
Chempionlar Ligasining asosiy favoriti sifatida tilga olib kelingan Hansi Flik jamoasi qanday omillar sabab eng muhim pallada pand yedi? «Inter» haqida hali finalda ham gaplashish imkoniyati bo‘lishidan kelib chiqqan holda, keling, kechagi o‘yinga «Barselona» rakursidan qarab chiqsak.
QANOTSIZ «BARSЕLONA»
Jerar Martin ikki assist, Garsiya gol muallifi bo‘lganidan so‘ng «Barselona»ning qanot himoyachilari haqida tanqidiy fikr aytish mumkin emasdek, ammo strukturaviy tomondan jamoa hujumlari tashkil qilinishida asosiy qanot himoyachilari – Kunde va Baldening yo‘qligi bilindi.
Zamonaviy futbolda laterallar to‘p bilan ham, to‘psiz harakatlar orqali ham hujum kartinasini yaratishda, hujumchilarga bo‘sh hududlar ochishda muhim figura sanaladi. «Barselona»da Kunde va Baldening o‘ziga xos roli bor ediki, aynan ular bilan tandemda Rafinya va Yamalning eng zo‘r o‘yinlarini ko‘rayotgandik.
Yamal «Inter»ga qarshi ikki uchrashuvda ham eng faol o‘yinchi bo‘lgani sir emas. Aslida Yamal doim faol, ammo bir muhim farq bor: «Inter»ga qarshi kechgan 210 daqiqalikda Yamal 16 marta raqib darvozasiga zarba bergan – o‘rtacha har 13 daqiqada 1 zarba. Yamalning Kunde bilan birga tushgan o‘yinlarini alohida olsak, La Ligada bu ko‘rsatkich har 22 daqiqada 1 zarba, Chempionlar Ligasida esa har 24 daqiqada 1 zarbaga teng.
Bu shuni anglatadiki, Kunde doim hujumda qo‘shimcha variant sifatida Yamalni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Vaziyat qiyinlashganda Yamalda doim Kundega to‘pni yetkazib berish va o‘zi uchun qulayroq pozitsiyaga o‘tib, qaytarib olish imkoniyati bor edi. Juftlik bu jihatdan o‘z vaqtidagi Ronaldu- Marselo tandemini eslatib yuborayotgandi.
Kundesiz Yamal juda ko‘p marta noqulay nuqtalarda ham zarba berishga yoki majburiy driblingga qo‘l urishiga to‘g‘ri keldi, qulay pozitsiyaga chiqish imkoniyati qiyinlashib ketdi. «Inter»ga qarshi birinchi o‘yinda Yamal gol urganidan ko‘p o‘tmay Kunde jarohat olib maydondan chiqib ketdi va shundan so‘ng yosh futbolchi boshqa gol ham, assist ham amalga oshira olmadi.
«Barselona» qanchalik Yamal orqali o‘ynashga urinmasin, Yamal ham «Inter» bilan qarama-qarshilikda o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatgan bo‘lmasin, Kundening yo‘qligi sezildi. Yamal odatdagidan ancha kam holatlarda qulay nuqtalarda to‘p bilan uchrashdi.
Baldening o‘rni esa imkon qadar qanotni kengaytirish orqali, yarimchapqanotda Rafinyaga hududlar ochish bilan bog‘liq. O‘tgan mavsumlarda haqiqiy vinger sifatida o‘ynagan va u qadar muvaffaqiyat qozonmagan Rafinyaning «Oltin to‘p»ga da’vogarlar qatoriga qo‘shilishida aynan mana shu pozitsiya muhim – braziliyalik hujumchi markazga yaqinroqda to‘p surganda qulay vaziyatlarga chiqadi. Jerar Martin 2-bo‘limda faollashgan bo‘lsa-da, «Barselona»ga mavsum davomida juda sermahsul bo‘lishiga zamin yaratgan hujum strukturalari ko‘ngildagidek ishlamadi. Flikning xavfli vaziyatlar generatoriga aylanib ketgan formulalari ishlamagani, natijada hujum tashkil qilishda futbolchilarning kreativ mahoratiga tayanib qolinganining sababi ham mana shu chiziqlardagi optimal tarkib a’zosi bo‘lgan futbolchilar jarohatlangani bo‘ldi, deyish mumkin.
KUCHLAR TAQSIMOTI
«Inter» Yevropada o‘rtacha yoshi eng katta jamoa hisoblanadi, «Barselona» esa aksincha. Bir qaraganda, jismoniy tomondan hal qiluvchi omillardan bo‘lishi kerakdek. Rostan ham agar ikki o‘yin umumiy vaqtini oladigan bo‘lsak, «Barselona» faolroq bo‘lgan, ko‘proq hujum qilgan daqiqalar ko‘p. Ammo bir jihatni e’tiborga olish kerak.
Salkam 220 daqiqa davom etgan bu to‘qnashuvning qariyb yarmida, jami 100 daqiqa vaqt davomida «Inter» hisobda oldinda bordi. «Barselona» o‘zi qoniqtiradigan hisobga faqat 5 daqiqa, ikkinchi o‘yinning 87-92 daqiqalarida ega bo‘ldi, xolos.
Hisobni saqlash uchun o‘ynash esa doim ta’qib qiluvchidan ko‘ra kamroq kuch talab qiladi. Sababi, «Inter» butun jamoa bo‘lib himoyalanayotganda yuklama futbolchilar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Har bir futbolchidan nisbatan o‘xshash vazifalarni bajarish talab etiladi va tabiiyki, bu ssenariyda jamoa jismoniy holatini nazorat qilish, almashtirishlar orqali yordam berish osonroq. Mxitaryan charchadimi, o‘rniga istalgan futbolchi tushib, belgilangan vazifani o‘sha darajada amalga oshira oladi.
«Barselona»ning holati boshqacha. Ta’qib qilayotgan jamoada yuklamaning asosiy qismi hujumdagi yetakchi futbolchilarga tushadi. Yamal, Rafinya, Pedri, Olmo kabi futbolchilar qiladigan yumushlarni hamma ham qilavermaydi. Demak, ham bu futbolchilar o‘yinning har fazasida faol bo‘lishlari lozim, ham ularni sifatni tushirmagan holatda almashtirishning imkoni yo‘q.
Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisida «Barselona» raqib darvozasiga birorta ham zarba bera olmadi. Qizig‘i, shunga o‘xshash ssenariyda yaqinda Ispaniya kubogi finalida «Real»ga qarshi kechgan o‘yinning qo‘shimcha bo‘limlarining birinchisida «Barselona»da atigi 1 ta zarba bo‘lgandi, xolos. Ya’ni «Barselona»ning ba’zi yetakchilari yelkasida haddan ziyod yuklama borligi va bu butun mavsum davom etib kelayotgani o‘z so‘zini aytmay qolmasdi. Tabiiyki, Pedrining ishini Gavi, Olmoning ishini Fermin ayni o‘sha darajada qila olishmaydi, natijada o‘yin sifati tushayotganini guvohi bo‘lyapmiz.
Ha, yetakchi futbolchilar har bir jamoada bor, «Inter» ham aslida shunday, ammo yuqorida aytganimizdek, o‘yinning borishi, tablodagi hisobning qoniqarsiz bo‘lishi mavjud muammoni yanada namoyon qiladi. «Inter»ning jismoniy holat bo‘yicha muammolari yanada ko‘proq, agar «Barselona» ikki to‘p farqi bilan oldinda borganda, o‘yin o‘sha zahoti tugashi ham mumkin edi.
O‘yin masalasini ham shu omil hal qildi deyish mumkin – «Inter» o‘zining faol daqiqalaridan unumliroq foydalandi va aynan «Inter»ning mehnati evaziga har ikki uchrashuvda ham hosil bo‘lgan ssenariy yordamida o‘ziga komfort zona yaratib oldi.
TAJRIBA
Aslida Flikning bir mavsumdagi murabbiylik ishini a’loga baholash mumkin. Muvaffaqiyatsiz kechgan mavsumdan so‘ng, aytarli transferlarsiz bu qadar o‘sish, Qirollik kubogi va Ispaniya chempionligida peshqadamlik – yaxshi natija. Flik mavjud resurslardan unumli foydalandi, ba’zi futbolchilar o‘sdi, yoshlar orasida nomlar paydo bo‘ldi. Bu ishlarning hammasi yana Yevropada eng yaxshi futbol namoyish qilgan holda, Chempionlar Ligasi finaliga besh daqiqa masofaga yetib kelgan holda amalga oshirish zo‘r ish. Qaysidir ma’noda Gvardiolaning 2009 yildagi debyut mavsumiga ham qiyoslasa bo‘ladi. Bir farq bor.
O‘n besh yil oldin Gvardiola tarkibida mavjud bo‘lgan bir xususiyat hozirgi «Barselona»ga yetishmadi – tajriba. 2009 yildagi tarkibda Messi, Iniyesta, Pike, Buskets kabi yoshlar bilan bir qatorda Anri, Puyol, Xavi, Eto'O kabi Yevropa chempionati hamda Chempionlar Ligasi finallarida o‘ynagan, maydonda yetarlicha tajribaga ega bo‘lgan futbolchilar ham bor edi. Flik ixtiyoridagi tarkibda faqat Robert Levandovski va Frenki de Yongni o‘sha talabga javob beradi, deyish mumkin. Buning ustiga polshalik hujumchi eng kerakli paytda yaxshi sport formasida emasdi.
Futbol o‘ynash, gol urish kerak bo‘lganda «Barselona»da muammo yo‘q, butun mavsum kambeklarga to‘la, go‘yoki bu yigitlar amalga oshira olmaydigan yumush yo‘qdek. Ammo safar o‘yinida g‘alabali hisobni besh daqiqa saqlab turish ancha oson vazifa bo‘lsa-da, ma’lum qobiliyat, tajriba talab qiladi. Vaziyatga pragmatik yondashuv, o‘yin hovurini pasaytirish xususiyati maydondagi futbolchilarda yetishmadi.
Acherbi gol urgan pallada «Inter»ning 4 futbolchisiga qarshi «Barselona»ning 4 futbolchisi qolganini ko‘rish mumkin. Chempionlar Ligasi darajasidagi turnirning yarimfinali uchun kechirilmas holat.
INDIVIDUAL QAHRAMONLIK VA XATOLAR
Bularning hammasi sodir bo‘lgan taqdirda ham «Barselona» finalga chiqishi va bu har kim tomonidan adolatli yakun sifatida qabul qilinishi mumkin edi, albatta. Agar har qanday buyuk uchrashuvlarda bo‘lgani singari qahramon va antiqahramonlar bo‘lmasa.
Lamin Yamal o‘yin uchun salkam 9 ballga loyiq ko‘rildi – birorta gol va assist amalga oshirmagan va mag‘lub bo‘lgan futbolchining bu qadar katta baho olishi deyarli kuzatilmaydi. 17 yoshli vunderkindda 14 ta muvaffaqiyatli dribling, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan 5 ta zarba bor. Raqib maydonida 100 dan ortiq marta to‘pga tegindi – o‘ynagan barcha futbolchilar ichida eng yaxshi ko‘rsatkich. Bu bir tomondan, Yamalning zo‘r o‘yin ko‘rsatganini isbotlasa, ikkinchi tomondan, Olmo, Torres kabi futbolchilardan yetarlicha quvvatlov bo‘lmagani, Pedri, de Yong, Rafinya ham eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata olmagani bilan izohlanadi.
Albatta, yakunda Yamalning o‘yin qahramoni bo‘lmaganida Yan Zommerning xizmati katta. Uchta gol qo‘yib yuborganiga qaramasdan u o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi, 7 zarbani qaytarib, jamoasini 4 marta muqarrar goldan qutqarib qoldi.
Denzel Dumfris esa umuman ikki uchrashuv bo‘yicha asosiy figura: niderlandiyalik himoyachi «Inter»ning 7 golidan beshtasida bevosita ishtirok etdi. Shundoq ham Dumfris hujumda faol va gol+pas bo‘yicha Yevropada eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan himoyachi sanaladi, ammo shundayam «Barselona»ga qarshi ikki o‘yinda 5 ochko to‘plash (2 gol va 3 assist) juda ko‘p. Indzagi Martines, Tyuram kabi hujumchilarning ko‘ngildagidek sport formasida emasligidan kelib chiqib, urg‘uni Dumfris qanotiga qaratda va adashmadi. Eng qizig‘i, Denzel mana shu ikki o‘yin davomida hammasi bo‘lib 15 marta aniq uzatma amalga oshirgan, xolos. 15 aniq uzatma, 3 assist, 2 gol.
Shu o‘rinda «Barselona» tarkibida o‘z darajasida o‘ynay olmagan futbolchilardan tashqari, yaqqol yomon o‘yin ko‘rsatgan nomlarni ham aytib o‘tish kerak. Pau Kubarsi jarima maydoni ichida penaltiga sabab bo‘lgan qo‘pollikni amalga oshirgan bo‘lsa, o‘yin oxirida yangi kuchlarni to‘xtatish uchun tushirilgan Ronald Arauxo ikkala golda ham dog‘da qoldirildi.

Urugvaylik himoyachi avvaliga yaxshiroq pozitsiyada turganiga qaramasdan to‘p uchun kurashda Acherbini o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, hal qiluvchi gol urilishidan oldin Tyuramning bemalol jarima maydoni yaqinida harakatlanib, to‘pni Torimiyga yetkazib berishiga yo‘l qo‘ydi.

«BARSЕLONA» YANA QAYTADI
Chempionlar Ligasi shunday musobaqa. Siz tarixdagi eng kuchli jamoani soatdek ishlaydigan holatga keltiring, baribir shunday palla bo‘ladiki, taqdiringizni yozayotgan qalam muallaq holda tasodiflarga bo‘ysunishni boshlaydi, juda mayda detallar ham hal qiluvchi maqomga chiqib, tuzatib bo‘lmas oqibatlar yaratadi. «Barselona»ga yana yuz marta imkoniyat berilsa, «Inter»ga qarshi har safar o‘sha besh daqiqalikni munosib o‘tkazishi mumkin, ammo kecha yuz birinchi ehtimol sodir bo‘ldi.
Milliy chempionatlar, liga formatidagi kurashlar jamoalar kuchiga, imkoniyatlariga baho beruvchi asosiy o‘lchov, bunga shubha yo‘q, ammo futbolda ochko, turnir jadvali kabi tushunchalar yoniga final, pley-off kabi formatlarni o‘ylab topgan insonlarni har qancha «sumalakka to‘ydirsak» arziydi. Aynan mana shunday o‘yinlar muxlislarga unutilmas hissiyotlarni taqdim etadi.

Flik boshqaruvidagi «Barselona» uchun bu dastlabki urinish. Umid qilamizki, kelasi mavsumda jamoa yanada kuchliroq, tajribaliroq bo‘lib qaytadi. «Inter» esa katta ehtimol bilan, kelasi mavsumni bu tarkib, bu ijrochilar bilan o‘tkazmaydi. Shu tomondan ham «Inter» finalga chiqqani, ikki yil oldin boshlanmay tugab qolgan finalda chala qolgan so‘zlarini aytib olish uchun imkoniyatga ega bo‘lgani adolatdandir?
Q. Aslanov
Chempionlar LigasiBarselona JamoasiInter JamoasiHansi FlikFutbol TaktikasiTajriba O‘yinchilari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar