Galatasaray va Fenerbahche futbolchilarini stavka mojarosi kutmoqda

Turkiyada «Galatasaray» va «Fenerbahche» safida to'p surayotgan ikki futbolchi tikishlar bilan bog'liq ish bo'yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi va qamoq jazosi olishi mumkin. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Gap «Galatasaray» vakili Metehan Baltadji hamda «Fenerbahche» sardori Mert Hakan Yandash haqida ketmoqda. Mahalliy manbalarga ko'ra, Baltadjiga 13 yilgacha, Yandashga esa 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish xavfi bor.
Sabah nashri xabariga ko'ra, Baltadji kamida ikki marotaba «Galatasaray» o'yinlariga tikish qilgan. U o'sha bahslarda asosiy tarkibda maydonga tushmagan bo'lsa-da, jamoa qaydnomasida bo'lgan va bu holat futbolchining o'yin natijasiga bilvosita ta'sir ko'rsatish ehtimolini oshiradi.
Amaldagi Turkiya qonunchiligiga ko'ra, u tikish amalga oshirayotganda professional sportchi ekanini bukmekerlarga ma'lum qilishi shart edi, biroq futbolchi bu talabni bajarmagani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!