FIFA JCHda ofsaydni aniqlash tizimini kuchaytirmoqchi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) yaqinlashib kelayotgan jahon chempionati oldidan hakamlik ishini yanada aniqroq qilish bo'yicha rejalari bilan o'rtoqlashdi. Asosiy e'tibor ofsayd holatini belgilash jarayonini takomillashtirishga qaratiladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
FIFA ma'lumotiga ko'ra, har bir futbolchi sun'iy intellekt asosidagi yangilangan 3D skanerlash orqali giperrrealistik raqamli avatarga aylantiriladi. O'yinchilar turnirdan oldingi fotosessiya vaqtida yuqori texnologiyali skaner-kameradan o'tadi va bu jarayon juda tez bo'lib, har bir futbolchi uchun atigi bir soniya vaqt oladi.
Olingan skan natijalari yarim avtomatik ofsayd nazorati tizimiga futbolchilarning har bir harakatini avval kuzatilmagan darajadagi aniqlikda qayd etish imkonini beradi. Natijada bahsli epizodlarda qaror chiqarish sifatini oshirish ko'zda tutilgan.
Qayd etilishicha, FIFA ushbu skanerlash texnologiyasini avvalroq klublar o'rtasidagi qit'alararo kubok bahslarida ishtirok etgan «Flamengo» va «Piramids» jamoalari misolida sinovdan o'tkazib ko'rgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!