date

Abduqodir Husanov qachon maydonga qaytishi e’lon qilindi

Abduqodir Husanov qachon maydonga qaytishi e’lon qilindi

Angliya Premer-ligasi doirasidagi beshinchi tur markaziy to‘qnashuvi – «Arsenal»ga qarshi bahs «Manchester Siti» uchun nafaqat yo‘qotilgan ochkolar, balki asosiy futbolchilarning jarohat olishi bilan ham yodda qoldi. Himoyachi Abduqodir Husanov va hujumchi Erling Xolandning o‘yin paytida jarohatlanishi murabbiy Xosep Gvardiola uchun yangi bosh og‘rig‘iga aylandi.

Shu tariqa, mavsum boshidanoq «shaharliklar» tarkibida salbiy omillar ko‘paymoqda va Pep yana tarkib tanlashda tavakkal qilishga majbur bo‘lmoqda.

"Siti" muxlislari uchun mancitynews.com sayti tahlilchisi Devid Talli keltirgan ma’lumotlar asosida jamoa futbolchilarining maydonga qaytish muddatlari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etamiz.

Erling Xoland – Norvegiya to‘purari «Arsenal»ga qarshi o‘yinda belidan jarohat oldi va ikkinchi bo‘limda o‘rnini Niko Gonsalesga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Gvardiolaning ta’kidlashicha, u mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, «Byornli»ga qarshi 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan uy bahsida safga qaytishi kutilmoqda.

Abduqodir Husanov – o‘zbek himoyachisi «Arsenal» bilan to‘qnashuvda raqib poyini bosib olganidan so‘ng jarohat olib, tanaffusda zaxiraga olindi. Pep uning kamida uchta o‘yinni o‘tkazib yuborishini ta’kidladi. Husanov 5 oktyabr kuni «Brentford»ga qarshi safarda jamoaga qo‘shilishi mumkin.

Umar Marmush – Misr termasi safida Burkina-Fasoga qarshi bahsda tizzasidan jarohat olgan va bir necha haftadan beri davolanmoqda. U ham Husanov kabi 5 oktyabr kuni «Brentford»ga qarshi maydonga tushishi mumkin.

Rayan Ayt-Nuri – yozda jamoaga qo‘shilgan himoyachi «Brayton» bilan o‘yinda olgan jarohati tufayli uzoq muddatdan beri o‘ynamayapti. Uning tiklanishi xalqaro tanaffusdan keyin yakunlanishi kutilyapti. Sana – 18-oktyabr, «Everton»ga qarshi bahs.

Rayan Sherki – yosh iqtidor avgust oyida oyoq sonini shikastlab olgandi. Uning tiklanishi ikki oydan ko‘proq vaqt talab qiladi. Sherki 2 noyabr kuni «Bornmut»ga qarshi uchrashuvda safga qaytishi mumkin.

Mateo Kovachich – tajribali xorvat yarimhimoyachisi iyunda operatsiya qilingan edi. Pep Gvardiola yaqin orada u mashg‘ulotlarga qaytganini, biroq maydonga tushish muddati hali aniq emasligini bildirdi.

Kelvin Fillips – tajribali yarimhimoyachi shaxsiy sabablar tufayli so‘nggi mashg‘ulotlarda qatnashmagan. Uning jarohati ortda qolib, salomatligi tiklangani aytilmoqda. Biroq sport formasiga kirib olishi uchun vaqt kerak. Shu bois, maydonga qaytishi hali noaniq.

Xulosa qilib aytganda, «Manchester Siti»ning asosiy tarkibdagi futbolchilari soni keskin qisqargan va Gvardiola yaqin haftalarda tarkibda katta tajriba qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa jamoaning ichki musobaqalar va xalqaro turnirlardagi ishtirokiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov qachon maydonga qaytishi e’lon qilindi