
Pensiya jamg‘armasi mamlakatda nafaqa miqdorini oshirib berishni va’da qilayotgan firibgarlar faoliyati haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi Jamg‘arma matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda ayrim shaxslar fuqarolarning ishonchiga kirish maqsadida “pensiyangizni oshirib beramiz”, degan yolg‘on va’dalar bilan ularning shaxsiy ma’lumotlarini so‘rab, hatto pul talab qilayotgan holatlar qayd etilgan.
Pensiya jamg‘armasi bu kabi harakatlar qonunga zid ekanini ta’kidlab, pensiya miqdorini oshirish faqat jamg‘armaning rasmiy tuman (shahar) bo‘limlari orqali amalga oshirilishini eslatdi.
“Pensiya jamg‘armasining hech bir xodimi fuqarolarga ko‘chada yoki telefon orqali pensiyani oshirib berishni taklif qilmaydi. Begona shaxslarga pasport, plastik karta, JSHSHIR (PINFL) yoki bank ma’lumotlaringizni taqdim etmang”, – deyiladi rasmiy ogohlantirishda.
Shu bilan birga, tashkilot fuqarolardan shubhali shaxslar bilan duch kelganda darhol 1271 (jamg‘armaning ishonch telefoni) yoki 102 (Ichki ishlar organlari) raqamlariga xabar berishni so‘radi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!