
«An-Nasr» hamda Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu navbatdagi bor dunyo futbol jamoatchiligining diqqat markazida bo‘ldi. Saudiya Arabistonida o‘tgan Globe Soccer Awards marosimida qatnashgan portugaliyalik yulduz faoliyatidagi eng katta maqsadlaridan biri haqida ochiq gapirdi. Uning aytishicha, karerasi davomida 1000 ta gol urish — asosiy orzularidan biri.
Ronaldu ushbu marosimni alohida iliq so‘zlar bilan tilga oldi. Uning ta’kidlashicha, Globe Soccer Awards unga eng yaqin va sevimli tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu yerda u nafaqat futbol olamining mashhur va nufuzli namoyondalarini, balki o‘zi uchun eng aziz insonlarni ham ko‘radi.
Ayniqsa, uni doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan turmush o‘rtog‘i — Jorjina Rodriges, farzandlari, ota-onasi hamda jamoadoshlarining yonida bo‘lishi Ronaldu uchun katta baxt ekanini alohida qayd etdi. Futbolchiga ko‘ra, aynan shu qo‘llab-quvvatlash uni yanada oldinga undaydi.
Portugaliyalik hujumchi ochiqchasiga tan oldiki, yillar o‘tib borgan sari yuqori darajada o‘ynash oson emas. Biroq ishtiyoq va futbolga bo‘lgan muhabbat barcha qiyinchiliklardan ustun turadi. Ronaldu hali ham o‘zida kuchli motivatsiya borligini, shu sababli maydonni tark etish haqida o‘ylamayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u hali ham gol urishdan, g‘alabalarga hissa qo‘shishdan va sovrinlar yutishdan zavq oladi. Shu ruh va ishonch bilan u faoliyatini davom ettirmoqchi.
"Men hanuz juda motivatsiyaga boyman, shuning uchun hamon futbol o‘ynayapman. Doim o‘ynagim, gol urgim, sovrinlar yutgim keladi. Shu yo‘lda davom etishni istayman", - dedi Ronaldu.
Eng asosiysi esa — hammaga ma’lum bo‘lgan o‘sha ramziy raqamga yetish. Ronaldu 1000 ta gol marrasiga albatta yetishiga ishonadi. Faqat jarohatlar xalal bermasa, u bu maqsadga qadamma-qadam yaqinlashishini ta’kidladi. So‘z oxirida esa u barcha muxlislarni Yangi yil bilan samimiy tabrikladi.
Ayni paytda Krishtianu Ronaldu hisobida kecha qayd etilgan dubldan so‘ng jami 956 ta gol mavjud. Shuningdek, u ketma-ket uchinchi bor Yaqin Sharqda yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi. Demak, tarixiy 1000 gollik chegara endi afsona emas — u juda yaqin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.