Radimov Italiya terma jamoasi darajasini past baholadi

Sankt-Peterburgning «Zenit» klubida to'p surgan sobiq yarim himoyachi, hozirda futbol mutaxassisi sifatida faoliyat yuritayotgan Vladislav Radimov Italiya futboli holati haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Radimovning aytishicha, Italiya futboli inqiroz davrini boshdan kechirmoqda: terma jamoa jahon chempionatiga chiqmay qolish xavfi ostida. Uning ta'kidlashicha, klublar legionerlar hisobiga ma'lum darajada natija qilayotgan bo'lsa-da, terma jamoaning umumiy saviyasi past. Mutaxassis bu fikrlarni «Match TV» efirida bildirib o'tdi.
Eslatib o'tamiz, Italiya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma ola olmadi. Jyennaro Gattuzo boshchiligidagi jamoa endi pley-off uchrashuvlari orqali yo'llanma uchun kurash olib boradi.
Mundial 2026 yil yozida Shimoliy Amerikada o'tkaziladi. Nufuzli turnirga AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!