![Raneri oʻyini oʻzgargan Eldor Shomurodov haqida nimalar dedi?](/uploads/posts/2025-02/be7ed7ecfa17638acfafc855666208baa771e8e4.webp)
Klaudio Raneri oʻzbek hujumchisi Eldor Shomurodovni ketma-ket ikki oʻyinda boshlangʻich tarkibda maydonga tushirdi.
Raqiblar ham Italiyaning eng kuchli jamoalari – “Napoli” va “Milan” edi. A Seriya doirasida “Napoli”ga qarshi juda ishonchli oʻynagan oʻzbek futbolchisi jamoasining durang qayd etishiga munosib hissa qoʻshgandi.
Italiya kubogida “Milan”ga qarshi birinchi boʻlimda toʻliq oʻynagan Eldor Shomurodov raqib himoyasini yorib oʻtolmadi. Shunga qaramay, hamyurtimiz ancha faol oʻynadi.
Klaudio Raneri shogirdlari mezbonlarga 1:3 hisobida yutqazib, musobaqadagi yurishini toʻxtatishga majbur boʻldi.
“Roma” rasmiy sayti Klaudio Ranerining uchrashuv haqidagi fikr-mulohazalarini e'lon qildi.
- Eng avvalo, biz “Milan”ning juda zoʻr oʻynaganini va har tomonlama ustunlik qilganini e'tirof etishimiz va maqtashimiz kerak. Buyuk klub bilan oʻynadik. Uchrashuvda ijobiy hisob qayd etish uchun qoʻlimizdan kelganini qildik, bellashuv davomida gol urish uchun bir necha marta imkoniyatimiz boʻldi, himoyada ham yaxshi oʻynay olgan vaziyatlarimiz ham bor edi.
Biz gol urishimiz kerak boʻlgan pallalarda oʻzimiz toʻp oʻtkazib yubordik. Kuchli bosim oʻtkazilgan paytda oʻyin tizgini qoʻldan chiqishi tabiiy hol va shu tufayli ham burilish yasay olmadik.
Meni qarshi hujumlarga tayanmaslikda ayblashadi, biroq bunaqa yuqori darajadagi jamoaga qarshi oʻynaganda, bu ishni amalda uddalash ogʻizda gapirishdan ancha qiyin.
Bizdan musobaqa jadvalida koʻtarilishni, Italiya kubogini yutishni, Evropa ligasiga chiqishni talab qilishayotgani meni xursand qiladi. Lekin jamoani qay ahvolda qabul qilib olganimni ham unutmang.
Menga qizigʻi, shogirdlarim bu magʻlubiyatga qanday munosabatda boʻlishidir. Biz bu mavsum hech boʻlmaganda, yevrokuboklarga chiqishni uddalashimiz kerak. Buning uchun qoʻlimizdan kelayotganini qilayotganimizni tushunishingizni istardim.
Futbolchilarga ham oson emas. Ular bir mavsumning oʻzida uchinchi murabbiy bilan ishlayapti. Har bir murabbiyning oʻz qarashi, oʻz ishlash uslubi bor. Bu oson emas. Men shogirdlarim qoʻlidan kelganini qilayotgani uchun ulardan minnatdor boʻlishim kerak.
Bu uchrashuvdan keyin “Milan” bosh murabbiyi Serjiu Konseysauga jamoada tartib oʻrnata olganini aytdim. Jamoasi yaxshi oʻynayotganini maqtash kerak. Men samimiyatni qadrlayman va nimani his qilsam shuni aytaman. Raqiblar bilan oʻzaro hurmat borasida muammo yoʻq.
Shu oʻrinda aytishim kerakki, bellashuvdan oldin Eldor Shomurodovdan “Napoli”ga qarshi uchrashuvda qanday oʻynagan boʻlsa, bu gal ham shunday harakat qilishini soʻradim. Eldor Paulo Dibala bilan uch nafar yarim himoyachimiz oldida oʻynab, oʻyin jarayonini boshqarib borishi talab etilgan edi. Ular jamoani oyoqqa turgʻazishi kerak edi.
Lekin Shomurodov aynan “Napoli”ga qarshi kechgan uchrashuvda juda koʻp kuch sarflab yuborgan edi. Shu bois, bu gal xuddi “Napoli” bilan boʻlgan oʻyindagidek harakatlarini toʻliq amalga oshira olmadi. Shunday boʻlsa-da, juda yaxshi oʻyin oʻtkazganini e'tirof etish lozim.
Men uni ayblasam, adolatdan boʻlmaydi, chunki Eldor zarba yoʻlladi, jarima maydonchasi atrofida sheriklariga juda yaxshi uzatmalarni amalga oshirdi. Biz kurashdik.
“Milan” tezkor hujumlar uyushtirishini bilardik. Tezkor hujumga tayanadigan “Ayntraxt” va “Napoli”ga qarshi tartibli oʻyin namoyish qilgandik. Lekin “Milan”ga qarshi turishni uddalay olmadik, ayrim vaziyatlarda ishonchli oʻynay oldik, - dedi Klaudio Raneri. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar