
31 dekabr kuni soat 05:14 da (Toshkent vaqti bilan) e'lon qilingan xabarga ko'ra, APLning 19-turida Londonning «Arsenal» jamoasi «Aston Villa»ni yirik hisobda mag'lub etdi. «Emirates» stadionidagi uchrashuv 4:1 natija bilan yakunlandi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Birinchi bo'limda har ikki jamoa xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq tanaffusgacha hisob ochilmadi. Ikkinchi bo'limda esa mezbonlar o'yin sur'atini keskin oshirdi va tashabbusni qo'lga oldi.
Hisob burchak zarbasidan keyin ochildi: Saka oshirgan to'pni Gabriyel darvozaga yo'lladi. Epizod VAR orqali tekshirildi va gol o'z kuchida qoldirildi. Oradan ko'p o'tmay «kanonirlar» raqibni yuqorida bosim bilan xatoga majbur qildi — Edegor jarima maydoniga uzatgan pasni Subimendi aniq zarba bilan yakunlab, farqni ikkitaga oshirdi.
Keyin «Arsenal» uzoq masofadan yo'llangan zarbalar bilan ustunligini mustahkamladi. Timberga qaytarilgan to'pdan so'ng Trossar pastki burchakka aniq tepdi. Yakuniy nuqtani zaxiradan maydonga tushgan Gabriyel Jezues qo'ydi: u 18 metrlar atrofidan o'ng «to'qqizlik»ka chiroyli gol urdi. Golidan so'ng futbolkasini yechgani uchun hujumchi sariq kartochka oldi.
«Aston Villa» asosan standart vaziyatlar va Rodjersning hujumdagi harakatlari orqali javob qaytarishga urinib ko'rdi, ammo darvozabon Rayya hamda himoya chizig'i ishonchli o'ynadi. Hakam Samuel Inglend asosiy vaqtga sakkiz daqiqa qo'shib berdi. 90+4-daqiqada Ollli Uotkins jarima maydonidagi bo'sh hududdan unumli foydalanib, mehmonlarning «obro' goli»ni kiritdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.