13:55 / 18.07.2020
1 897

"Futboldagi uchta omil, "Paxtakor"da ishonchni his qilmagani va Kuper haqida" - San’at Shixov bilan katta intervyu

"Futboldagi uchta omil, "Paxtakor"da ishonchni his qilmagani va Kuper haqida" - San’at Shixov bilan katta intervyu
Foto: championat.asia
O‘tgan mavsumda Superliga turnir javdalida to‘rtinchi o‘rinni egallagan Jizzaxning "Sug‘diyona" jamoasi ko‘pchilikni e’tirofiga sazovor bo‘lgandi. Albatta, jamoaning 2019 yilgacha bo‘lgan natijlarini inobatga olganda to‘rtinchi o‘rin maksimal natija hisoblanardi. Joriy mavsumda sovrindorlar qatoridan joy olishni istagan Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari mavsumni barqaror o‘tkaza olishmayapti.

Dastlabki turlardagi mag‘lubiyatlar, restatrdan keyingi ketma-ket g‘alabalar, kutilmagan mag‘lubiyatlar, yo‘qotilgan ochkolar jamoaning zarariga ishlamoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz shu sabab jamoaning tajribali futbolchisi San’at Shixov bilan katta intervyu tashkil qildik va o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

- O‘tgan mavsumda sizni AGMK jamoasi safida ko‘rgan edik, o‘yinlaringiz, harakatlaringiz chakki chiqmayotgan edi. Joriy yil boshida esa ko‘plab jamoalardan takliflar bo‘lganiga qaramasdan yakunda "Sug‘diyona" varinatida to‘xtaldingiz. Jizzaxliklarning chorlovini qabul qilishingizga bevosita Ulug‘bek Baqoyev sababchi deya olamiz. Chunki, ushbu mutaxassis qo‘l ostida 2017-2018 yillarda "Buxoro"da birga ishlagansiz...
- To‘g‘ri, "Sug‘diyona"ga murabbiyning taklifi bilan keldim. Baribir futbolda murabbiyning ishonchi ko‘p narsaga bog‘liq. Bu bilan AGMKda menga ishonch bildirishmadi degan fikrdan yiroqman. U yerda hammasi ko‘ngildagidek edi. Biroq, o‘tgan mavsum oxirida jamoamni o‘zgartirish qaroriga kelgandim. Shu payt "Sug‘diyona"dan taklif tushdi va uni qabul qildim.

- "Sug‘diyona" jamoasining joriy yilgi mavsumni barqaror o‘tkaza olmayotganiga qanday omillarni sabab sifatida ko‘rsata olasiz?
- Futbolda saviya muhim. Shuningdek insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori bo‘lishi kerak. Barcha jamoani yutsa bo‘ladi. Bu ilojsiz narsa emas. Buning uchun birinchidan o‘yinga to‘g‘ri munosabat, ikkinchidan ko‘p yugurish, uchinchidan esa raqibga hurmat. Shu uchta omil ko‘p narsani hal qilib beradi. Biz mag‘lub bo‘lgan o‘yinlarimizda yuqoridagilarni qaysi biridir yetishmadi. Kimnidir hurmat qilmadik, qaysidir jamoa bilan bahsda ko‘p yugurmadik.

- Jamoa mag‘lub bo‘lgan uchrashuvlarda ham kurash olib bordi, o‘ynadi. Lekin, futbolda muhimi natija ustuvor sanaladi...
- Siz shunaqa o‘ylashingiz mumkin. Bizga ham eng muhimi g‘alabani qo‘lga kiritishdir. Ammo, futbol o‘z jozibasini yo‘qotmasligi kerak. "Sug‘diyona" hali to‘liq o‘z o‘yinini ko‘rsata olgani yo‘q. Jamoamizni potensiali yuqori. Buni faqat maydonda isbotlash kerak, xolos.

- Ulug‘bek Baqoyev siz uchun qanday murabbiy? Maydonda va maydon tashqarisida...
- Siz buni tasavvur qila olmaysiz. Maydonda qay darajada qattiqqo‘l va talabchan murabbiy bo‘lsa, hayotda buni teskarisi, o‘ta bosiq inson. Ulug‘bek aka yutqazishni istamaydigan halol murabbiy. Oldindan gapirishni yomon ko‘raman. Biroq, kelajakda O‘zbekistondagi eng yaxshi uch nafar murabbiy aniqlansa shularni bittasi Ulug‘bek Baqoyev bo‘ladi. Ularga omad tilayman.

- "Sug‘diyona" o‘tgan mavsumda OCHLga chiqishga juda yaqin kelgandi. Lekin, to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Albatta, 2020 yilgi mavsumda jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgani tabiiy. Biroq, ayni payt yo‘qotilayotgan ochkolar kuzga borib pand bermasmikin...
- Albatta, qimmatga tushishi aniq. Hali ko‘p narsani o‘zgartirishga imkonimiz bor. Xudo xohlasa o‘zimizga kerakli bo‘lgan ochkolarni jamg‘ara olamiz. Buning uchun o‘z ustimizda ko‘proq ishlashimiz kerak.

- Suhbatimizni katta futboldagi faoliyatingizni boshlagan damlaringizni biroz yodga olgan holda davom ettirsak. Aksariyat muxlislarga "Paxtakor" jamoasidagi o‘yinlaringiz orqali tanilgansiz. Ushbu jamoada muvaffaqiyatli to‘p tepib keta olmaganingiz nimalarga bog‘liq? Tarkibdagi raqobatmi yoki murabbiylarni ishonchsizligimi?
- "Paxtakor"ga kelganimda juda yosh edim. Ko‘p narsalarni tushunmasdim. Men o‘sha payt yulduzlarga to‘la jamoaga kelganman. Balki, o‘z ustimda ko‘p ishlamagandirman. Yaxshi o‘ynagan paytlarimda ham jamoa boshlig‘i Samvel Babayandan tuzukroq gap eshitmasdim. Ishonch futbolchi uchun juda muhim. Men "Paxtakor"da shu ishonchni his qilmaganman. Shu vaqtgacha juda ko‘p iqtidorli bollarni ko‘rdim. Lekin, murabbiy ishonch bildirmagandan keyin futboldan ketishdi yoki past saviyada o‘ynab faoliyatini tugatdi.

- Bilamiz, sizni juda yosh aniqrog‘i hali bola bo‘lgan paytingizda Ahmad Ubaydullayev Xorazm futbol maktabidan Toshkentga olib kelgan. Demak, sizni mazkur mutaxassis futbolchi sifatida kashf qildi deya olamizmi?
- Ahmad aka Toshkentga olib kelganlarida 12 yoshda edim. Boshida juda qiynalganman. Katta akam Ibratdan har kuni uyga ketkazib yuborishini so‘rardim. To‘g‘risi Toshkent shevasida gapirishni bilmasdim. Ko‘p bollar ustimdan kulardi. Keyinchalik bunga ko‘nikdim. O‘sha paytda bolalikdan birga katta bo‘lgan bollardan Ivan Nagayev, Sunnatilla Mamadaliyev bilan hamon qadrdon do‘stmiz. Ahmad akaga katta rahmat aytaman. U inson bizni nafaqat futbolchi sifatida, balki, hayotda har qanday vaziyatda erkak bo‘lib gapiga javob beradigan, lavzida tura oladigan inson bo‘lishimizni o‘rgatganlar. Umrlari uzoq bo‘lsin.

- Terma jamoaga ilk marotaba chaqirilishingiz Urugvay bilan o‘yinga to‘g‘ri kelgan. Kavani, Suares kabi yulduzlarga to‘la terma jamoaga qarshi o‘yindan qanday taassurotlar qolgan, hissiyotlar qanday bo‘lgan? Lekin, biznikilar Temur Kapadze boshchiligida golgacha juda yaxshi o‘yin namoyish etishgandi...
- Buni unutib bo‘lmaydi. Berilgan imkoniyat uchun Temur Kapadzega minnatdorchilik bildiraman. O‘sha kecha yomon o‘ynamaganmiz. Saviyamiz qanday ekanligi bilinib qolgan. Qanaqa ma’noda? Urugvay yaratilgan har bitta 10 foizlik imkoniyatdan foydalanib gol urib ketgan. Shuni saviya deyishadi. Buni mashg‘ulotlarda o‘rgana olmaysiz. Bu tug‘ma bo‘ladi. Ular golni his qiladigan, oldindan seza oladigan yosh futbolchilarni topib yanada takomillashtirishadi. Bizda esa teskarisi. Golni his qiladigan iqtidorli hujumchilarni urib, so‘kib bor qobiliyatini ham yo‘qqa chiqarishadi. Shuning uchun bolalar murabbiylaridan iltimos qilgan bo‘lardim, futbolchilarni erkin o‘zi istagancha o‘ynashga ko‘niktirishsin. Futbolchilarni kichkinaligidan ramkaga solib qo‘ymaslik kerak.

- Ektor Kuper qo‘l ostida qisqa vaqt bo‘lsa ham mashg‘ulot o‘tagansiz. Bitta uchrashuvda ham ishtirok etgansiz. Nima deb o‘ylaysiz Kuperni olib kelinishi xato qaror bo‘lmadimi? Chunki, uning uslubi va falsafasi bugungi zamonaviy futbolga mos kelmasligi aniq edi. Hozir futbol ko‘proq to‘p bilan muomala qilishni talab qiladi. Hattoki, himoyaviy taktik o‘yinni maromiga yetkazadigan Italiya ham bundan voz kechmoqda. Umuman olganda argentinalikni qanday xotiralar bilan eslaysiz?
- O‘sha dastlabki yig‘indan keyin Kuper bizni futbolga to‘g‘ri kelmasligini tushunganman. Argentinalik mutaxassis haqiqatdan ham jahon saviyasidagi, o‘z obro‘yiga ega shaxslardan biri. U talab qilayotgan futbol esa esa 2010 yilgacha ish bergan, xolos. Bizining futbol to‘p bilan muomala qilishga moslashgan, hujumkor, tezkor futbol hisoblanadi. Faqat gol o‘tkazmaslikni o‘ylab, bitta imkoniyatni kutib yotadigan futbolga muxlislar rozi bo‘lmasligi aniq edi.

- Xo‘sh, Kuperdan keyin kelgan Vadim Abramov bilan biz maqsadimizga erisha olamizmi? Abramovning yagona kamchiligi muhim va kerakli o‘yinlarni boy berishida. Shuningdek, Abramov boshqargan jamoalar himoya chizig‘i bilan maqtana olmagan.
- Men bu narsaga e’tibor berganman. Abramovni uslubi vaqt o‘tishi bilan o‘z hususiyatini yo‘qotadi. Uni har safar mukammalashtirib borish kerak. Bilaman, Vadim Karlenovich "Barselona", Gvardiolani uslubidan namuna oladilar. Lekin, Gvardiolani ijrochilari mukammal. Shunda ham uning uslubini yechimini topgan jamoalar ortiqcha muammosiz yutib ketishadi. Kim murabbiy bo‘lishi muhim emas, muhimi O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi.

- Endi ko‘pchilik muxlislar hamon 2011 yilgi o‘yin va natijani kutishadi. Hozirgi payt bilan u davrni o‘rtasida farq katta. Ko‘p narsalar o‘zgarib ketgan...
- 2011 yilgi Osiyo kubogida barcha futbolchilar o‘zlarining eng yuqori sport formasida bo‘lgan. Bo‘ldi uni esdan chiqarish kerak. Yangi avlodni tayyorlab borish lozim.

Samimiy va mazmunli suhbat uchun tashakkur. Faoliyatingizda omad va zafarlar tilab qolamiz.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Futboldagi uchta omil, "Paxtakor"da ishonchni his qilmagani va Kuper haqida" - San’at Shixov bilan katta intervyu