11:11 / 01.05.2021
1 383

Samvel Babayan "Navbahor"ga keladimi? Bu savolga Viktor Jalilov javob berdi

Samvel Babayan "Navbahor"ga keladimi? Bu savolga Viktor Jalilov javob berdi

"Navbahor" - "Olimpik" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida "Navbahor" bosh murabbiyi Viktor Jalilov uchrashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

- Ko‘rib turganingizdek, hamma o‘yinlarimiz oson kechmayapti. Bugun guruh yetakchilari uchrashishdi. Hozir oson raqibning o‘zi yo‘q. "Olimpik" jamoasi ancha uyushqoq, o‘yini shakllangan, bu futbolchilar Superligada ham o‘zlarini ko‘rsatishga qodirlar. Ularning mahorat, tezkorlik, to‘p bilan to‘g‘ri harakatlanishini alohida e’tirof etishim mumkin. Bizda esa turli sabablarga ko‘ra, barqarorlikka ega bo‘lolmayapmiz. Ba’zilar jarohat olishgan, ayrimlarning o‘yini qovushmayapti.

Jamoamizda muhit yaxshi. Ayrim futbolchilar qarorimizni to‘g‘ri tushunishadi, ayrimlar esa yo‘q. Kimdir uni faqat maqtashlariga o‘rganib qolgan, bu ham psixologiya masalasi. Avvalgi jamoalarimda terma jamoa darajasidagi juda ko‘plab futbolchilar to‘p tepishgan, ular tanqidni to‘g‘ri qabul qilishardi. Golban yoki Ahmedovga nimanidir baland ovozda tushuntirsam, to‘g‘ri tushunishadi. Bu bolalar futboli emas, bu professional futbol, bu yerda ochkolar uchun kurash boradi. Shu bois, futbolchilarimizga kerakli talablarni qo‘yamiz. Nimadir o‘xshamasa, o‘yindan keyin tahlil qilib, futbolchilarga xatolarini ko‘rsatamiz. Hakamga emas, raqib jamoa murabbiyiga e’tiroz bildirdim. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, hadeb hakamga bosim qilaverish yaxshi emas, axir.

Chempion bo‘lgan "Navbahor" bilan bugungi tarkibning o‘rtasidagi farq haqida aytsam, u paytlari terma jamoaga nomzodlar juda ko‘p edi. Ular nomzod emas, milliy jamoaning asosiy futbolchilariga aylanib ulgurishgandi. Hozir esa Ahmedov, Golban va Panshanbe bor, xolos. Bundan ko‘rinadiki, futbolchilar termaga torta olishmayapti. Futbolchilarimizni kuchsiz demayman, shunchaki, 1996 yilgi "Navbahor" darajasiga yetish uchun yanada ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi.

Futbolchilarimiz bir-birlarini tushunishlari, men ularni tushunishim uchun vaqt kerak. Bugungi tarkibdan o‘rin olganlar "Navbahor"ga tasodifan kelib qolishmagan. Superligaga mos ekanlar, jamoada to‘p tepishmoqda.

Mish-mishlarga izoh bermayman. Babayan bilan tez-tez gaplashib, maslahatlashib turamiz. U ham mendan tavsiya olib turadi. Munosabatlarimiz yaxshi. Boshqa har qanday gap-so‘zlar haqida hech narsa bilmayman.

"Olimpik" o‘yinidan ko‘rinib turibdiki, Kapadzening futbolga o‘z qarashi bor. Murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar haqida gap borganda, bu masala har ikki jamoa rahbariyatining fikrlariga qarab hal qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan "Navbahor"ga keladimi? Bu savolga Viktor Jalilov javob berdi