So‘nggi ikki kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2018 3-saralash bosqich 8-turidagi mag‘lubiyati muxlisu mutaxassislar tomonidan keragidan ortiq muhokama qilindi.
Murabbiylar va futbolchilar sha’niga aytilmagan deyarli «shirin so‘z» qolmadi. «Ozodi»dagi mag‘lubiyat terma jamoamizning mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi.
Endi o‘zimiz qolgan ikki o‘yinda g‘alaba qozonishdan tashqari asosiy raqibning mag‘lubiyatini ham kutishga majbur bo‘lyapmiz. Buni qarangki, Janubiy Koreya termasi Qatarda ochkosiz qolib, ishimizni biroz yengillashtirdi.
Nachora, bundan to‘rt yil avvalgi vaziyat yana takrorlanyapti. Yana hammasi o‘zimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ammo Tehrondagi kabi o‘yin ko‘rsatilsa, vaziyat yanada chigallashishi aniq. To‘rt yil avval bizni JCh-2014dan bor-yo‘g‘i ikkita to‘p mahrum qilgandi.
Bu safar endi ochkolar ham etmay qoladi, chog‘i. Biz sobiq futbolchi Azamat Abduraimov bilan suhbatlashish asnosida Eronda bo‘lib o‘tgan o‘yinni tahlil qilishga urinib ko‘rdik.
- Azamat aka, shaxsan sizda Tehrondagi o‘yindan oldin ijobiy natijaga umid bormidi?
- Albatta, men ham barcha muxlislar singari g‘alabaga umid qilgandim. Ishongan edim, demoqchi emasman. Ishonch va umid o‘rtasida farq bor. Bungacha Eronni Mirjalol Qosimov murabbiyligida «Ozodi» stadionida mag‘lub etishni uddalagan edik. Ochig‘ini aytsam, men murabbiylarga emas, ko‘proq futbolchilarga ishongandim. Ayniqsa, terma jamoamiz etakchilari Odil Ahmedov, Aziz Haydarov va Server Jeparovni saralashning eng muhim o‘yinida jamoadoshlarini o‘z ortlaridan ergashtira oladi, deb o‘ylagandim. Sababi, JCh-2018 final bosqichiga chiqish uchun bizni faqat va faqat g‘alaba qoniqtirardi. Shuning uchun, bu o‘yinga «maydonda jon ber, lekin g‘alaba qozon», degan shior bergan bo‘lardim. Qolaversa, terma jamoaning aksariyat futbolchilari o‘yindan oldin bergan intervyularida Eronni mag‘lub etishlarini, murabbiyimiz esa mezbonlarga «syurpriz» tayyorlab qo‘yilganini aytgandi. Mana shu omillar terma jamoamizning saralashdagi eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatishi va g‘alaba qozonishi uchun umid uyg‘otgandi. Afsuski, amalda bunday bo‘lmadi. Raqibga atalgan «syurpriz»ni ham ko‘rmadik. Eng yomoni, g‘alabaga bo‘lgan harakat ham ko‘zga tashlanmadi.
Futbolda mo‘’jizalar uchraydi. Buni hech kim inkor eta olmaydi. O‘z misolimizda aytsak, 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari fikrimga yaqqol isbot bo‘ladi. O‘sha musobaqaning yarim finalida Janubiy Koreya termasini mo‘’jiza evaziga mag‘lub etgandik. Tan olamiz, koreyaliklar bizdan yaqqol ustun va kuchli edilar. Darvozabonimiz Yuriy Sheykin bo‘lmaganida biz aniq yutqazardik. Qolaversa, himoyachilarimiz ham o‘yinga jonlarini tikkandilar. Agar omad bizga kulib boqmaganida, o‘sha uchrashuvda darvozamizdan aniq 5-6 ta to‘p o‘tkazib yuborardik. Omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Lekin omad g‘alabaga ishtiyoqi juda kuchli jamoalarga kulib boqadi. Yana bir bor aytaman, bizning yigitlarda ishtiyoq yo‘q edi. O‘tgan yilgi Evropa chempionatini esga olamiz. Uels va Islandiya termalari har bir uchrashuvda so‘nggi soniyalargacha kurash olib borishdi. Bu ikki jamoa mahorat va tajriba bobida raqiblaridan yaqqol kuchsiz edilar. Ammo o‘sha ishtiyoq evaziga hech kim kutmagan g‘alabalarga erishdilar.
O‘z navbatida, murabbiylar shtabiga ham ko‘p narsa bog‘liq. E’tibor berdingizmi, men murabbiylar shtabi jumlasini ishlatdim. Hali o‘yinning taktik tomondan shakllantirilishi haqida gapirmayapman. Futbolchilarning oddiy ruhiy holati ham maromida emasdi. Biz shu kungacha Babayanning yaxshigina psixolog, kuchli motivator ekani haqida ko‘p eshitganmiz. Uning bu mahorati Fillippin yoki Yaman terma jamoasiga qarshi kechadigan bahsga tayyorlashga etadi, undan ko‘piga emas. Masalan, Suriya bilan bo‘lgan o‘yinda ham futbolchilar murabbiylari va eng muhimi, Vatan uchun jon fido qilishga tayyor ekanliklarini ko‘rmadim.
- Nima deb o‘ylaysiz, bosh murabbiy o‘yinga tarkib tanlashda adashdimi? Babayanning o‘rnida siz bo‘lganingizda, tanlovingiz qanday bo‘lardi?
- O‘yin o‘tib bo‘lganidan keyin tarkibning to‘g‘ri tanlangani yoki aksincha ekanligini muhokama qilish oson. Bunday vaziyatda men hamisha murabbiy tomon bo‘lganman. Jamoadagi hozirgi muhit, futbolchilarning holatini hech kim murabbiydan yaxshiroq bilmaydi. Avvalgi o‘yinlar va Babayanning taktikasidan kelib chiqqan holda, Eronga qarshi uchrashuvga tanlangan tarkibdan hayratga tushmadim. Bosh murabbiy natijaga javob beradi, demakki, tarkib tanlashga ham u mas’ul. Agar men bosh murabbiy bo‘lganimda, maydonga boshqa tarkibni tushirardim. Bu erda gap ma’lum bir futbolchi haqida ketmayapti. Gap shundaki, murabbiy tanlagan taktik sxemaga o‘sha futbolchi javob berishi kerak. Boshqa tomondan olib qarasak, futbolda shunday qonun-qoidalar borki, ularni buzib bo‘lmaydi. Ya’ni, o‘z klubida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan futbolchining maydonga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
- Shunday qilib, mag‘lubiyatda kim aybdor?
- G‘alaba futbolchiniki, mag‘lubiyat esa murabbiyniki bo‘lib kelgan. Natijaga hamisha bosh murabbiy javob bergan. Bu mening gapim emas, balki tarixiy haqiqat. Hozir mag‘lubiyatga bir nechta sabablarni keltirib o‘tish mumkin. O‘ylaymanki, hali bu o‘yin yaxshigina muhokama qilinadi. Keyingi uchrashuvgacha etarlicha vaqt bor. Xatolarimizni ko‘rib chiqish uchun etarli muddat. Hamma gap to‘g‘ri xulosa chiqarishda. O‘tgan yili Seulda Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yinning birinchi bo‘limida oldindan o‘ylangan taktikaga guvoh bo‘lgandik.
Futbolchilarimiz mezbonlarning maydonda erkin harakat qilishiga yo‘l berishmagan edi. Kuchli pressing evaziga koreyaliklarning to‘p bilan erkin muomala qilishini chegaralab qo‘yishgandi. Bosim ostida qolgan maydon egalari xato qilishga majbur bo‘lgandilar. Bikmaev esa bu «sovg‘a»dan unumli foydalanib, mezbonlarni jazolagandi. O‘sha uchrashuvning birinchi bo‘limida murabbiylar shtabining ishi ko‘ringan edi. Eron bilan o‘yinda xuddi shunday oldindan o‘ylangan kombinasion, taktik futbolni ko‘rmadik. Himoyachilarning qo‘pol xatosi sabab Azmun maydon markazidan qochib ketib, Lobanovni ojiz qoldirdi. Darvozabon ikkala vaziyatda ham bizni qutqarmadi.
- Hozir ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda Samvel Babayanni Aleksandr Lobanov, Igor Sergeev va Stanislav Andreevga katta ishonch bildirayotganlikda ayblashyapti. Ushbu futbolchilar murabbiyning ishonchini oqlamayotgani e’tirozlarni yana ham kuchaytiryapti. Bu borada fikringiz qanday?
- Albatta, Andreevning erta almashtirilishi murabbiylarning rejalarini buzib yubordi. Lekin chap qanot himoyachisining jarohat olishini katta yo‘qotish sifatida qabul qilish kerakmi? Nima, bizning o‘yinimiz chap qanot himoyachisi orqali qurilib, hujumlarimiz u tomonidan rivojlantiriladimi? Yo‘q, albatta! Eng kutilmagan holat Andreevning o‘rniga Hoshimovning maydonga tushirilishi bo‘ldi. Vaholanki, zaxira o‘rindig‘ida Sayfiev o‘tirgan edi. Boz ustiga, Babayan Denisovning o‘ynay olmasligini bir necha hafta oldin bilgandi.
Nega o‘rtoqlik o‘yinida chap qanot himoyachisi bo‘lgan Farrux Sayfiev sinab ko‘rilmadi? Nimaga nazorat bahsida ham, rasmiy o‘yinda ham faqat Lobanov maydonga tushishi kerak? Mabodo, Sasha jarohat olsa nima bo‘ladi? Terma jamoada o‘yin amaliyoti bo‘lmagan darvozabonga murojaat qilinadimi? Endi Babayan nazdida bugungi kundagi birinchi raqamli hujumchimiz haqida. Tan olish kerak, Igor Sergeev hozirda o‘zining bir paytlardagi yuqori sport formasidan ancha yiroqda. U jarohatidan endigina forig‘ bo‘lyapti. Nimaga shunday muammosi bor futbolchiga ikkinchi bo‘limda ham imkoniyat berildi? Eng muhimi nima, bilasizmi? Babayanga jamoani qiyin vaziyatdan olib chiqib ketish etishmaydi. Hisobda ortda borayotgan vaziyatda qanday yo‘l tutishni bilmaydi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar hisobda oldinda borayotganlariga qaramay, futbolchilarimizga hujum uyushtirish uchun imkoniyat berishdi. Ular hujumga o‘tib, tavakkal qilishmadi. Hisobni saqlab qolish uchun ehtiyotkorlik bilan o‘ynashdi. Biznikilar esa bunday imkoniyatdan foydalanib qola bilishmadi. Murabbiylarimiz o‘yin avvalida uchrashuvga qanday taktika tanlangan bo‘lsa, o‘sha uslub asosida o‘ynashda davom etishni afzal bilishdi. Bizning murabbiylarda taktikani o‘yinning borishiga qarab o‘zgartirish kerak, degan tushuncha yo‘q. Qanotlardagi futbolchilar almashtirildi. Abduxoliqov zaxiraga olingach, uning o‘rnida, ya’ni markaziy hujum pozisiyasida Sergeev harakat qila boshladi. Yana o‘sha eski - 4-2-3-1 sxemasiga o‘tildi. Butun o‘yin davomida darvoza tomon bittagina zarba yo‘llay oldik. Shu ham noaniq chiqdi.
Xullas, ijobiy natija haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Darvozaga aniq to‘p yo‘llay olmayapmizu, qanday qilib g‘alaba qozonamiz? Himoyadan hujumga o‘tish juda sekin amalga oshdi. Tabiiyki, maydon egalari ortga qaytib, barcha zonalarni yopishga ulgurishdi. Eronlik himoyachilarning bo‘ydor ekanligini bila turib, qanotlardan hujumlar tashkil qildik. Temurxo‘jada bitta imkoniyat bo‘ldi. O‘sha darvoza tomon berilgan yagona zarba muallifi ham Abduxoliqov edi. Sergeev esa umuman ko‘rinmadi. Xullas, murabbiylarga o‘yin va tarkib yuzasidan savollar bisyor. O‘ylaymanki, ular bu savollarga javob berishadi.
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi