"Bunyodkor" himoyachisi Islom Qobilov olimpiya terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi omadsiz ishtiroki haqida katta intervyu berdi.
O‘tgan oyda Tailandda Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi va agar unda terma jamoamiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritganida yangi tarix yozishgan bo‘lardi. Afsuski, tayyor imkoniyat yana qo‘ldan chiqarib yuborildi. Buni eslash esa siz-u, bizga juda og‘ir. Endi esa o‘sha olimpiya terma jamoamiz tugatildi. Chunki ular qatnashadigan boshqa musobaqa ham qolmadi.
O‘sha jamoaning sardori Islom Qobilov ham keskin tanqidlarga uchradi. Garchi musobaqa davomida penaltidan uchta gol urganiga qaramay, himoyada bir qator xatolarga yo‘l qo‘ygani ham kuzatildi. Lekin o‘sha tarkibda kelajagi porloq o‘yinchilarimiz ko‘p edi. Shu bois ularning ayrimlari milliy terma jamoaga ham jalb qilinmoqda. Bulardan biri esa yuqorida nomi keltirilgan Islom Qobilovdir. Biz esa u bilan katta intervyu uyushtirdik.
- Rosti, milliy terma jamoaga chaqirishlarini kutmagandim, - deya gap boshladi, Qobilov. - Ayniqsa, Tailanddagi Osiyo chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatmaganim sababli ham meni bosh jamoamizga jalb etishlarini o‘ylamagandim. Bu haqida “Bunyodkor” klubiga xat kelgach, o‘zimizning “Telegram”dagi kanalimizda ma’lum qilishdi. Chaqirilganlar ro‘yxatini qarasam mening ham ism-familiyam bor ekan. Bu albatta quvonarli holat. Shunday ekan, milliy terma jamoada o‘zimizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchimiz bilan mehnat qilamiz.
- O‘zingiz ham Osiyo chempionatidagi o‘yiningizdan qoniqmaganingizni tan oldingiz. Musobaqa davomida garchi penaltidan uchta gol urgan bo‘lsangiz-da, baribir asosiy vazifa bajarilmagach, tanqidlar ko‘p bo‘ldi. Shu jumladan sizga nisbatan ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Sizningcha, bularning barchasi avvalo nima bilan bog‘liq?
- Maydondagi boshqa futbolchilarda 100 foiz bosim bo‘lsa, jamoa sardori bo‘lganim uchun menda undan-da ko‘proq bosim bo‘ladi. Terma jamoa sardorida birinchi navbatda xato qilishga haqqi yo‘q. Sardor o‘z nomiga yarasha yetakchi va jamoani o‘z ortidan ergashtira oladigan bo‘lishi kerak. Musobaqa davomida iloji boricha yaxshi o‘ynashga harakat qildik. Lekin qanaqa gol o‘tkazib yuborganimizdan qat’iy nazar bunday vaziyatda avvalo markaziy himoyachining aybi bo‘ladi.
Mening asosiy ishim gol urish emas, aksincha o‘z joyimizda bexato o‘ynash va darvozamiz daxlsizligini ta’minlashdan iborat. Agar mendan kiritgan uchta golimning o‘rniga uchta o‘yinda darvozamiz daxlsizligi ta’minlanishi ustun qo‘yilishi haqida aytilganida men o‘ylanib o‘tirmasdan bunga rozi bo‘lardim. Birgina Xitoy bilan uchrashuvda darvozamizdan gol o‘tkazib yubormadik. Ammo qolgan barcha uchrashuvlarda darvozamiz daxlsizligini saqlay olmadik. Shu bois o‘yinimdan ko‘nglim to‘lmadi.
- Vazifa bajarilmagach, sizlarga nisbatan bildirilgan tanqidlarga qanday munosabatda bo‘ldingiz?
- OAV orqali muxlislarning tanqidlarini o‘qidim. Menga nisbatan ham yaxshi fikrlar bildirilmadi. Balki meni yuzlab odamlar yomonlashgandir, Ronaldu yoki Messi bir o‘yinda gol ura olishmasa ularni minglab muxlislar tanqid qilishi mumkin. Ular nimasi bilan kuchli? O‘zlariga nisbatan bildiriladigan tanqidlarni ko‘tara olishadi. Masalan, Ronaldu o‘z intervyularida tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman va tanqid qilishsa maza qilaman deydi.
Biz ularning darajasiga chiqishni istasak, mana shunday tanqidlarni ham to‘g‘ri qabul qila olishni o‘rganishimiz kerak. Agar “Liverpul” o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yuborsa, eng zo‘r himoyachi sanalgan Van Deyk tanqid qilinadi. Shu bois ishimiz shunaqa, hamma ham markaziy himoyachi bo‘lavermaydi. Agar hujumchi gol ura olmasa, uni bizchalik keskin tanqid qilishmaydi, chunki u keyingi safar gol urishi mumkin. Himoyachi yoki darvozabon xato qilib qo‘ysa, bu natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
- Baribir terma jamoamizning imkoniyati yuqori baholangandi. Chunki tarkibda eng yaxshi o‘yinchilarimiz jamlangandi. Olimpiadaga chiqishimiz uchun bizda ikkita imkoniyat bo‘ldi. Ammo yarim finalda ham, uchinchi o‘rin uchun bahsda ham alamli tarzda yutqazdik. Sizningcha, o‘shanda bizga nima yetishmadi?
- Hamma narsa bizga qarshi bo‘ldi desak ham bo‘ladi. BAAga qarshi uchrashuvdan oldin biz bir kun ko‘proq dam olgandik. Maydonda esa ularga nisbatan tetikroq ko‘rindik. Xuddi shunday vaziyat keyingi uchrashuvda bizga qarshi bo‘ldi. Saudiya bizga qaraganda bir kun ko‘proq dam oldi. Shunga qaramay, o‘yinda biz faollik ko‘rsatgandik. Maydonda o‘ynagan o‘yinchi sifatida bizga shu narsa ko‘rindiki, ularning futbolchilari charchab qolishgandi. Bizning xayolimizda qo‘shimcha taymlarga tayyorgarlik ko‘rish degan narsa yo‘q edi. Biz hammasini asosiy vaqtda hal qilmoqchi edik. Bunga jamoamizning kuchi yetardi.
Afsuski, o‘zimiz yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadik. Bobur Abduholiqov ham golli vaziyatlardan foydalana olmadi. Qisqasi, bizdan omad yuz o‘girdi. Raqibning goli esa rikoshet bo‘lib darvozamizga kirib ketdi. Saudiyaga yutqazganimizdan keyin hammamiz tushkunlikka tushib qolgandik. Murabbiylar esa biz futbolchilarni ruhlantirishga harakat qilishdi. Avstraliya bilan bahsga tiklanishimiz kerak edi. O‘sha o‘yinning birinchi bo‘limida ham ularni ancha charchatib qo‘ydik. Garchi ularga nisbatan jussamiz kichikroq bo‘lsa-da, lekin o‘yin tomonlama ustunroq edik. Ikkinchi bo‘limda raqib futbolchisi gol urdi va bu biz himoyachilarning xatosi edi.
Shunday bo‘lgan taqdirda ham bizda ikki yoki uchta gol urishimizga ishonchimiz bor edi. O‘yindan oldin murabbiyimizning o‘z rejasi bor edi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda Oybek Bozorovni zaxiradan maydonga tushirib o‘yinni kuchaytirmoqchi edi. Lekin u qizil kartochka tufayli maydondan chiqib ketdi. O‘yinni kuchaytirish uchun tushirilgan futbolchining chetlatilishi o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. 10 kishi bo‘lib qolganimizda ham biz ko‘proq hujumlar uyushtirdik.
- Ayniqsa, yarim final va uchinchi o‘rin uchun bahslarda jamoamizda katta bosim bo‘lgani va yigitlar bunday muhim pallalarda bu kabi bosimlarni ko‘tara olmasliklari haqida fikrlar bildirildi. Siz bunga nima degan bo‘lardingiz?
- Albatta bosim bo‘ladi. Chunki bitta o‘yin hamma narsani hal qilardi. Agar biz Olimpiadaga chiqqanimizda hayotimiz, faoliyatimiz butunlay o‘zgarib ketishi mumkin edi. Biz ham bunday holatlarni o‘ylaymiz. Butun xalqimiz bizdan umid qilib turganini ham bilardik. Bunday jarayonda esa xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir bosim bo‘ladi.
Masalan, bunday muhim uchrashuvlardan oldin bizda uyqu bo‘lmasdi. Kechasigacha ertaga nima bo‘larkin deb o‘ylanib chiqasiz. Lekin endi nima desak ham bu bahona bo‘la olmaydi. Omad kelmadi, bizga hamma narsa qarshi bo‘ldi yoki bosim kuchli bo‘ldi desak ham bu o‘zimizni oqlash emas.
- Bosh murabbiy Drulovich haqida ham turli fikrlar ko‘p aytildi. Xolisona aytganda, u yomon murabbiy emas. Biroq har qanday vaziyatda ham natijaga baribir bosh murabbiy javobgar. Iste’foga chiqarilgan sobiq murabbiy haqida nima deya olasiz? U jamoamizga nimani singdira olgandi?
- Drulovichning tarixini qarasangiz, u Yevropada, ayniqsa Portugaliyada ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan. Serbiya yoshlar terma jamoasini Yevropa chempioni qilgan. U o‘z vaqtida terma jamoasining ham yetakchisi bo‘lgan. Bitta narsani aytishim mumkin, u bizga ko‘proq professionallikni o‘rgatdi. O‘zi ham juda professional murabbiy.
- Murabbiylar shtabida ikki yil oldin olimpiya jamoamizni Osiyo chempioni qilgan Ravshan Haydarov ham bor edi. Agar u yana bosh murabbiy bo‘lganida Olimpiadaga chiqqan bo‘lardik, degan fikrlarni ham aytishdi. Siz bunga qo‘shilasizmi?
- Oldindan bir narsa deyish qiyin. Agar bu Osiyo chempionatida Ravshan Haydarov jamoani boshqarib muvaffaqiyatsizlikka uchraganimizda uning o‘rniga xorijlik murabbiy olib kelinishi kerak edi, deb odamlar baribir gapirardi. Har bir murabbiyning kuchli taraflari bor. Ravshan akani ham o‘ziga yarasha ustun tomonlari bor.
Masalan, Haydarov terma jamoadagi barcha o‘yinchilarni Drulovichdan ko‘ra yaxshiroq bilardi. Ikki yil oldin ham shu tarkibdan bir qator o‘yinchilarni Osiyo chempionatiga olib borgan. Qaysi futbolchi qanday vaziyatda nima qilish kerakligini Haydarov yaxshi bilardi. Drulovich esa hali bizning mentalitetimizni yaxshi bilmasdi. Ektor Kuper kelgan dastlabki paytida men mentalitetni yaxshiroq bilishim uchun o‘zbek bo‘lishim kerak degandi. Ravshan Haydarov biz nima xohlayotganimizni yaxshiroq tushunardi. Lekin Drulovich hujumkorlikni yaxshi ko‘rardi va bizni ham ko‘proq shunday uslubda o‘ynashimizga o‘rgatdi.
- BAA bilan uchrashuvdan oldin Vadim Abramov bilan Ro‘ziqul Berdiyev Tailandga borib sizlar bilan uchrashishdi. Yirik hisobdagi g‘alabadan keyin esa ko‘pchilik ularning kelgani yigitlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani haqida aytishdi. Chindan ham Abramov bilan Berdiyevning kelgani sizlarga katta motivatsiya berdimi?
- Odamlar orasida ular kelib Drulovichning ishiga aralashishdi deganlari ham bo‘ldi. Ammo Abramov ham, Berdiyev ham bosh murabbiyning ishiga umuman aralashishmadi. Mashg‘ulotimizga kelganda ham faqat tomosha qilishdi xolos. Faqat bo‘sh paytimizda bizni 5-6 daqiqaga yig‘ishdi va o‘z fikrlarini aytishdi.
Masalan, jamoamizdagi 10 nafar futbolchi Ro‘ziqul Berdiyevning shogirdi edi. Vadim Abramov boshqarayotgan “Bunyodkor”dan esa beshta o‘yinchi terma jamoada bor edi. Qolaversa, Vadim Karlenovich milliy terma jamoamizning ustozi. Shu bois u kim o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatsa milliy termaga nomzod bo‘lishini aytdi. Bu ham o‘yinchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi. Ular shunchaki o‘zlarining maslahatlarini berishdi.
- Toshkentga qaytib kelganinglardan keyin o‘zingizni qanday his qildingiz? Gap-so‘zlar sababli o‘zingizga alohida ruhshunos yollamadingizmi?
- Iloji boricha dam olishga harakat qildik. “Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Al Aynga ketishganida bizga hordiq berishdi. Qanday harakat qilganingizdan qat’iy nazar yaqinlaringiz uchun qadrli bo‘lib qolaverasiz. Yana bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerakki, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori qaytib kelganimizdan keyin u yerda o‘qiydigan futbolchilarni chaqirtirib, bizni mukofotlab barchamizga katta dalda berdi.
- Ko‘cha-ko‘yda yurganingizda odamlarning ko‘ziga qanday qarayapsiz? Turli e’tirozlarni eshitishingizga to‘g‘ri kelyaptimi?
- Baribir odamlar gapiradi. Yaxshi imkoniyat bor edi, lekin chiqa olmadinglar deyishadi. Bunday gaplarga iloji boricha ahamiyat bermay deysiz-u, ammo baribir bu kabi gaplarni eshitishga majbur bo‘lasiz. Lekin biz bularni professional darajada qabul qilishimiz kerak. Biz bungacha ham alamli tarzda omadsizliklarga uchraganmiz.
Masalan, Abramov boshchiligidagi olimpiya terma jamoamiz yutayotgan chog‘ida BAAga yutqazib qo‘ygan. Milliy terma jamoamizga esa jahon chempionatiga chiqish uchun bir gol yoki bir ochko yetmay qolgan paytlari bo‘lgan. Bular bekordan-bekorga bo‘lmaydi, mana shunday omadsizliklarga yarasha vaqti kelib O‘zbekiston jahon chempionatiga ham, Olimpiadaga ham chiqadi.
- Muxlislardan uzr so‘raysizmi?
- Albatta. Biz o‘zimizga nisbatan bo‘layotgan ishonch va e’tiborni his qilib o‘ynadik. Agar muxlislar bizning Olimpiadaga chiqishimizni 100 foiz xohlashgan bo‘lishsa, biz futbolchilar buni yanada ko‘proq xohlagandik. Lekin o‘xshamadi. Tailandga borib bizni qo‘llab turgan va televizor orqali muxlislik qilgan xalqimizdan uzr so‘raymiz. Endi milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqib, aybimizni yuvishga harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»