
Angliya Premer-ligasida chempionlik uchun kurashayotgan "Manchester Siti" tarkibini yanada kuchaytirishga jiddiy kirishdi. “Shaharliklar” chempionatda eng samarali hujumchilardan biri sanalgan Antuan Semenoni qo‘lga kiritishga juda yaqin turibdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Bornmut" safida to‘p surayotgan qanot hujumchisi “Manchester Siti” rahbariyati bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Tomonlar o‘rtasidagi bitim besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, futbolchi haftasiga taxminan 150 ming funt sterling maosh oladi. Bu yillik hisobda 7,2 million funtni tashkil etadi, bundan tashqari bonuslar ham shartnomaga kiritilgan.
Bu haqda The Guardian nashri xabar tarqatdi. Manbaga ko‘ra, “Manchester Siti” Semeno uchun “Bornmut”ga taxminan 65 million funt sterling atrofida kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi. Ushbu summaga sadoqat bonuslari va agentlik haqlari ham qo‘shilgan. Klub bu mablag‘ni uch yil davomida bosqichma-bosqich to‘lashni rejalashtirmoqda.
Joriy mavsumda Semeno barcha musobaqalarda 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol va 3 ta golli uzatma bilan jamoasiga katta foyda keltirdi. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2030-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning hozirgi bozor qiymati 65 million yevroga teng.
Agar bitim yakunlansa, “Manchester Siti” hujum chizig‘ida yana bir xavfli va tezkor ijrochiga ega bo‘ladi — raqiblar uchun esa bu yaxshi xabar emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.