date

“Navbahor”da yangi davr boshlandi: klubga yangi bosh murabbiy tayinlandi

“Navbahor”da yangi davr boshlandi: klubga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Namangandagi mashhur “Navbahor” klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi lavozimidagi o‘zgarish haqida rasmiy qaror qabul qildi. Yangi tanlovga ko‘ra, asosiy tarkibni endilikda yosh murabbiy Sherzod Jo‘rayev boshqarib boradi. U shu vaqtga qadar klubning U-21 jamoasida faoliyat olib borgan va yoshlar ligasida jamoani yuqori pog‘onalarga olib chiqqandi.

Jo‘rayevning futbolchilik yo‘li ham “Navbahor” bilan uzviy bog‘liq. U o‘z karerasining katta qismini aynan shu jamoada o‘tkazgan, muxlislar orasida ham mahalliy tarbiyalanuvchi sifatida katta obro‘ qozongan. Keyinchalik esa Samvel Babayan murabbiylik qilgan davrlarda assistent sifatida ish tajribasini oshirgan. Bu esa unga bosh murabbiy sifatida ish olib borish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni to‘plash imkonini berdi.

“Lochinlar”ning U-21 tarkibida u katta natijalarga erishgan va yoshlar jamoasi turnir jadvalida peshqadamlar qatorida edi. Endi esa unga Superliga bahslarida asosiy jamoani yuqori maqsadlar uchun kurashga olib chiqish vazifasi yuklanmoqda.

"Bugun oqshomda jamoamiz mahshg‘uloti oldidan vitse-prezident Akramjon Gapparovich Dedabayev tashrif buyurib, futbolchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida "Navbahor" jamoasi murabbiylar shtabi vakillari va futbolchilarga Sherzod Jo‘rayevni bosh murabbiy sifatida tanishtirdi.

Sherzod Hamidovich Jo‘rayev "Navbahor"ning sobiq futbolchisi, ko‘p yillar jamoamiz murabbiylar shtabida yordamchi sifatida faoliyat olib borgan hamda mavsum startidan shu kungacha yoshlar jamoamizni boshqarayotgandi. Sherzod Hamidovich boshqaruvida "Navbahor" U-21 hamoamiz hozirda musobaqa peshqadami sifatida turnir jadvalini boshqarib kelayotgan edi",  –  deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval “Navbahor” klubi rahbariyati asosiy tarkib bosh murabbiyi Sergey Lushan bilan mehnat shartnomasini bekor qilganini ma’lum qilgandi. Lushanning rahbarligidagi jamoa Superliganing 22 turidan keyin o‘rta pog‘onalarda – 7-o‘rinda borayotgan edi.

Shu tariqa, endi jamoa o‘z mahalliy murabbiyi bilan yangi sahifa ochmoqda va muxlislar Sherzod Jo‘rayev qo‘l ostida klubning keyingi o‘yinlarda qanday natija ko‘rsatishini qiziqish bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Navbahor”da yangi davr boshlandi: klubga yangi bosh murabbiy tayinlandi