Yuqorida futbol muxlislari o‘qimasin, dedigu biroq aynan ular uchun yozildi! Mayli, xulosa chiqarish Sizdan...
Futbol... Millionlar o‘yini!
Aslini olganda, futbol — bu sport turi! Unda, boshqa sport turlari kabi, kishilarning jismoniy sog‘lomligi birinchi raqamli natija sifatida jamiyatga xizmat qilmog‘i lozim. Biroq u, yuqorida ta’kidlanganidek, millionlar o‘yini, ya’ni millionlab muxlislar ham o‘ynaydigan, ham muxlislik qiladigan o‘yin. Hatto “futbol” so‘zi uning “otasi” bo‘lmish “sport” so‘zidan ham ustunroq turganday tuyuladi gohida...
Qisqasi, u oddiy to‘p, futbol maydoni, darvozalar, futbolchilar va muxlislardan iborat “qiziqarli shou”! Aks holda unga nisbatan “futbol o‘yini” jumlasi emas, “futbol sporti” jumlasi ko‘proq ishlatilgan bo‘lardi.
Ammo mana shu millionlar o‘yinida ham ming bir “o‘yinlar” borligini unutmang!
Mana shu “o‘yin”lar nafaqat bizning futbolimiz, balki ommaviy futbol ildiziga ham bolta urib kelmoqda. U “qiziqarli shou” emas, “serdaromad biznesga” aylanmoqda! Yo‘q, klublar o‘rtasida shartnoma evaziga aylanadigan mablag‘larni nazarda tutganim yo‘q. Dunyo futbolida “soxta o‘yinlar”, “pulli kelishuvlar”, muxlislar e’tirofi va e’tiboridan foydalanib qilinadigan ayrim noqonuniy xatti-harakatlar bir olam. O‘zbekiston futboli ham bundan mustasno emas...
Kamina, sport sohasini yorituvchi jurnalist sifatida futbolda uchraydigan yomon illatlarga qarshi kurashish ishlarini bizda ertaroq boshlanishi kerak edi, deb hisoblayman. Aniqrog‘i, umuman “o‘yin”ni boshlanishiga yo‘l qo‘yib bermasligimiz kerak edi, deb o‘ylayman.
Ha, mayli, bugun bu haqda gapirmoqchi emasman, bugun, ijozatingiz bilan, o‘zbek futboli rivoji uchun yana nimalarni amalga oshirish kerakligi haqida bir qancha takliflar bildirib o‘tmoqchiman.
1. Bolalar futboli...
Birinchi navbatda, bolalar futboliga juda katta e’tibor qaratish zarur. O‘zbekistonda bolalar futboliga jiddiy e’tibor yo‘qligini kuni kecha Dilshod Nuraliyev boshchiligidagi o‘smirlar terma jamoasi ham isbotlab berdi. O‘smirlar termasi, hattoki, Osiyo chempionatiga yo‘llanma olish vazifasini uddalay olishmadi.
Dastlab, e’tiborni maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab, yosh avlodni bog‘cha paytidan sportga bo‘lgan mehrini uyg‘otishimiz zarur. Kerak bo‘lsa, O‘zbekistonda futbolga ixtisoslashtirilgan bog‘chalarni ochib, maktablarimiz imkoniyatni kengaytirishimiz lozim.
Mayli, fikrlarimda biroz “oshirib yuborgan” bo‘lishim mumkin. Harqalay, maktabgacha ta’lim muassasalarida mo‘’jazgina futbol maydonchasi bo‘lib, unda voyaga yetayotgan bolalarning koptok o‘ynashi (turli yengil mashg‘ulotlar o‘tkazishi) tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi.
Afsuski, iqtidor egalarini maktab yoshigacha payqash, bundan tashqari, chekka qishloqlardagi iqtidorli yoshlar e’tibordan chetda qolib ketyapti. Keyin...
Qani klublarning skautlari? O‘zbekiston klublarida skautlar ishlaydimi o‘zi?!
Agar dunyoga mashhur klublarning skautlari bo‘lmaganida hozirgi “megayulduz”lar yulduz bo‘la olmasdilar balki... Bu haqda avvalgi maqolada ham keltirib o‘tgandim. Shaxsan dunyo bo‘yicha ishlayotgan skautlar faoliyatiga yana ko‘plab misollar keltirishim mumkin, lekin O‘zbekistondagilarini emas!
2. Teletranslyatsiya...
Tan olish kerak, teletranslyatsiya borasida qolgan raqobatchilardan ancha orqadamiz. Bu mavzu haqida ham juda ko‘p va xo‘p gapirildi. “Sport” telekanali kuni kecha “Buxoro”–“Paxtakor” uchrashuvini Yevropa talablariga mos ravishda jonli uzatib berdi. Umrim bino bo‘lib televizor orqali shuncha futbol ko‘rgan bo‘lsamda hali bunaqasini uchratmagandim.
Balki ayni damda teletranslyatsiya borasida rivojlanish ostonasida turgandirmiz. Biroq endi ho‘jako‘rsinga ishlashni yig‘ishtirib, to‘xtab qolmaslik kerak. “Sport TV” xodimlariga hozircha bu masalada e’tiroz yo‘q.
Ehtimol, ot yoki velosiped sporti ko‘rsatuvlarining kimgadir qiziq joyi bo‘lishi mumkin (o‘z muxlislari bor). Lekin ko‘rsatuv mohiyati o‘n yoki yuz kishi emas, balki million kishini o‘ziga jalb qila olsa, ot sportini keyinga qoldirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
3. Chet eldan murabbiy olib kelishi...
Chet ellik murabbiy olib kelish borasida ko‘plab misollar keltirildi. Shaxslarning ismlari O‘FFga taklif sifatida yuborildi.
O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonovning Londondagi tashrifi davomida mashhur futbolchilar bilan uchrashganidan so‘ng xalq orasida MTJga Maradona yoki Anchelotti murabbiy bo‘lishi mumkin qabilidagi taxminlar paydo bo‘ldi.
Yo‘q, bizga Maradona yoki Anchelotti kerak emas! Bizga nomi ulug‘, suprasi quruq “yulduzlar” emas, ishonchni oqlaydigan, terma jamoani yaxshi boshqara oladigan yetuk mutaxassislar kerak!
Nima bo‘lganda ham bu masala tezroq hal etilsa eng yaxshi xabarlardan biri bo‘lardi. Aks holda masala yechimini yechishda yana xatoga yo‘l qo‘ysak, JCh–2022 musobaqasidan quruq qolib ketishimiz hech gap emas!
4. Hakamlik....
Ayrim hakamlarning xatolari mana O‘FFga yangi rahbariyat kelganidan keyin ko‘zga ko‘rinishni boshladi. Hozirga qadar xatolarga yo‘l qo‘ygan hakamlar bundan avval xatoga yo‘l qo‘yishmagan, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, hech kim xatolardan xoli emas, hammada xato bo‘ladi.
Biroq bularning oldini olish yo‘llarini ertaroq o‘ylab topsak bo‘lardi-ku... O‘FFning yangi tarkibi aynan mana shu illatlarga qarshi kurashuvchi yangi qo‘mita tuzdi.
Ishlayotgan qo‘mita natijalariga esa faqat havas qildik. O‘zbek futbolidagi “ikkinchi hakamlar” o‘z jazolarini keragicha olishdi. Hakamlar masalasida yana ko‘proq rivojlanamiz, degan umiddaman.
5. Yevropa vakillari bilan tajriba almashish...
Yevropaliklar bilan tajriba almashish vaqti allaqachon yetib kelgandi. Fikrimga qo‘shilmaslikka haqlisiz. Ammo qachongacha qo‘shni davlat jamoalarini o‘zimizga raqib sifatida tanlaymiz, yoki qachongacha “ko‘k”-“sariq”larga bo‘linib o‘ynashimiz mumkin. Yopiq eshiklar ortida kuchsiz Qirg‘iziston terma jamoasini 5:0 hisobida mag‘lub etib, nima foyda ko‘rdik? Hech nima!
Hozir Yevropadan munosib raqib qidirishning ayni vaqti, lekin biz ular oldiga borishimiz, safarda o‘ynashni o‘rganib olishimiz kerak.
Eslaysizmi? Avval O‘zbekistonda Krishtianu Ronalduni “Jar” stadionida lol qoldirgan yosh iqtidorli futbolchilarimiz bor edi. Lekin hozir ularni topa olmaymiz?
Bundan tashqari, 2011 yil Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi iqtidorlarimizning soni kamayib bormoqda. Balki ular kibr botqog‘iga botib qolishgan bo‘lsa... Hammasi yaxshilikka bo‘lsin!
Bu rivojlanish omillarining faqat beshtasi edi xolos. O‘zbek futboli rivoji o‘zida hali ko‘p mehnat talab qiladi. Qachonki, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib faqat bitta maqsad yo‘lida borsak, ko‘zlagan niyatimizga erishishimiz mumkin.
Azizlar, mavzu davom ettiriladi...
Sizning bu boradagi fikr-mulohazalaringiz qanday? Kimda original takliflar bor? Axir muxlislik qilish — faqat olqishlash yoki tanqid qilishdan iborat emas-ku!
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Putin Ukrainaning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
Yapon psixiatri qiyinchiliklarni qanday yengish va mazmunli yashash sirlarini aytdi
Shoygu Rossiyaning “yadro soyaboni” kimni himoya qilishini aytdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi