Qambarota GES loyihasi boʻyicha muzokaralar yangi bosqichga oʻtdi

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi
Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida energetika sohasidagi yirik strategik tashabbus — “Qambarota GES-1” loyihasi yuzasidan navbatdagi muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki davlat Energetika vazirliklari vakillari, shuningdek tegishli davlat idoralari va sohaviy tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur muloqotda hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish va uning asosiy qoidalarini kelishish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jarayonda xalqaro moliyaviy institut — Jahon banki vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashib, loyihaning ahamiyati va shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishuvga erishish yoʻlida oʻzaro muloqot va hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Bu esa loyihani amalga oshirish jarayoni bosqichma-bosqich oldinga siljishini anglatadi.
“Qambarota GES-1” Markaziy Osiyo miqyosidagi muhim energetik tashabbuslardan biri hisoblanadi. U Qirgʻiziston hududida joylashgan Norin daryosida quvvati 1880 megavatt boʻlgan zamonaviy gidroelektr stansiyasini barpo etishni nazarda tutadi. Ushbu loyiha nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki suv resurslaridan samarali foydalanish va mintaqada energetik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bu kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlab, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini yanada tezlashtirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!