22:45 / 01.02.2025
936

Abduqodir Husanovga Gvardiola oʻrniga boshqa murabbiy ustozlik qilishi mumkin

Abduqodir Husanovga Gvardiola oʻrniga boshqa murabbiy ustozlik qilishi mumkin
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir HusanovManchester Siti” oʻyinchisiga aylangani bois, bu klub atrofidagi vaziyat oʻzbekistonlik futbol ishqibozlarini ham qiziqtirib kelmoqda.

TodoFichajes nashrining yozishicha, “shaharliklar” har ehtimolga qarshi bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning oʻrniga jamoani boshqarishi mumkin boʻlgan mutaxassis topib qoʻyishga qaror qilgan.

Manbaga koʻra, klub xoʻjayinlari Pepdan keyin “Manchester Siti”ni boshqa ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso boshqarishini istayapti.

Xabi Alonso oʻtgan mavsum “Bayer”ni tarixda ilk bor Germaniya chempioniga aylantirdi. Shundan soʻng uning xaridorlari koʻpayib ketdi.

Biroq yangi avlod murabbiylari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan Alonsga asosiy da'vogar sifatida “Real” tilga olinmoqda.

“Qirollik klubi” ham Karlo Anchelotti jamoa bilan ichki va xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlarga erishayotganiga qaramay, uning oʻrniga Xabi Alonsoni olib kelishga urinmoqda.

Madridliklar Anchelottini ertaroq ishdan boʻshatadigan boʻlsa, yozda Xabi Alonsoni taklif qiladi. Agar natijalar koʻngildagidek boʻlsa, murabbiylar almashinuvi har ikkisining shartnomasi tugaganidan keyin, ya'ni 2026 yilning yozida amalga oshiriladi.

2016 yildan beri “Manchester Siti”ga ustozlik qilib kelayotgan Xosep Gvardiola oʻtgan yili kuzda hamkorlik kelishuvni 2027 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirgan edi.

Ta'kidlash joizki, 54 yoshli Gvardiola zamonaviy futbolning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan hisoblanadi. U doim grand klublarda ishlab kelgan.

Xususan, Pep 2008-2012 yillar davomida oʻzining qadrdon jamoasi “Barselona”ga bosh murabbiylik qilgan. Kataloniyaliklar bilan toʻrt yil ichida jami 14 ta sovrin, jumladan uch marta Ispaniya chempionati va ikki marta Evropa Chempionlar ligasida gʻolib chiqqan.

Shundan soʻng, faoliyatini Germaniya grandi “Bavariya”da davom ettirdi. Myunxen superklubida uch yilda ettita sovringa ega chiqdi. Bundesligada uch bor chempion boʻldi.

2016 yili “Manchester Siti”ni qabul qilib olgan ispaniyalik mutaxassis katta natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Gvardiola jamoani boshqargan yillar klub tarixida eng muvaffaqiyatli davr hisoblanadi. Manchesterliklar bu mutaxassis kelganidan beri 18 ta sovrinni oʻziniki qildi.

“Shaharliklar” uning qoʻl ostida olti marta chempion boʻldi. Angliya Premer-ligasi tarixida ketma-ket toʻrt marotaba bosh sovrinni yutgan birinchi klub sifatida rekord oʻrnatdi. 2023 yili Angliyada trebl qayd etdi.

“Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasidagi birinchi va hozircha yagona bosh sovriniga aynan Xosep Gvaridiola qoʻl ostida sazovor boʻlgan.

Hamyurtimiz Abduqodir Husanov ana shunday tajribali va mahoratli murabbiy bilan ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Albatta, “Manchester Siti”dagi davr 20 yoshli legionerimiz uchun faoliyatida eng yorqin lahzalarga boy boʻladi...

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport