22:10 / 11.07.2020
2 829

«Butsa olish uchun «moyka»da ishlardik». Qishloqdan chiqqan yulduz – Otabek Shukurov hikoyasi

«Butsa olish uchun «moyka»da ishlardik». Qishloqdan chiqqan yulduz – Otabek Shukurov hikoyasi
«Futbol mehnatdan iborat» – bu galgi suhbatdoshimiz futbol o‘zi uchun nimani anglatishini qisqacha mana shunday tushuntirdi. U suhbat davomida ham mehnat so‘zini ko‘p ishlatdi. Buni qarangki, muxlislar ham unga ta’rif berganda avvalo mehnatkash ekanini aytishadi.

Kun.uz intervyuning navbatdagi mehmoni yoshligidan mashhurlikka erishgan va hamon yuqori saviyada futbol o‘ynab kelayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi va BAAning «Sharja» klubi futbolchisi Otabek Shukurov. Qanday futbolga kirib kelgani, mamlakat sharafini himoya qilgan o‘yinlar, chempionlik sovrinini ko‘targandagi hissiyot, futboldagi qiyinyiliklar – bularning barchasi haqida Otabekning o‘zidan eshitsak.

«Qishloqdan Toshkentga qanday borasan, deyishgan...»
«Men Otabek Shukurov. 1996 yil Qashqalaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilganman. Ilk mashg‘ulotlarimni Islom Mavlonov murabbiyligida Chiroqchidagi markaziy stadionda o‘tkazganman. 9 yoshimgacha Chiroqchida shug‘ullandim. Keyinchalik Qarshi shahri futbol maktabining imtihonidan o‘tib, u yerda shug‘ullana boshladim. Futbolga qiziqishimning asosiy sababchisi – dadam. U kishi futbolga juda qiziqadilar.

Oilada 4 farzandmiz. Dadam Murodov G‘ayrat 1963 yil tug‘ilgan. Dadam paxta zavodida ishlaganlar. Onam Boboqulova Rohila boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi. Oilada bir qiz uch o‘g‘ilmiz, dadam biror o‘g‘limni futbolchi qilaman deb niyat qilganlar. Dadamning o‘zlari ham futbolchi bo‘lishni, «Paxtakor»da o‘ynashni orzu qilganlar. Ammo buvam qishloqdan Toshkentga qanday borasan, deb unamaganlar. Shu sabab dadam bizni futbolga o‘zi olib borgan.

Qarshi futbol maktabida Umar Ubaydullayev murabbiyligida 4 yil shug‘ullandim. To‘g‘risi, o‘shanda futbol maktabida sharoitlar yomon edi, lekin tushundikmi, shunday joylardan ham futbolchilar chiqarkan. U yerda men bilan hozir futbol o‘ynayotganlardan Umar Eshmurodov, Kenja To‘rayevlar shug‘ullangan. O‘sha vaqtlar Muborakda Bahrom Vafoyev nomli musobaqa bo‘lardi. O‘sha yerga borib ikkinchi o‘rinni olganmiz. Musobaqadan keyin «Mash’al» akademiyasidan qiziqish bo‘lgan va shu tariqa akademiya safiga borib qo‘shildim.

«Chempionlik uchun bir million so‘m olganmiz»
Akademiyadagi birinchi murabbiyim Dilshod Andayev bo‘lgan. Professional futbolchi bo‘lishimda Dilshod akaning xizmati katta. Keyin Vali Keldiyev bilan ham ishlaganmiz. Akademiyadan meni «Mash’al» o‘rinbosarlar jamoasiga chaqirishgan. O‘sha vaqtda o‘rinbosarlarda Xomyakov murabbiy edi. O‘rinbosarlar safida yurganimda 16 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempionatida o‘ynab, g‘olib bo‘lganmiz. Bu unutilmas xotira bo‘lgan. Inshaalloh bu haqda farzandlarimiz, nabiralarimizga ham aytib beramiz.

Futbolda ilk marta topgan pulim o‘sha chempionlikdan keyin olgan bonusim bo‘lgan. Adashmasam, bir million so‘m olganman. U vaqtda juda qadrli pul edi. Taqdirlash marosimida ota-onam ham kelishgan va pulni ularga berganman. O‘sha vaqtda akam o‘qishni boshlagan, opamni uzatganmiz, dadamning salomatliklari yomonlashib, oilamiz qiynalgan vaqt edi. Xullas, iqtisodiy qiyinchilik vaqti bo‘lgan. Balki shu narsalar bizga turtki bo‘lgandir.

Dilshod Nuraliyev jamoasiga yig‘inga borganda 23 kishilik ro‘yxatga kira olarmikinman deb o‘ylaganman. Keyin tarkibga kirdim, musobaqada jamoa sardori bo‘ldim. Chempion bo‘lib, bosh sovrinni ko‘targanda nimani his qilganimni ta’riflab bo‘lmaydi.

«Mash’al» akademiyada sharoit zo‘r edi»
Osiyo chempioni bo‘lishimizda «Mash’al» akademiyasining o‘rni katta, chunki o‘sha vaktda akademiyaning sharoitlari juda zo‘r edi. Mana, Eldor Shomurodov ham o‘sha yerdan chiqqan. O‘zbekiston chempionatining deyarli har bir jamoasida «Mash’al» akademiyadan chiqqan futbolchini uchratasiz.

2013 yilda «Mash’al» Oliy Ligadan Birinchi Ligaga tushib ketgan. Keyin biz bir yildan keyinoq Oliy Ligaga qaytdik. 2014 yildan Oliy Ligada o‘ynay boshladim, ungacha 2013 yil BAAda yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida qatnashdim. O‘shanda Hondurasga alamli mag‘lubiyatga uchraganmiz. Akrom Komilov 20-daqiqada qizil kartochka olgan va 10 kishi bo‘lib o‘yinni yutqazganmiz. Jahon chempionatida o‘ynagan vaqtimda Germaniyadan qiziqishlar bo‘lgan va «Hoffenxaym» jamoasida o‘zimni sinab ko‘rganman.

Keyinchalik Sergey Lushan murabbiyligidagi O‘zbekiston yoshlar jamoasiga chaqirila boshladik. Lushan «Bunyodkor»ga murabbiy bo‘lgach, 2014 yil oxirida «Bunyodkor»ga o‘tganman. Uch yil «Bunyodkor»da o‘ynab, Chempionlar Ligasida qatnashdim, bir marta O‘zbekiston chempionatida kumush medal oldim. Shu jamoadagi o‘yinim sabab milliy jamoaga chaqirila boshladim.

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashib, yarimfinalgacha bordik va jahon chempionatida yo‘llanma oldik. Yangi Zelandiyadagi jahon chempionatida ham munosib ishtirok etdik deb o‘ylayman. Jamoa murabbiyi Ravshan Haydarovning ham faoliyatimda foydasi katta bo‘lgan, u kishini juda yaxshi inson deb bilaman.

«Paxtakor» ham taklif bilan chiqqan»
Olimpiya jamoasidagi o‘yinlarimiz sabab men, Eldor Shomurodov, Akrom Komilov, Doston Hamdamovlar milliy jamoaga chaqirildik. Milliy jamoadagi debyutimni 2016 yil 1 sentabr kuni «Bunyodkor» stadionida Suriyaga qarshi o‘tkazganman, 1:0 yutganmiz. O‘shanda JCH-2018 saralashini yaxshi boshlaganmiz, ammo oxirida omadimiz kelmagan. Jahon chempionati yo‘llanmasini boy berganimizdan keyin xorijga chiqishni xohlaganman. Menga arab va rus klublaridan qiziqish bo‘lgan. «Paxtakor» ham taklif bilan chiqqan.

BAAga ketishimga Aziz Haydarov turtki bo‘lgan. U o‘shanda BAA chempionatida o‘ynardi. Qaysi jamoaga borsam, o‘zimni yaxshi his qilishga harakat qilaman, ammo u yerga moslashib qolishga urinmayman. «Sharja»da menga bo‘lgan munosabat juda yaxshi, lekin men doim ko‘prog‘ini xohlayman. «Bunyodkor»da ham shunday edi, «Sharja»da ham shunday. BAAda legionerlarga talab katta. Har bir klubda to‘rt nafar legioner bor va yoqmay qolgan legioner istalgan vaqt almashib qolishi mumkin. Hatto bir jamoada mavsum davomida to‘rt marta murabbiy almashishi hech gap emas. BAA chempionati ham yaxshi, lekin men o‘zimni Yevropada sinab ko‘rmoqchiman.

«Biz borgan maktablarda minglab bolalar bor edi, ammo 5-10 kishi futbol o‘ynab ketdi»
Bizda ko‘pchilik futbol o‘ynash uchun pul kerak, tanish kerak deb o‘ylaydi, lekin bunday emas, futbolda faqat mehnat bilan nimagadir erishish mumkin. Qaytanga biz futbolning orqasidan ro‘zg‘or qilamiz, iqtisodimizni yaxshilab olamiz. Masalan, biz o‘ynagan maktablarda minglab bolalar bo‘lgan, lekin oshib borsa 5-10 kishi futbol o‘ynab ketdi. Balki o‘sha o‘ynay olmaganlar shunday gap chiqargandir. Biz bilan o‘ynagan bolalar ichida bizdan zo‘r o‘ynaydiganlar bo‘lgan, butun jamoani aldab gol uradigan bolalar bor edi, ammo ular qiyinchilikka chiday olmagan.

«Hozirgacha poyafzalni yaxshi tikaman»
Biz 8-9 yosh vaqtimiz butsa olish uchun mashina yuvganmiz, etikdo‘zlik qilganmiz. Akademiyada o‘qigan vaqtim ham to‘p, poyafzal tikib pul ishlaganman, hozirgacha yaxshi tikaman. Hech bo‘lmasa borib kelishga yo‘lkira uchun pul topishga, ota-onamizga yengillik qilishga urinardik. Biz bilan o‘ynagan yigitlar orasida boy oilaning farzandi borligini bilmayman. Qaytanga barchamiz futbol evaziga mablag‘ orttirganmiz. Masalan, Rustam Ashurmatov yaqingacha Toshkentda ijarada yashardi.

O‘tgan yil Osiyo chempionatida o‘ynagan vaqtimda takliflar bo‘ldi. Yozgi transferga qattiq tayyorlanganman, ammo Xitoyga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida oyog‘imni sindirib oldim. 6 oy davomida futbol o‘ynamadim va shu sabab Yevropaga ketolmay qoldim. Bu vaqtni jarohatimdan tiklanishga sarfladim va ketgan xarajatning barchasini «Sharja» klubi to‘lab bordi. Londonda operatsiya qilindim, reabilitatsiyani ham o‘sha yerda o‘tkazdim va buning barchasini klub tashkillashtirdi.

Kuper nega bizga mos kelmadi?
Ektor Kuperni professional murabbiy deb bilaman. Futbol jarayoni bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, Kuper o‘zi ishlayotgan mamlakat odamlaridan kelib chiqib ishlashi kerak edi, menimcha. U oldin Afrika va Yevropada ishlagan. U yerlarda futbolchilarning jismoniy holati yaxshi. Bizda esa jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan. Kuper bizda himoyaviy o‘yinni joriy qilmoqchi bo‘ldi. Keyinchalik uning o‘zi ham himoyaviy taktika bizga to‘g‘ri kelmasligini tan oldi. Baribir biz Osiyo yoki Afrikaga nisbatan sekinroqmiz, biz uchun 90 daqiqa himoyani ushlab turish qiyin, biz ko‘proq to‘p nazoratini yaxshi ko‘ramiz.

Vadim Abramov esa to‘pni nazorat qilishni, futbol tilida aytganda, tiki-takani yaxshi ko‘radi. Bunday uslub bizning o‘zbek tabiatimizga ham mos keladi. Shu o‘rinda muxlislarimizdan bir narsani so‘ramoqchiman: har qanday holatda bizga duolari bilan yordam berishsin. Ular duo qilib turishsa, biz nasib bo‘lsa, jahon chempionatiga chiqamiz.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Butsa olish uchun «moyka»da ishlardik». Qishloqdan chiqqan yulduz – Otabek Shukurov hikoyasi