MacBook Ultra 2027-yilda OLED ekran va 5G modul bilan chiqadi

"Apple" kompaniyasi MacBook Ultra deb nomlanuvchi yangi noutbuk modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Butlovchi qismlar yetkazib beruvchi manbalarning xabar berishicha, xotira bozoridagi cheklovlar tufayli qurilmaning relizi 2026 yil oxiridan 2027 yil boshiga ko'chirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu gadjet hozirgi MacBook Pro versiyalaridan sezilarli texnik o'zgarishlari bilan ajralib turadi.
Kutilishicha, MacBook Ultra kompaniyaning OLED displey bilan jihozlangan ilk noutbuki bo'ladi. Hozirgi mini-LED panellar o'rniga qora rangni yanada tiniqroq ko'rsatuvchi yangi matritsa qo'llaniladi.
Shuningdek, ekranga sensorli qatlam qo'shilishi aytilmoqda, bu esa tizim va ilovalarni barmoq teginishlari orqali boshqarish imkonini beradi.
Displeyning yuqori qismidagi dizayn ham o'zgaradi: kamera uchun an'anaviy "o'yiq" o'rniga ekranda kichik teshik ochiladi. Interfeysda esa smartfonlardagi kabi tizim bildirishnomalari va holatlarini ko'rsatuvchi maxsus soha paydo bo'ladi.
Qurilma TSMC kompaniyasining 2 nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqariladigan M6 Pro va M6 Max protsessorlari bilan ta'minlanadi.
OLED panelidan foydalanish va ichki qismlarni qayta joylashtirish hisobiga korpus qalinligi kamayishi kutilmoqda. Qo'shimcha ravishda, noutbukka "Apple" kompaniyasining shaxsiy C1X yoki C2 modemlari yordamida 5G va LTE aloqa modullari integratsiya qilinishi ko'rib chiqilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!