Eron terma jamoasi JCh-2026dan voz kechishi mumkin

JCh-2026ga muvaffaqiyatli yo'llanma olgan Eron terma jamoasi AQSh va Isroil ishtirokidagi keskinlashgan mojaro fonida musobaqada qatnashmaslik ehtimolini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj ma'lum qildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Teleefirda chiqish qilgan Toj bugungi voqealar, xususan AQSh hujumi sababli jahon chempionatiga umid bilan qarash qiyinligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, yakuniy qarorni sport rahbarlari qabul qilishi kerak.
Ma'lumot uchun, Eron guruh bosqichidagi uchta uchrashuvini AQSh hududida o'tkazishi kerak: Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi. Bundan tashqari, pley-offning 1/16 finalida eronliklar AQShga ro'para kelib qolishi ham mumkin, bu esa FIFA uchun qo'shimcha muammolar keltirib chiqarishi ehtimoli bor.
Shuningdek, Eron chempionati alohida ko'rsatmagacha to'xtatilgani aytilmoqda. Ko'plab legionerlar allaqachon mamlakatni tark etgan yoki chiqib ketishga urinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!