgani bois, jamoa o‘zidan texnik va taktik tomondan kuchli bo‘lgan raqiblarni yengishni uddalagan. O‘zbekiston U-20 bilan bahs ular uchun yaxshigina muammo tug‘dirishi aniq. Sababi, Haydarov jamoasi birinchi raqamda ham, ikkinchi raqamda ham birdek yaxshi o‘yin ko‘rsatishga qodir. Bu vaziyatdan kelib chiqib, uchrashuvning borishini o‘zgartirish imkoniyatini taqdim etadi. Barchasi bosh murabbiyimizning o‘yinga qanday strategiya tanlashi bilan bog‘liq.
 
Shu o‘rinda yana bir muhim faktorga e’tibor qaratishimiz shart. Isroil U-20 jamoasi ruhiy bosim uyushtirishi, o‘yin tempini pastroq ushlash uchun turli ayyorliklarga qo‘l urgani kichik mundialdagi o‘yinlarda bir necha bor ko‘zga tashlandi. Raqib futbolchilarining provokatsiyasiga uchmaslik, ortiqcha emotsiyaga berilmaslik g‘alaba kaliti sifatida xizmat qiladi. Shunday ekan, bahs davomida yigitlarimiz sovuq miya va qaynoq yurak bilan to‘p surishga majbur. Sababi, o‘yin borasidagi bir nechta faktorlar borasida biz raqibdan kuchliroqmiz. Shunchaki, buni maydonda isbotlash darkor.
 
Jamoalar imkoniyati qanday?
Obektiv olib qaralsa, imkoniyatlar 50/50. Isroil termasining o‘yin uslubi, imkoniyatlari va boshqa ko‘plab omillar sababli tarozi pallasi biroz biz tomonga o‘tishi mumkin. Qog‘ozda raqibdan kuchliroq ekanligimiz aniq, ammo buni maydonda isbotlash katta kuchni talab etadi. Ravshan Haydarov jamoasi Osiyo chempionatida bir necha bor xarakter ko‘rsatganiga guvoh bo‘ldik. Juda yomon boshlangan JCHda ham yigitlar burilish yasab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga erishdi. Bu o‘yinda aynan o‘sha kuchli ruhiy tayyorgarlik bizga har qachongidan ko‘proq kerak. Oldinda, 90  balki 120 daqiqa keskin qarama-qarshilik bizni kutmoqda.
 
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pley-offdagi raqibimiz: Ayyor, bir futbolchiga suyangan va biz uchun noqulay Isroil!