09:06 / 01.03.2024
343

Odil Ahmedov: "Biz finalga chiqish uchun haqli jamoa edik"

Odil Ahmedov: "Biz finalga chiqish uchun haqli jamoa edik"
O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Qatardagi Osiyo Kubogida qayd etgan natijasidan albatta ko‘prog‘iga munosib edi. Biroq o‘sha chorak finalda mezbon Qatarga juda alamli tarzda penaltilar seriyasida yutqazib musobaqani tark etishga majbur bo‘ldilar.

O‘zbekiston futbolining yulduzlaridan biri, hozirda O‘FA vitse-prezidenti lavozimida ishlayotgan Odil Ahmedov ham terma jamoamizning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bordi. Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Ahmedov bilan aynan milliy terma jamoamizning qit’a musobaqasidagi ishtiroki xususida suhbatlashdi.

- Terma jamoamizni Osiyo Kubogidagi ishtiroki haqida so‘ramoqchiman. Nima kutgandingiz va yakuniy xulosangiz qanday bo‘ldi?

- Ishtirok bo‘yicha maksimal vazifa qo‘yilgandi – finalga chiqish. Biz o‘sha finalga chiqish uchun haqli jamoa edik. Terma jamoa yaxshi shakllangandi, shuning uchun ham finalga chiqishini kutgandim. Afsus, Qatar bilan o‘yinda asosiy vaqtda 1:1 bo‘ldi va penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ydik. Bu hamma – muxlislar, futbolchilar va murabbiylar uchun ham yomon holatda tugadi, deb bilaman.

- Penaltilar seriyasida omadsizlik bo‘ldi. Ko‘pchilik esa bu vaziyatda tanqidiy fikrlarni aytdi. Sizningcha, penaltilar seriyasidagi holat faqat omadsizlik bilan bog‘liqmi yoki...

- Futbolda mayda-chuyda narsalar bo‘lmaydi. Avvalo, penalti – bu lotereya. Lekin o‘sha o‘yinni bevosita stadionda kuzatdim. O‘yin natijasi penaltigacha bormaydi, deb o‘ylagandim. Chunki biz golni urganimizdan so‘ng Qatar deyarli taslim bo‘lgandi. Yana ozgina bosim qilinganida menimcha o‘sha uchrashuvni yutishimiz mumkin edi. Lekin bilmadim, murabbiyni ishi va uni ishiga aralashishga bizni vakolatimiz yo‘q. Balki qaysidir joyda adashdimi, deyman?! Penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘radigan jamoa, uchrashuvdan avval 5-6 ta futbolchisini tayyorlab qo‘yadi. Mana shunday mayda detallarda qayerdadir xato qildik. Qatar esa bunga tayyorgarlik ko‘rgan. Kimni qayerga tepishini bilgan va o‘rgangan. Bu borada ular ma’lumot to‘plagan. Shu bois ham Qatarga yutqazib qo‘ydik.

- Shaxsan bu musobaqadan nimalarni kutgandingiz?

- To‘g‘risi, boshqa jamoalarni ham o‘yinlarini ko‘rib finalgacha yetib boramiz, deb o‘ylagandim. Chunki biz tushgan setkada xuddi Qatarga o‘xshab u qadar kuchli raqiblar yo‘q edi. Shuning uchun finalga chiqish imkoniyatimizni baholagandim. Bunga kuchimiz yetardi. Futbolchilarimizni ham imkoniyati har taraflama yuqori edi.

- Nima deb o‘ylaysiz, chindan ham jarohatlar biz uchun jiddiy yo‘qotishlarga aylandimi yoki safimizda ularni o‘rnini bosadiganlar yetarli edimi?

- Bilasizmi, eng lider o‘yinchimiz – Shomurodov jarohat oldi. Baribir buni ham ta’siri bo‘ladi. Lekin terma jamoa bo‘lganidan keyin unda deyarli bir xil kuchga ega 25 ta futbolchi bo‘lishi kerak. Ularning o‘rniga chiqqan boshqa futbolchilar ham o‘zlarini juda yaxshi ko‘rsatishdi. Misol uchun, Aziz Turg‘unboyev yoki boshqasi... Ular o‘zlarini kashf qilishdi. Terma jamoada doim bir-biriga raqobatbardosh o‘yinchilar yetishib chiqishlari kerak.

- Osiyo Kubogidagi omadsizlikdan keyin bosh murabbiy Katanes haqida turli tuman fikrlar ham yangramoqda. Kimdir tanqid qilsa, yana kimdir uning o‘yin taktikasiga ishonish mumkinligi haqida aytishmoqda. Siz ham uning o‘yinida nimadir ko‘ryapsizmi yoki...

- U yangi avlod terma jamoasini qabul qilib oldi. Ko‘p o‘yinlarda ko‘rdik, futbolda tartib o‘rnatadi. Baribir har bir mutaxassisni yutuq va kamchiliklari bo‘lganidek, uni ham kamchilik, xatolari bor. Men u ishlashi yoki ishlamasligi kerak, deb aytmayman. Lekin qaysidir joyda boshqacharoq qaror qabul qilishi lozim. Masalan, Qatar bilan o‘yinda ko‘rdik. Agar Bobur Abdiholiqov maydonga tushganida balki o‘yin boshqacha ko‘rinish olardi. Futbolda shunaqa narsa bor: yutsa murabbiy hammasini to‘g‘ri qilgan bo‘ladi, yutqazsa esa hammasi noto‘g‘ri bo‘ladi. Shu bois mag‘lubiyatdan so‘ng muhokamalar ham har xil kechadi. O‘ylaymanki, bu dars bo‘lishi kerak. Bizni oldinda juda katta musobaqa jahon chempionati saralashi kutib turibdi. Bundanda yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Osiyo Kubogi ko‘rsatib berdiki, hamma jamoalar futbol o‘ynashni o‘rganib bo‘lishgan. Hammadan natija kutsa bo‘ladi. Endi hamma murabbiylar ham, futbolchilar ham yanada mas’uliyatliroq bo‘lib yondashishlari kerak, deb o‘ylayman.

- Yangi mavsum Superligamiz ham boshlanyapti. Hamma favoritlar qatorida “Navbahor”, “Nasaf” va “Neftchi”ni tilga olishmoqda. Yangi boshlanajak chempionatdan nima kutyapsiz?

- Qiziqarli bo‘ladi. PFL tomonidan ko‘p talablar qo‘yilgan. Futbolchilarni yaxshi stadionlarda o‘ynash uchun imkoniyatlar yaratilyapti. Har doimgidek chempionlik uchun kurashadigan klublar – “Nasaf”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Paxtakor”. Kurash shu to‘rtta jamoa orasida bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odil Ahmedov: "Biz finalga chiqish uchun haqli jamoa edik"