Xaydenxaym va Shtutgart bahsida olti gol urildi

Germaniya chempionati jadvalining quyi qismida qolib ketgan “Xaydenxaym” 23-turda “Shtutgart”ga qarshi uyida keskin va gollarga boy o‘yin namoyish etdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuv 5-daqiqadayoq mehmonlar foydasiga boshlandi: Kris Fyurix himoyachidan to‘pni olib qo‘yib, aniq zarba bilan hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay Kristian Kontening zarbasi bloklandi, biroq Eren Dinkchi imkoniyatdan unumli foydalanib, muvozanatni tikladi. Keyin Ermədin Demirovich “Shtutgart”ni oldinga olib chiqqandek bo‘ldi, ammo VAR aralashuvidan so‘ng epizoddan oldin Dinkchiga nisbatan jarima maydonida qoida buzilgani qayd etilib, gol bekor qilindi. Natijada Arijon Ibrohimovich penaltidan sovuqqonlik bilan gol urib, “Xaydenxaym”ni 2:1 hisobida oldinga chiqardi. Birinchi bo‘lim oxirida esa boshqa darvozada ham penalti belgilandi: Maksimilian Mittelshtedt 11 metrlikdan aniq tepib, tanaffusga 2:2 hisobini ta’minladi.
Ikkinchi bo‘limda ham bahs qizg‘in davom etdi. 73-daqiqada Demirovich yana gol urdi, ammo bu safar ofsayd sababli hisob o‘zgarmadi. 82-daqiqada Sirlord Konte “Xaydenxaym”ni yana oldinga olib chiqdi, biroq ko‘p o‘tmay Denis Undav Nikolas Nartey uzatmasidan so‘ng javob golini urib, yakuniy hisobni 3:3 ko‘rinishiga keltirdi.
Durangdan so‘ng “Shtutgart” turnir jadvalida 4-o‘rinda qoldi. “Xaydenxaym” esa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyatli seriyasini to‘xtatdi, ammo baribir jadval pastida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!