
Sog‘liqni saqlash vazirligi avtomobilda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan holatlar ro‘yxatini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Loyihaga ko‘ra, 17 turdagi kasallik va tibbiy holatda haydovchilar hamda yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi. Ular orasida qovurg‘a, yelka yoki umrov suyaklarining sinishi, surunkali yurak va o‘pka kasalliklarining og‘ir bosqichlari, bronxial astma (IV bosqich), 40 dan yuqori BMI bilan semizlik, past bo‘ylik (150 sm dan past), ko‘krak sohasidagi teri kasalliklari va yaqinda o‘tkazilgan operasiyalar bor.
Homiladorlik ham ro‘yxatdagi sabablar sirasiga kiritilgan. Bunday holatda fuqarolarga QR-kodli elektron tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Uning amal qilish muddati 6 oy etib belgilangan.
Mutasaddilar ushbu tashabbusning maqsadi — sog‘lig‘i xavf ostida bo‘lgan fuqarolar uchun qulay shart-sharoit yaratish va tibbiy ehtiyojlarni inobatga olishdan iboratligini ta’kidlamoqda.
Hujjat hozircha muhokama bosqichida va hali kuchga kiritilmagan. Shu bois, xavfsizlik kamarini taqmaslik hozircha qonuniy asosga ega emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!