GPU ijarasi narxi olti oyda 25 foizdan ko'proqqa oshdi

"Microsoft", "Amazon" va "CoreWeave" kabi yirik bulutli provayderlar grafik protsessorlar (GPU) quvvatlarini asosan "Anthropic", "OpenAI" va o'zlarining ichki loyihalari uchun band qilib qo'ydi. Bu holat kichik va o'rta sun'iy intellekt startaplarining bir necha oylik navbatlarda qolishiga sabab bo'ldi. Bu haqda 3dnews.ru xabar beradi.
Hisoblash resurslari tanqisligi tufayli ijara stavkalari so'nggi olti oy ichida 25 foizdan ko'proqqa oshdi. "Azure" ma'lumotlariga ko'ra, chiplar defitsiti kamida 2026 yil oxirigacha davom etishi kutilmoqda.
Hozirda ko'plab startaplar o'z rivojlanishidagi asosiy to'siq sifatida aynan GPU yetishmovchiligini ko'rsatmoqda.
"Microsoft" tizimida GPU taqsimlashning uch bosqichli iyerarxiyasi joriy etilgan bo'lib, unda yirik mijozlar ustuvorlikka ega. Yangi "Blackwell" chiplarini ijara qilish uchun mijoz kamida 1000 dona qurilmaga buyurtma berishi va o'nlab million dollarlik uzoq muddatli shartnoma imzolashi shart.
Bozordagi vaziyat og'irlashgani sababli ayrim startaplar o'z infratuzilmasini qurishga o'tmoqda. Masalan, "Collide" kompaniyasi tashqi provayderlarga bog'lanib qolmaslik uchun o'zining xususiy hisoblash klasterini yaratishga 500 000 dollar sarmoya kiritishini e'lon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!