
Oʻzbek futbolining beshigi hisoblangan Qoʻqonda futbolni qanchalik ardoqlashlarini yaxshi bilamiz. Shu bois Superligada ishtirok etayotgan “Qoʻqon-1912” jamoasining ham muxlislik auditoriyasini ancha salmoqli deyishimiz mumkin. Eʼtibor bersak, Qoʻqonda kechadigan har bir uchrashuv raqib jamoa uchun bir muncha qiyinroq oʻtadi. Chunki u yerda muxlislarning ham oʻziga yarasha bosimi boʻlishi shubhasiz. Albatta, shunga yarasha “Qoʻqon-1912” ham imkon qadar oʻz ishqibozlarini xursand qilishga harakat qilyapti. Ammo doim ham siz oʻylagan narsa boʻlavermaydi. Qoʻqonliklar Oʻzbekiston Kubogi yarim finaligacha yetib borishgani ham eʼtiborga molik. Ammo hal qiluvchi pallada Noʻmon Hasanov boshchiligidagi jamoa oʻz uyida “Paxtakor”ga qarshilik koʻrsatishga qiynalishdi. Natijada 2:5 hisobidagi magʻlubiyatni qabul qilib olishdi. Shu tariqa “Qoʻqon-1912” Kubok bahslaridan ham chiqib ketdi. Endi ular asosan quyi oltilikda Superligada jon saqlab qolish uchun kurashni davom ettiradilar. Xoʻsh, “Paxtakor”ga boy berilgan yirik hisobdagi magʻlubiyat jamoa aʼzolarining ruhiyatiga taʼsir koʻrsatmaydimi? Bu haqida Noʻmon Hasanov shunday dedi:
- Men futbolchilarimga ishonaman. Toʻgʻri, bizda “Paxtakor”ga oʻxshab zaxiradan oʻyinni kuchaytiradigan oʻyinchilarimiz kam. Ochigʻi, zaxira oʻrindigʻimizga qarasam qoʻrqib ketaman. Buning ustiga Kubok uchrashuvda beshta oʻyinchi almashtiriladi. Boshida yaxshi oʻynayotgandik. Hamma “Qoʻqon-1912”ni kuchli oltilikka kiradi deb ishongandi. Menga uchta futbolchi kerak edi. Chunki hozirgi tarkib bilan oxirigacha borish qiyin edi. Har doim bitta tarkib bilan oʻynayvermaymiz-ku. Xadeb vitamin yoki boshqa narsalar bilan ularni yaxshi sport formasida ushlab tura olmaymiz. Kimdadir oʻyin sifati pasayishi mumkin, yana kimdir jarohat oladi. Shularni bilgan holda yana uchta oʻyinchi kerak deb aytgandim. Olgan boʻlsak kimni oldik? Buxorolik Firdavs Asadov. U deyarli oʻynamayotgandi. Keyin Behruz Saʼdulloyev. U zaxirada oʻtiribdi.
Umuman olganda, oʻtgan yilgi “Qoʻqon-1912” bu yilgisiga qaraganda nisbatan kuchliroq edi. Lekin joriy mavsumda negadir qoʻqonliklarning barqaror oʻyin koʻrsatishi qiyinroq kechmoqda. Bu yilgi dastlabki vazifa esa kuchli oltilikka kirish edi, ammo bu uddalanmadi. Keyin bor eʼtibor Kubok bahslariga qaratildi va jamoa yarim finaldan qaytdi. Bu ketishda rahbariyatning bosh murabbiyga boʻlgan ishonchi kamayib bormasmikin? Noʻmon Nurmatovichdan shu haqida soʻraganimizda u quyidagicha javob berdi.
- Menga hujumchi yetishmayapti. Jasur Hakimov esa hozircha bitta gol urdi. Oʻtgan yili jamoangiz kuchliroq edi deyapsiz. Chunki oʻsha paytda menda yaxshi hujumchi bor edi – Filip Rayevas. U bir qator gollar urdi va jamoamiz joniga oro kirgandi. Men himoyaviy oʻyinni yoqtirmayman. Agar bunday uslubda oʻynash kerak boʻlsa, bemalol oʻynayveraman. Biroq bu muxlislarga yoqmaydi. “Paxtakor”da ishlaganimda ayrim vaziyatlarda oʻyinimiz yoqmasdi. Mana, endi oʻzim mustaqil ishlayotganimdan beri oʻylagan taktik usullarimni amalga tatbiq etishga harakat qilyapman. Mana, Javohir Sidiqovni olaylik. U Qoʻqonda oʻsishga erishyapti. Hujumkor oʻyin doim ishqibozlarga yoqadi. “Paxtakor”ga qarshi chuqur himoyadan oʻynasak ham boʻlardi. Ammo baribir yutqazardik-da. Ularga mos kelish uchun “Paxtakor” bilan tengma-teng oʻynash, ular bilan bir xil yugurish kerak. Har bir futbolchi oʻz raqibi bilan teng darajada raqobat qila olishi lozim. Shaxsan men mana shunday koʻrsatmalarni bergandim. Javohirga Dilshod Rahmatullayev bilan raqobat qilish kerak edi va unga oʻzingni koʻrsat dedim. Kim kuchli umi yoki senmi? Bu oʻzing uchun imkoniyat degandim. Ammo Rahmatullayev ikkinchi golni urdi. Tanaffus paytida Javohirga seni oʻyinching gol urdi desam, u penalti ishladim-ku deyapti (kuladi). Lekin futbolchi baribir oxirigacha ishlashi kerak.
Yana bir gap: “Qoʻqon-1912”ning himoya chizigʻida chindan ham muammolar bor. Buni “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda koʻrdik. Hozirgi paytda esa bosh murabbiyni aynan mudofaa chizigʻidagi muammolar qiynayotgan boʻlsa ajab emas. Chempionat boshida ushbu klubda serbiyalik mutaxassis ish boshlagandi va uni Hasanov himoyachilarga masʼul deb aytgandi. Tan olish kerakki, oʻshanda himoyachilar ancha tartibli oʻynashayotgandi. Ammo keyinchalik himoyachilar betartib oʻynashni boshlashdi. Qolaversa, serbiyalik mutaxassis ham jamoada koʻrinmay qoldi. Mazkur masalaga esa bosh murabbiy shunday munosabat bildirdi:
- Oʻtgan yili serbiyalik murabbiy boʻlmaganida ham himoyachilarim yaxshi oʻynashgan va 7-8 ta oʻyinda 2 ta gol oʻtkazgandik xolos. Dukichga keladigan boʻlsak, uni ikki marta yuragi “ushlab” qoldi. Shunda ham uni bu yerda qoldirsak notoʻgʻri boʻlardi. Agar shu yerda unga biror narsa boʻlib qolganida biz aybdor boʻlib qolardik. Men unga bu haqida uydagilaringga ayt desam aytmadi. Qoʻqonda bir marta va Toshkentda bir marta yuragi xuruj qilib qoldi. Aslida uni qoʻyib yubormasdim. Ammo yuragi bezovta boʻlavergach, baribir xorijlik odam, shu bois oxiri ketkazishga majbur boʻldim.
Shuhratbek JOʻRAYEV suhbatlashdi.
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar