Dimarko Chempionlar ligasidan keyingi asosiy maqsadlarini aytdi

“Inter”ning chap qanot himoyachisi Federiko Dimarko jamoa Chempionlar ligasini tark etganidan keyin o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar haqida gapirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
“Neradzurrilar” Yevropaning eng nufuzli turnirida pley-offning saralash bosqichida Norvegiyaning “Bude-Glimt” klubiga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 2:5 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.
28 yoshli futbolchi Sky Sport’ga bergan intervyusida mavsum har doim ham bir xil kechmasligini ta’kidladi: “Men doimgidek tinimsiz ishlayapman. Ba’zan mavsum zo‘r o‘tadi, ba’zan esa hammasi ham o‘xshamaydi. Orzularim? Men skudetto yutishni va Italiya terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqishni istayman. Bu shunchaki orzu emas, albatta erishilishi kerak bo‘lgan maqsadlar”, dedi Dimarko.
Ayni paytda “Inter” A Seriya jadvalida ishonchli yetakchilik qilmoqda: 26 turdan keyin jamoa ikkinchi o‘rindagi “Milan”dan 10 ochko oldinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!