Neymar 2026-yilgi jahon chempionati rasmiy stikerlar albomidan chiqarib tashlandi

Braziliyalik yulduz Neymar jarohati va uzoq vaqt maydonga tushmagani sababli 2026-yilgi jahon chempionati uchun tayyorlangan "Panini" stikerlar albomidan ilk bor chiqarib tashlandi. Mutaxassislar bu qarorni futbolchining 2023-yil oktyabridan buyon terma jamoada o‘ynamagani va jismoniy holati xalqaro darajadagi talablarga javob bermasligi bilan izohlashgan. Hozirda hujumchining turnirda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda, albomning Braziliya bo‘limidan esa Vinisius va Rodrigo kabi 18 nafar boshqa futbolchi joy olgan.
Braziliyalik yulduz Neymar 2026-yilgi jahon chempionati uchun tayyorlangan «Panini» stikerlar albomiga kiritilmadi. 34 yoshli hujumchi so'nggi to'rtta turnir davomida ilk bor dunyoning eng kuchli futbolchilari ro'yxatidan joy olmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
«Panini» kompaniyasining Braziliyadagi rahbari Raul Valyesillo ushbu qarorni maxsus statistik yondashuv bilan izohladi. Italiyadagi mutaxassislar futbolchilarning so'nggi o'yinlardagi ishtiroki va jarohatlarini hisobga olgan holda ularning yakuniy tarkibga kirish ehtimolini hisoblab chiqishgan.

Neymarning albomdan tushib qolishiga uning 2023 yil oktyabr oyidan beri terma jamoada o'ynamayotgani sabab bo'ldi. Urugvayga qarshi bahsda olgan og'ir jarohatidan so'ng, futbolchi o'zining avvalgi sport formasini tiklay olmadi.
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yakuniy tarkibni 18 may kuni e'lon qiladi. Murabbiy futbolchilarning jismoniy holatiga juda qattiq talab qo'ygan bo'lib, bu Neymarning turnirga borishini so'roq ostida qoldirmoqda.

1994-yilgi jahon chempioni Ray ham Neymarning hozirgi holatidan xavotirda ekanini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, hujumchi o'zining tezligini yo'qotgan va xalqaro darajadagi o'yinlar uchun talab qilinadigan jismoniy tayyorgarlikka ega emas.
Albomning Braziliya bo'limida Alisson, Markinyos, Vinisius, Rodrigo va yosh iqtidor Estevao kabi 18 nafar futbolchiga joy ajratilgan. To'plam 30-apreldan sotuvga chiqishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…