«Qo‘qon-1912» jamoasining sardori Murod Xolmuhammedovni bugungi kunda har tomonlama yetakchi deya olamiz. U himoyachi bo‘lsa-da, gol urishni ham qoyillatadi. Masalan, o‘tgan yili Murod 11 ta gol urgandi, bu yil esa raqiblar darvozasiga 8 ta to‘p kiritdi. Xo‘sh, himoyachi bo‘lishiga qaramasdan u qanday qilib o‘z jamoasining to‘purariga aylanmoqda?
- Bilasizmi, jamoamizning o‘yin davomidagi asosiy ustunligi ham aynan standart vaziyatlar hisoblanadi, - deb gap boshladi Xolmuhammedov. - Jamoadoshlarim esa bu borada menga ishonadilar. Shu boisdan urgan gollarimni asosan standart vaziyatlar orqali kiritdim. Masalan, penaltidan, burchak zarbasidan so‘ng yoki bo‘lmasa jarima zarbalari orqali. Bularning barchasi esa mashg‘ulotlardagi mehnatlarimizning samarasidir. Chunki mashg‘ulotlarda ham, standart vaziyatlar ustida ham ko‘p ishlaymiz. Bundan tashqari, omadga ham ko‘p narsa bog‘liq deb o‘ylayman.
Odatda himoyachilarning asosiy ishi umuman boshqacha. Ya’ni, ular asosan raqib hujumlarini qaytarish bilan ovora bo‘ladilar. Ammo Xolmuhammedov o‘z ishidan tashqari jamoasi uchun ham muhim gollar urishni bajarib keldi.
- To‘g‘risini aytganda, gol urishdan ko‘ra avvalo o‘z pozitsiyamizda ishonchli o‘yin ko‘rsatib raqib hujumlarini qaytarish haqida bosh qotiraman. Ammo o‘z o‘rnida shuni ham aytmoqchimanki, bungacha maydonga tushganimda faqat bitta maqsadim bo‘lardi: u ham bo‘lsa raqib hujumlarini qaytarishdan iborat edi. Keyinchalik esa maydonga tushganimda ikkita maqsadim paydo bo‘ldi: bular – raqib hujumlarini qaytarish bilan birga gol urishni ham vazifa qilib oldim. Shu bois har bir o‘yinda maydonga tushganimda gol urishni ham maqsadlarimdan biriga aylantirgan holda iloji boricha standart vaziyatlardan samarali foydalanishga harakat qildim, - dedi jamoa sardori.
Aslida bu futbolchi himoyachidan ko‘ra yarim himoya yoki hujum chizig‘ida ham bemalol o‘ynay oladigandek. Chunki bunga uning gol urish borasidagi sermahsulligi turtki bermoqda. Qiziq, uning o‘zi ham oldingi chiziqda o‘ynay olish imkoniyatini qanday baholarkin?
- Shunday paytlar ham bo‘ldiki, murabbiylar meni qanot himoyasidan markaziy himoya pozitsiyasida ham o‘ynatishdi. Umuman olganda, men joy tanlamayman. Murabbiylar meni qayerga qo‘yishsa o‘sha joyda o‘ynab ketaveraman. Aytmoqchimanki, o‘zimni bemalol yarim himoya yoki hujumda ham sinab ko‘ra olaman. Lekin hozirgi paytda asosan himoya chizig‘ida foydam tegayotgani sababli murabbiylar mendan asosan ushbu chiziqda foydalanib kelmoqdalar. Hattoki, darvozaga qo‘yishsa ham hech qarshiliksiz murabbiylarning ko‘rsatmalarini bajargan holda o‘sha joyda ham o‘ynayveraman. Muhimi, maydonga tushganda mening jamoam uchun foydam tegishini xohlayman.
Kuni kecha «Qo‘qon-1912» o‘z yetakchilari bilan shartnomalarini uzaytirdi. Tabiiyki, Xolmuhammedov bilan ham birinchilardan bo‘lib o‘zaro hamkorlik uzaytirildi. Bu borada uning o‘zi shunday dedi:
- Ha, klub bilan hamkorlikni yana uzaytirishga qaror qildik. Bungacha «Qo‘qon-1912»da to‘liq uch mavsumni o‘tkazdim va nasib qilsa kelasi yili to‘rtinchi yilni o‘tkazaman. Bilasizmi, men har yili jamoa almashtiradigan futbolchilar toifasidan emasman. Iloji boricha bir jamoa tarkibida ko‘proq o‘ynashni xush ko‘raman. Buning ustiga Qo‘qonda futbolni juda qadrlashadi. Shu boisdan bu yerda o‘ynash o‘zimga ham yoqadi. Shuningdek, klub rahbarlari bilan o‘rtamizda ham o‘zaro ishonch va hurmat yuqori darajada.
Shuningdek, jamoaga Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiy etib tayinlandi va futbolchilar yangi mutaxassis boshchiligida shug‘ullanmoqdalar. Xolmuhammedov esa Ashurmatov xususida quyidagicha fikr bildirdi:
- Murabbiy o‘zgarganiga kelsak, Baxtiyor Ashurmatov haqida yaxshi fikrdaman. To‘g‘risi, ushbu murabbiy bunga qadar ham meni boshqargan klublariga taklif qilgandi. Lekin «Qo‘qon-1912»ni tashlab ketmagandim. Nihoyat, bu safar Ashurmatov bilan birga ishlaydigan bo‘ldik. Rahbarlarimiz ushbu mutaxassisga ishonch bildirishdi. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda ishlagan klublarida Ashurmatov o‘zi kutganchalik ko‘p vaqt faoliyat ko‘rsata olmagandir. Buning sabablari esa bizga qorong‘u. Ammo men uni yaxshi saviyadagi murabbiylar qatoriga qo‘shaman. Ishonamanki, biz yangi mavsumda ushbu murabbiy boshchiligida oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olamiz.
Bundan tashqari, qo‘qonliklarning sardoriga boshqa klublardan ham takliflar bo‘ldi. Ayniqsa, unga xorijdan bir qator qiziqarli chaqiruvlar kelib tushgani ma’lum bo‘ldi.
- Yashirmayman, menga takliflar ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa, xorijdan qiziqishlar yetarlicha bo‘ldi. Malayziya, Tailand, Janubiy Koreya, Eron hamda Xitoy klublari tomonidan chaqiruvlar kelib tushdi. Xitoyliklarning taklifi 50x50 edi, ammo qolgan jamoalar menga tayyor shartnomalarni taklif qilishgandi. Xo‘sh, nima uchun legionerga aylanmadim? Yashirishning hojati yo‘q, futbolchilar yaxshi taklif qilinadigan pullar evaziga xorijga yo‘l olishadi. Lekin bu borada menda mablag‘ga ortiqcha zarurat yo‘q. Negaki, sharoitim yaxshi va Xudoga shukrki, o‘ziga to‘q oiladanman.
Buning ustiga legioner bo‘lib o‘ynash ham oson ish emas. U yerga borganingizdan keyin siz o‘ynab keta olasizmi yoki zaxirada qolib ketasizmi, bunisi ham noma’lum. Qo‘qonda esa menga to‘liq ishonishadi. Qolaversa, boya aytganimdek, Ashurmatov meni doim o‘zi boshqargan jamoalarga chaqirib kelgan. Ammo bu safar u «Qo‘qon-1912»ga kelgach, men ketib yuborsam ushbu murabbiyga nisbatan ham hurmatsizlik qilgan bo‘lardim. Shuning uchun xorijdan tushgan takliflarga jiddiy qaraganim ham yo‘q.
Shu o‘rinda jamoa yetakchisi «Qo‘qon-1912»ning «Mavsum-2019»dagi ishtiroki borasida to‘xtalar ekan, shunday dedi:
- Bu yil 11-o‘rinni egalladik. Ammo shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu jamoamizga mos emasdi. Bizning kuchimiz va imkoniyatlarimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, «Qo‘qon-1912» yanada yuqori o‘rinlarga munosib edi. Buni bizning namoyish etgan o‘yinlarimiz ham ko‘rsatib turibdi. Ammo qayerdadir omad bizdan o‘girdi. Yana qayerdadir o‘zimiz qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Shuningdek, yana bir asosiy sabablardan biri, biz birinchi davrada adashmasam 11 ta o‘yinni safarda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Buning sababini muxlislar yaxshi bilishadi. Agarda hammasi risoladagidek bo‘lib, barchasi to‘liq taqvim asosida o‘tkazilganida ishonch bilan ayta olamanki, vaziyat umuman boshqacha bo‘lardi. Mayli, shunga qaramay, biz ikkinchi davrada o‘zimiz uchun kerakli ochkolarni qo‘lga kirita oldik.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?