17:02 / 24.07.2017
5 611

Diyor Imomxo‘jaevdan: Futbolda qolishni istaysizmi?

Diyor Imomxo‘jaevdan: Futbolda qolishni istaysizmi?
Kollej va liseyni tamomlayotgan, biroq futboldan ko‘ngil uzib ketolmayotgan yigitlarga oson emas. Vaziyat shundayki, katta futbol uni quchoq ochib kutib olayotgani yo‘q. Biroq o‘ziga bo‘lgan ishochi ham butkul so‘nib ulgurmagan.

Bunday paytda boshqa universitetga hujjat topshirish — butsani mixga ilishdek gap. Oliy ta’limni futboldan chetlashmasdan davom ettirishning yakka-yu yagona yo‘li — O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga hujjat topshirish. Faqatgina shunda bo‘sh vaqtlarni futbolga bahshida qilish uchun imkon bo‘ladi. Aniqrog‘i, o‘qishning o‘zi futbol uchun bo‘sh vaqt yaratib beradi.

Bunda yana bir muammo bor. Oliygohning futbol fakultetiga qabul qilinuvchilar soni cheklangan. Odatda o‘rinlar professional futbolchilarning o‘zidan ortmaydi. Institutning har to‘rt kursda tahsil olayotgan nomlarga bir qarasangiz, men ishonamanki, ularning 80 foizini taniysiz: Oliy liganing u yoki bu jamoasida nom qozongan futbolchilar.

Xo‘sh, oddiy futbolchilar nima qilsin? Ular tabiiyki ro‘yxatdan tushib qoladi. O‘smir yoki yoshlar terma jamoasiga torta olmagani uchun, institutning yaqiniga ham yo‘lolmaydi. Biroq bu endi futbolchi bo‘la olmaydi, degani ham emas. Yigit o‘zini o‘nglab olishi va futbol aslida nima ekanini to‘laqonli tushunib olishi uchun fursat bo‘lishi kerak. Aytaylik, Ro‘ziqul Berdiev katta futbolga 23 yoshida qadam qo‘ygan. Iqtidori qandaydir sabablar tufayli yo‘qqa chiqqan yigitlar, bir-ikki yillik tanaffus bilan o‘zini ko‘rsata olishi katta ehtimol. Biroq O‘zbekiston sharoitida buning uchun hech qanday mexanizm yo‘q. Bungacha oila sizdan qaysidir kasbning boshini ushlab, oila boqishni tinimsiz talab qiladi.

Yana bitta tomoni bor, institutdagi 4 yillik ta’lim bo‘lajak futbolchining hayotida deyarli rol o‘ynaymaydi. Ya’ni, biror bir narsa bunda kafolatlanmaydi.Talaba keyinchalik murabbiylik sohasidan ketishni istasa, olgan diplomi balki as qotishi mumkindir. Biroq 4 yil o‘qib, 40 soat ham darsga kelmaydigan futbolchilar shu qadar ko‘pki, ular institutda nima uchun o‘qiyotganini o‘zi ham ongli ravishda tushunib ulgurmagan. Kelib o‘qib yurganlarning ko‘pi ba’zida vaqti zoe ketkazatyogandek his qiladi o‘zini. Chunki uning hayotida futbol klub yo‘q, nari borsa maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lish uchun chopib yuribdi. Hech bo‘lmaganda qaysidir tilni mukammalroq bilishni istaganida, jismoniy tarbiya instituti umuman variant emas. Bu professional sportni davom ettirish va parallel holatda oliy ma’lumotli bo‘lish uchun o‘ylab topilgan proekt.

Yaqinda Janubiy Koreyaning Honam institutida tahsil olib qaytgan yigit bilan tanishib qoldim. Janubiy Koreyaning juda ko‘p sohalariga havas bilan qarayman, xususan, mamlakat futbolidagi ahvol qani endi O‘zbekistonga ham ko‘chsa deb o‘ylagan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Koreyadagi futbol fakulteti haqida eshitib, o‘sha xayollarim bejiz emasligiga ishondim. Bunda nafaqat futbolda davom etayotganlar, balki undan chetlashish arafasida turgan yigitlarga ham tayyor imkoniyat bor ekanini tushundim.

Siz futbolchi bo‘lishingizga ishonsangiz, kollejni bitirib Koreyadagi futbol fakultetiga hujjat topshirishingiz mumkin. Sizdan professional futbolchi bo‘lish talab qilinmaydi. Kontrakt pulini to‘lab, tahsilni boshlaysiz. 4 yil davomida o‘yin salohiyatingizga qarab ikki ligadan birida to‘p surish imkoniyatini yaratib berishadi. Ya’ni, nafaqat bilim olasiz, balki yana 4 yil futbolda davom etasiz. Universitet jamoalari o‘ynaydigan maydonlar maysasi o‘zimizning Oliy liganikidan yaxshiroq bo‘lsa yaxshiki, yomon emas. Odatda koreys klublari mana shu universitet ligalaridan o‘zlari uchun futbolchilar chaqirib oladi.

Siz nafaqat futbolchi bo‘lish istagida, balki murabbiy, hakam, futbol tahlilchisi, futbol shifokori bo‘lish istagida ham hujjut topshirishingiz mumkin. Yuqorida aytilgan ikki liga mana shu soha talabalari uchun ham katta maydon vazifasini o‘tab beradi. Iqtidorli futbolchilar ajratib olingan bo‘lib, ularga bepul ta’lim olish imkoniyatini ham taqdim etiladi.

Mana buni mexanizm desa bo‘ladi. Yuqorida aytilgan sohalarga ilinmagan taqdiringizda ham, siz ingliz va koreys tillarida bemalol gaplasha oladigan mutaxassis bo‘lib chiqasiz. Koreya bilan faoliyatingizni davom ettirish imkonini o‘zingiz uchun yaratishingiz ham mumkin. Ya’ni, sarson bo‘lib, professional futbolchilar soyasida qolish, keyinroq 4 yil umrimni nimaga sarf etdim degan og‘riqli savolni o‘zingizga berish azobidan qutulasiz.

Mana endi tasavvur qiling, 15-16 yoshda futboldan umid uzish qayda-yu, 21 yoshda boshqacha qarashlar bilan O‘zbekiston futboliga moslashib ko‘rishga urinish qayda. Yaxshiroq harakat qilinsa, Koreya quyi ligalari ham yaxshi variant. Termada nom qozongan Bahodir Nasimov kabi futbolchilar ham bekorga “Bunyodkor”ni Koreya quyi ligalariga almashtirib ketayotgani yo‘q-ku.

Jismoniy tarbiya institutiga kirish, kontrakt to‘lash, Toshkentda yashash uchun ketadigan harajatlar bilan Koreya uchun tikiladigan pul o‘rtasida tushunishimcha katta farq yo‘q. Shunchaki, harakat, intilish kerak bo‘ladi. Ha, aytgancha, futbol o‘ynash uchun hech bo‘lmaganda koreys tilini 2-bosqichgacha o‘rganish kerak. Suhbatdoshimning aytishicha, bunga yarim yildan kamroq vaqt etardi. Ham bilim, ham futbol. Yomon emas-a? Rosti, 15 yoshimga qaytib qolishni istadim…

Diyor IMOMXO‘JAEV, «Erudit Sport» gazetasi.


Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jaevdan: Futbolda qolishni istaysizmi?