Noboa Rubin Barselonani yengganida katta bonus olganini aytdi

2009 yil oktyabrida Qozonning «Rubin» klubi Chempionlar ligasida shov-shuvli natija qayd etib, «Kamp Nou»da «Barselona»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgandi. O‘sha uchrashuvdan keyingi mukofot puli haqida jamoaning sobiq futbolchisi Kristian Noboa eslab o‘tdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Noboa so‘zlariga ko‘ra, bu uning faoliyatidagi eng yirik premiyasi bo‘lgan: har bir futbolchiga 80 ming dollardan berilgan. Bu haqda u «Sport-Ekspress»ga aytib o‘tgan.
Yarim himoyachi o‘sha mablag‘ga hech narsa xarid qilmaganini, aksincha, keyinroq uchun jamg‘arib qo‘yganini ta’kidladi. Uning aytishicha, o‘shanda ham ancha mulohazali yigit bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2009/2010 yilgi Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Rubin» o‘z kvartetida uchinchi o‘rinni egallagan. Guruhda «Barselona» va «Inter» yuqoriroqda yakunlagan bo‘lsa, Kiyevning «Dinamo»si eng past pog‘onada qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!