La Liga rasmiy portali futbol ishqibozlari orasida eng kutilgan uchrashuv — «Real Madrid» va «Barselona» derbisining sanasi va vaqti haqida ma’lumot berdi. Mazkur qarama-qarshilik butun dunyoda millionlab muxlislarni ekran qarshisiga yig‘adigan o‘ziga xos maydon jangi hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, birinchi davra doirasidagi «El-Klasiko» joriy yilning 26-oktyabri, yakshanba kuni «Santyago Bernabeu» stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:15 da start oladi. Bu bellashuv chempionatning 10-turiga to‘g‘ri kelib, jadvaldagi umumiy vaziyatga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilyapti.
Hozirgi holatga ko‘ra, «Real Madrid» La Liga turnir jadvalida 18 ochko bilan yetakchilik qilib turibdi. Madridliklar kuchli start olib, raqiblariga jiddiy bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Shu bilan birga, «Barselona» ham raqibdan qolishni istamayapti. Kataloniyaliklar hisobida 5 uchrashuvdan keyin 13 ochko bor va jamoa hali ham chempionlik poygasida asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi.
«El-Klasiko» doimiy ravishda nafaqat Ispaniya futboli, balki butun jahon sportining markaziy voqeasi sifatida e’tibor qaratiladi. Bu safar ham dunyodagi millionlab ishqibozlar «Bernabeu»da kechadigan oliy darajadagi to‘qnashuvni sabrsizlik bilan kutib turishibdi.
Shubhasiz, «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi navbatdagi jang chempionatdagi kurashga yangi rang bag‘ishlaydi, har ikki klubning muxlislari esa katta hayajon va yuksak intizorlik bilan sanasi belgilangan derbini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!