Kioxia ommabop shaxsiy kompyuterlar uchun BG8 SSD seriyasini taqdim etdi

Yaponiyaning Kioxia kompaniyasi hamyonbop ma'lumot tashuvchi qurilmalar segmentini kengaytirishda davom etmoqda. Ishlab chiqaruvchi ommaviy foydalanuvchilar uchun mo'ljallangan, PCIe 5.0 interfeysini qo'llab-quvvatlovchi yangi BG8 seriyali SSD drayverlarini namoyish etdi. Bu haqda 3dnews.ru xabar beradi.
Ushbu qurilmalar keng turdagi iste'mol tizimlari, jumladan, yupqa va yengil noutbuklar uchun yuqori tezlikni ta'minlashga xizmat qiladi.
Kioxia BG8 drayverlari 3D TLC NAND katakchalariga ega sakkizinchi avlod BiCS Flash chiplari asosida qurilgan. Yangi modellar PCIe 5.0 shinasining maksimal o'tkazuvchanlik quvvatiga to'liq yetib bormasa-da, PCIe 4.0 modellariga qaraganda ancha tez ishlaydi.
Xususan, ketma-ket o'qish tezligi soniyasiga 10 300 MB, yozish tezligi esa 10 000 MB gacha yetadi.
Ishlab chiqaruvchi mahsulot narxini pasaytirish maqsadida ushbu SSD modellarida DRAM kesh-xotirasidan voz kechgan. Kioxia BG8 drayverlari M.2 2280, 2242 va 2230 shakllarida, 512 GB dan 2 TB gacha bo'lgan sig'imlarda taklif etiladi.
Yangi modellar joriy chorak yakuniga qadar sotuvga chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!