date

Husanov “Siti” muxlislari ko‘zida: yo‘lbarsdek jasur va devordek mustahkam

Husanov “Siti” muxlislari ko‘zida: yo‘lbarsdek jasur va devordek mustahkam

Yangi mavsum boshlanishi bilanyoq 21 yoshli o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» jamoasining eng ishonchli futbolchilaridan biri sifatida katta e’tiborni qozonmoqda. Aslida markaziy himoyachi sifatida faoliyat olib boruvchi legionerimiz jamoaning eng muammoli nuqtalaridan biri — o‘ng qanot himoyasida ham o‘zini ishonchli namoyish etib, jamoa murabbiylari va muxlislarining ishonchiga sazovor bo‘ldi.

Aynan shu sababdan «Manchester Siti» muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda Husanov haqida o‘z taassurotlarini yozib qoldirishmoqda.

Bir muxlis unga «shahrimiz Jeki Chani» deb ta’rif bersa, boshqasi «Husanov – Devor» deb atadi. Yana biri esa «Husanov – mag‘lubiyatni hech qachon tan olmaydigan Yo‘lbars», deb yozgan. Tvitter va Feysbukdagi izohlar orasida «Antilopa», «Monstr», «Afsungar», «Maestro», «AK45 avtomati», «Geniy» kabi iboralar ham uchradi.

Fanatlar uning kuchli jismoniy tayyorgarligini, tezkorligi va himoyadagi mustahkamligini alohida ta’kidlab o‘tgan. «Harakatlanadigan devor», «Buyuk o‘zbek devori», «Husanov o‘t-olov, energiyaga to‘laligi yoqadi», «Mustahkam to‘siq» kabi ta’riflar uning o‘yiniga berilgan eng yuqori baho ekanini ko‘rsatib turibdi.

Shu bilan birga, muxlislar Husanovning jasorati va o‘yindagi hurmat qozongan yondashuvini ham qadrlamoqda. Ko‘pchilik uni «yangi Jeki Chan» deb atash orqali nafaqat himoyada, balki xarakter jihatidan ham u yoqimtoy va jasur futbolchi ekanini ta’kidlamoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»dagi faoliyati nafaqat murabbiylar, balki millionlab muxlislar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Uning har bir harakati, maydondagi barqaror o‘yini va jonkuyarligi muxlislar qalbidan katta o‘rin egallab ulgurdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov “Siti” muxlislari ko‘zida: yo‘lbarsdek jasur va devordek mustahkam