17:52 / 05.02.2025
1 957

Karlo Anchelotti "Man Siti" va Abduqodir Husanov transferi haqida gapirdi

Karlo Anchelotti "Man Siti" va Abduqodir Husanov transferi haqida gapirdi
Evropaning eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasining amaldagi gʻolibi bu gal turnirdagi yurishini davom ettirish uchun pley-offning oʻtish oʻyinida “Manchester Siti”ga toʻqnash keladi.

Yangi formatda oʻtkazilayotgan musobaqa qoidasiga koʻra, umumiy bosqichda 36 ta jamoa sakkiztadan uchrashuvda ishtirok etdi. Dastlabki sakkizta oʻrinni egallagan klublar nimchorak finalga chiqdi.

9-24-oʻrinlar sohiblari esa, oʻtish oʻyinlarida ishtirok etadigan boʻldi. 24-36-qatorlarni band etgan jamoalar turnirdan chiqib ketdi.

Evropa chempionlar ligasining yangi formatida qiyinchilikka duch kelgan “Real” umumiy bosqichni 11-pogʻonada yakunladi va oʻtish oʻyinida 22-oʻrindan joy olgan “Manchester Siti”ga roʻbaroʻ boʻldi.

Biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, “shaharliklar” Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etish uchun yangi oʻyinchilar – Abduqodir Husanov, Vitor Reys va Umar Mashmushni ham qaydnomadan oʻtkazdi.

“Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti “Manchester Siti” bilan boʻladigan ikkita uchrashuv oldidan raqib jamoaning yanvarda amalga oshirgan transferlariga munosabat bildirdi.

- “Shaharliklar” qishki transferlar vaqtida yangi oʻyinchilarga 200 million yevrodan ortiq mablagʻ sarfladi.

Xosep Gvardiola jamoasi safiga Abduqodir Husanov, Umar Marmush, Vitor Reys, Niko Gonsales qoʻshildi.

“Real” muntazam ravishda jarohatlar bilan bogʻliq muammoga duch kelayotgan boʻlsa-da, birorta futbolchi olgani yoʻq. Lekin men hozir buni muhokama qilmoqchi emasman. Bor e'tiborimizni boshqa masalalarga qaratishimiz lozim, - dedi Karlo Anchelotti.

Ta'kidlash joizki, mavsum boshidan beri har ikki jamoa bosh murabbiylari tarkib tanlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Karlo Anchelotti jamoasida asosan himoya chizigʻi vakillari tez-tez safdan chiqishi odatiy holga aylandi.

“Manchester Siti” esa, mavsumning birinchi qismida juda katta inqirozni boshdan oʻtkazdi. Xosep Gvardiola muammoning echimi sifatida tarkibda jiddiy oʻzgarishlar qilishni boshladi.

Yanvar oyida jamoaga bir necha nafar yosh iste'dod egalari taklif etildi. Xususan, Angliyaning amaldagi chempionlari “Lans”dan Abduqodir Husanovni olish uchun bonuslarni qoʻshib hisoblaganda 50 million yevro xarajat qilishiga toʻgʻri keldi.

Endi “Real” va “Manchester Siti” oʻrtasidagi Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichidagi oʻtish oʻyinlari 11 va 19 fevral kunlari boʻlib oʻtadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport