Boksdan ketmoqchi bo‘lgani, sevimli kitobi va g‘alabalarini salto bilan nishonlashi haqida
Sahifamizning bugungi mehmoni — boks bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi, jahon chempionati kumush medali sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi Isroil Madrimov.
— Yoshligimda maktabga borishdan oldin futbol o‘ynab yurardim. Bir kuni akalarim meni yaqin o‘rtog‘im, qarindoshim bilan boks tushirdi. O‘sha jang ilk jangim desam ham bo‘ladi. Unda men yutqazib qo‘ydim va shundan so‘ng boksga qatnashishim lozimligini angladim.
Keyinchalik, aniqrog‘i, 5-sinfda o‘qiyotganimda otam Xorazm viloyati, Xiva shahridagi sport maktabiga o‘qishga olib bordi. Imtihonlardan o‘tib, maktabga qabul qilindim. Ammo u yerdayam boks sport turiga yozdirib, o‘zim futbolga qatnab yurdim (kulib). Hatto futbol jamoamda sardor qilib qo‘yishdi meni. Ancha vaqt futbol o‘ynab yurdim. Biroq keyinchalik boks murabbiyim buni sezib qolib, meni boksga chaqirib oldi. Shu tariqa boks sport turidagi faoliyatimni boshladim. Dastlab tuman, viloyat bosqichidagi musobaqalarga qatnashdim. Keyinchalik, aniqrog‘i, 2009 yilda respublika bosqichida o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqaga qatnashib, bronza medalini qo‘lga kiritdim va terma jamoaga qabul qilindim. Bir yildan so‘ng esa Farg‘onada o‘tgan musobaqada chempionlikni qo‘lga kiritib, terma jamoadagi o‘rnimni yanada mustahkamlab oldim.
2010 yilda Toshkent viloyatidagi Chirchiq olimpiya zahiralari kollejiga o‘qishga kirib, boksdagi faoliyatimni davom ettirdim.
— Oilangizda sizdan boshqa sportchilar bormi?
— Oilamizda birinchisi men. Otamda ham sportga qiziqish bo‘lgan, ammo sport bilan shug‘ullanishni kech boshlagan. Bu esa sportdagi mavqeiga xalal bergan. Keyinchalik otam o‘z orzusini menda ko‘rishni istab, boks bilan shug‘ullanishim uchun barcha sharoitlarni yaratib, yo‘l ochib berdi.
— Oyingiz sportning bu turini tanlashingizga qarshilik bildirmadimi?
— Albatta, har bir ona farzandining joni og‘rishini istamaydi. Menda ham shunday bo‘lgan. Onam “boshqa sport turini tanlab ko‘rmaysanmi?” deb aytganlar. Qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarim sabablimi, boksni tashlab ketgim kelmadi. Keyinroq onam ham mening eng birinchi qo‘llab turuvchi, dalda beruvchi insonimga aylandilar.
— Murabbiylaringiz haqida ham so‘zlab bersangiz…
— Sportdagi birinchi ustozim, sport maktabidagi murabbiyim Bahrom aka Quryozov, boksning ilk sir-asrorlarini shu insondan o‘rganganman. Chirchiq olimpiya zahiralari kollejidagi murabbiyimlarim esa — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Rustam Saidov va “Shuhrat” medali sovrindori To‘lqin Qilichevlardir. Boksdagi yutuqlarimni qo‘lga kiritishimga katta hissa qo‘shgan murabbiylarimdan bir umrga minnatdorman.
— Bilamizki, boksda o‘ng qo‘lda zarba berib jang o‘tkazuvchi bokschilar yoki chapaqay bokschilar bor. Kimgadir chapaqay raqib noqulaylik tug‘dirsa, kimgadir aksincha. Sizga bularning qay biri noqulaylik tug‘diradi?
— Boksda chapaqay bokschilar bilan jang olib borish noqulayroq bo‘ladi. Chunki u chap qo‘lda kuchli zarba beradi va bu zarba tana qismiga yo‘naltirilsa va manzilga yetsa, bokschini qiyin ahvrolga tushirib qo‘yishi mumkin. Lekin hamma narsaning kaliti bor. Sportchi o‘z ustida ishlab, tajriba orttirsa, chapaqay bokschilar bilan qanday jang o‘tkazishni ham yaxshi biladi. Men ham, albatta, jang oldidan raqiblarimning jang uslublarini o‘rganib, unga qarshi uslublar ustida ishlayman.
— Omadga ishonasizmi? Boksda omad muhimmi yoki tajriba?
— Meni nazarimda boks sportida ikkalasi ham kerak. O‘zimiz ham bunga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Masalan, janglarda tajribamiz yetarli bo‘lgan, ammo ozgina omad yetmaganmi, g‘alaba raqiblarga nasib etgan. Jumladan, Germaniyada o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida ham ko‘rdik bu holatni ozgina (kulib). Bu holatni bizdan tajribali, mashhur sportchilarda ham ko‘rganmiz.
— Mutolaa qilishni yoqtirasizmi, umuman, bunga vaqt topiladimi sizga?
— Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Bo‘sh vaqtim bo‘lganida o‘zimga ma’qul bo‘lgan kitoblarni o‘qishga harakat qilaman. Ko‘proq o‘zimizning ustoz adiblarimizning kitoblarini o‘qiyman. Ayniqsa, Tohir Malik kitoblarini sevib mutolaa qilaman. Yozuvchimizning “Iblis devori” asari — eng yaxshi ko‘rgan kitobim.
— Butunjahon boks seriyalari (WSB)ning so‘nggi VII mavsumida “Uzbek Tigers” jamoasi chorak finalda “Cuba Domadores”ga ikki jang natijalariga ko‘ra, imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi. Bunga nima yetishmadi, hakamlarning qarori halal berdimi yoki haqiqatan bokschilarimiz kuchsizlik qilishdimi?
— Bizda boshqa maqsad bor edi, bu musobaqa esa 2-darajali edi biz uchun. Bizning birinchi darajali musobaqamiz bu Osiyo va jahon chempionati edi. Chunki sportchi yilda bir yoki ikki marta to‘liq sport formasiga ega bo‘ladi. Bu sport formasiga kirish ham qiyin, albatta. Bu musobaqa 2-darajali bo‘lib qolganligi uchun katta kuch sarf etib, chempion bo‘lish talab qilinmagan edi. Mazkur musobaqadagi asosiy maqsad tajribali bokschilar bilan jang o‘tkazib, tajriba ottirish edi.
Men ham bu turnirga qatnashdim. Unda kuchli bokschini mag‘lub etganim esa o‘zimga bo‘lgan ishonchni orttirdi. Inson astoydil harakat qilib, ishlasa, niyati amalga oshar ekan. Bunga o‘sha jangdagi g‘alabadan so‘ng yana bir bor amin bo‘ldim.
— “Boksda vazn toifasini o‘zgartirish” degan holat bor. Bir vazndan boshqa vaznga o‘tish sportchi uchun noqulaylik tug‘dirmaydimi?
— Vaznni to‘g‘ri o‘zgartirishga bog‘liq. Mening o‘zim ham ko‘p yillar 69 kg vaznda janglar o‘tkazdim. Keyinchalik vaznim oshdi, bu esa menga zararga ishladi. Ringda mag‘lubiyatlarga olib keldi. Shundan so‘ng vazn toifamni 75 kg.ga o‘zgartirdim. Va bu vaznda yaxshi natijalarga erishyapman. Ba’zida bu vazn toifaga ertaroq o‘tishim kerak ekan, deb o‘ylab qolaman. Chunki erishayotgan yutuqlarimning aksariyati shu vazn toifasida qo‘lga kiritilgan.
— Xorijlik bokschilardan ham do‘stlaringiz bormi?
— Qozog‘istonda bokschi do‘stlarim bor. Ular bilan bordi-keldi qilib turamiz. Ular bizning tansiq taomlarimizni yaxshi ko‘rishadi. Ayniqsa, O‘zbekistonga mehmonga kelganida oshimizni mazza qilib tanovul qilishadi. Biz borsak, bizni o‘zbek taomlari bor joyda mehmon qilishadi. Shuningdek, Taylandda Nik Pris degan do‘stim bor. Hozirda professional boksda janglar o‘tkazmoqda. “Tezroq professional boksga o‘tgin, birga jang qilamiz”, deb menga ham takliflar berib turadi u.
— O‘zbek boksining yutug‘i siri nimada deb o‘ylaysiz?
— Birinchi o‘rinda yurtimizda biz sportchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, boks federatsiyasining xizmatini alohida e’tirof etaman. Ayniqsa, xorij davlatlarda yurganimizda ham bizga mashg‘ulotlar va dam olish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotganligi uchun boks federatsiyamiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
O‘zbek boksi yutug‘ining yana bir siri — bu jamoamizning ahilligi, deb o‘ylayman. Qayerda bo‘lmaylik, jamoadagi barcha bokschilar, murabbiylar bir oiladek bo‘lib ishlaymiz. Kamchilik va yutuqlarni tahlil qilib, kerakli maslahatlarni bir-birimizdan ayamaymiz.
— Bokschi bo‘lganingizdan afsuslangan vaqtingiz bo‘lganmi? Boksdan ketish istagi tug‘ilmaganmi?
— 2015 yil Osiyo chempionatida ishtirok etganman. Musobaqada ilk jangimdayoq Filippinlik raqibimga imkoniyatni boy berib qo‘yganman. Bu mag‘lubiyat ruhiy holatimga qattiq ta’sir qilgandi. Chunki men u yerda 2-raqamli bokschi sifatida belgilangan edim. Mening bu mag‘lubiyatim kutilmagan holat bo‘ldi. Hatto qozog‘istonlik bir bokschi “nega sen yutqizib qo‘yding, men sen bilan finalda raqib bo‘lsam kerak deb o‘ylagandim”, deb aytdi. Ancha siqildim. Axir bu musobaqadagi g‘alaba jahon chempionatiga yo‘llanma berardi-da! Jahon chempionati esa Olimpiadaga yo‘llanma beradi. Shu mag‘lubiyatdan so‘ng boks bilan shug‘ullanish, boksga bo‘lgan qiziqish susaydi menda. Murabbiylarim, ota-onam, do‘stlarim dalda bo‘lib, maslahatlar berishdi: “qani vazn toifangni ko‘tarib ko‘r-chi”, deb.
Keyin O‘zbekiston chempionati bo‘ldi. Bu chempionatda ham 69 kg vaznda tushdim va yana mag‘lub bo‘lganimdan so‘ng, amin bo‘ldimki, vazn toifamni o‘zgartirishim shart ekan. Musobaqa tugashiga bir hafta qolganda, xalqaro turnirga jo‘nab ketdim, unda 75 kg da ringga chiqib, 3-o‘rinni oldim. Bir oydan keyin, adashmasam, 2016 yilda Bishkek shahrida o‘tgan xalqaro turnirda chempion bo‘ldim. Shu tariqa chempionlik davrlarim boshlandi va qalbimda boksga bo‘lgan mehr yana qayta uyg‘ondi.
— O‘zbek boksidagi tengdoshlaringiz orasidan kimlarning mahoratini yuqori baholaysiz?
— O‘zbek bokschilaridan Qudratilla Abduqahhorov, Fazliddin G‘oipnazarov, Sanjar Rahmonov, Aziz Abdug‘afforovlarning nomlarini alohida e’tirof etaman. Ular professional boksda hozircha mag‘lubiyatga uchramagan. Ularga havas qilaman, men ham ular erishgan yutuqlarni qo‘lga kiritishni niyat qilaman.
— G‘alabani salto bilan nishonlaysiz. Bu g‘oya qanday paydo bo‘lgan?
— Yoshligimdan akrobatikaga qiziqaman. Maktabda o‘qib yurganimda yozgi ta’til paytida otam meni akrobatika sporti to‘garagiga olib borgan. U yerda bir oy qatnashib, yaxshi sport formasiga ega bo‘lganman. Ammo, ta’til tugagach, o‘qishlar boshlanib ketgan, yana boksga qaytishimga to‘g‘ri kelgan.
Shundan keyin boksdagi g‘alabalarimni akrobatikada o‘rgangan mashqlarim bilan nishonlashga qaror qilganman. Ilk bor 2007 yilda Xorazm viloyatida o‘tkazilgan viloyat chempionatida chempion bo‘lganimda, o‘zimda yo‘q xursandligimni shu tarzda nishonlaganman. Keyinchalik g‘alabalarimni bunday nishonlashim muxlislarga ham ma’qul bo‘lib qoldi.
Komiljon ASLONOV suhbatlashdi.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi