Angliya Premer-Ligasida ketma-ket toʻrt yil chempionlikni nishonlagan “Manchester Siti” joriy mavsumida chempionlik unvonini ushlab qola olmasligi oydinlashib qoldi.
Klub rahbariyati yuz bergan inqirozdan keyin tarkibni oʻzgartirishga qaror qildi. Manchesterliklar ana shu maqsadda “Lans” va “Palmeyras”dan yosh himoyachilar – Abduqodir Husanov va Vitor Reysni olib keldi.
Shuningdek, “Ayntraxt” toʻpurari Umar Marmush ham faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettiradigan boʻldi.
Yangi oʻyinchilardan Husanov va Marmush Angliya Premer-ligasidagi debyutini nishonlab ulgurdi. Vitor Reys esa, yoshligi tufayli biroz tajribasini oshirishi kerakligi aytildi.
Manchesterliklar ustozi Xosep Gvardiola kelasi mavsumdan boshlab, bu yilgiga qaraganda, jamoasi umuman boshqa darajada oʻyin koʻrsatishi, yuqori koʻrsatkichlarni qayd etishini ta'kidladi.
- Bundan uch oy muqaddam biz bu mavsumda katta qiyinliklarga duch kelishimizni his qilgandim, amalda ham shunday boʻlib chiqdi.
Bundan keyin ham murakkab jarayonlarga toʻqnash kelishimiz boshimizda bor masala.
Ayrimlar biz haqimizda “Jamoa “Ipsvich Taun” bilan oʻyindan keyin oʻz darajasiga qaytdi”, “Lester”ga qarshi bellashuvdan soʻng “Siti” oʻziga keldi” qabilidagi gaplarni aytyapti.
Ularga javoban shuni aytamanki, jamoaning oʻzgarishi uchun birinchi navbatda vaqt talab etiladi.
Kelasi mavsumdan boshlab, biz yana oʻz darajamizga qaytamiz. Hozir esa, asosiy masala bu vaziyatda kurashib, Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanma olishdan iborat, - dedi Xosep Gvardiola.
Ispaniyalik mutaxassis 2024 yilning oxirida jamoada yuz bergan inqirozdan keyin shogirdlari joriy mavsumda chempionlik uchun kurashdan chiqqanini, yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ulardan yuqori natijalarni kutish toʻgʻri boʻlmasligini, klub yangi futbolchilar yordamida tarkibni kuchaytirishi lozimligini ta'kidlagan edi.
Angliya Premer-ligasining 23-turida Chempionlar ligasi yoʻllanmasi uchun kurashdagi toʻgʻrida-toʻgʻri raqobatchi hisoblangan “Chelsi”ni enggan “Manchester Siti” yana kuchli toʻrtlikdan joy oldi.
Xosep Gvardiola shogirdlari mavsum boshidan beri 12 ta gʻalaba, beshta durang va oltita magʻlubiyat qayd etib, jami 41 ochko jamgʻargan.
“Manchester Siti” navbatdagi uchrashuvni 2 fevral kuni 47 ochko bilan ikkinchi oʻrinda borayotgan “Arsenal”ga qarshi saf tortadi. 24-turning markaziy uchrashuviga Londondagi “Emireyts” arenasi mezbonlik qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar