Futbol olamdagi eng nufuzli shaxsiy mukofot – 2025 yilgi «Oltin to‘p»ning g‘olibi aniqlandi. Bu safar sovrin Parij Sen-Jermen hujumchisi va Fransiya terma jamoasi yetakchilaridan biri Usmon Dembelega topshirildi. Fransiyalik yulduz so‘nggi mavsumdagi o‘yinlari, maydondagi ta’sirchan harakatlari va jamoasiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan mukofotga munosib deb topildi.
Dembele sovrin uchun olib borilgan kurashda «Barselona»ning yosh iqtidori Lamin Yamalni orqada qoldirdi. Ushbu qaror muxlislar va futbol ekspertlari orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Xususan, La Liga prezidenti Xaver Tebas bu haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— Agar Lamin Yamal hozir 23 yoshdan katta bo‘lganida, men aniq aytamanki, «Oltin to‘p» unga berilar edi. Ammo hozircha yoshi juda kichik. Shu bois, unga boshqa maxsus sovrin topshirildi. Lekin agar u shu darajada ulkan mahorat bilan o‘ynashni davom ettirsa, yaqin yillarda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi muqarrar. Buning bo‘lishiga hech shubha yo‘q, — dedi Tebas.
Eslatib o‘tamiz, 18 yoshli Yamal bu yil ham mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisiga beriladigan sovrinni oldi. Bu esa uning Yevropadagi eng iqtidorli va kelajagi buyuk futbolchilardan biri sifatida tan olinayotganini ko‘rsatadi.
Shu tariqa, Usmon Dembele shaxsiy yutuqlarini yanada boyitgan bo‘lsa, Lamin Yamal ham yosh bo‘lishiga qaramay, jahon futbolida katta qadamlar bilan ilgarilab borayotganini yana bir bor isbotladi. Muxlislar esa yaqin yillarda uning haqiqiy «Oltin to‘p» sohibiga aylanishini intiqlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!