84
Ekspertlar ash-Shar'a haqida: “U Turkiyaning qoʻgʻirchogʻi emasligiga arablarni ishontirishi kerak”
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar'a ilk xorijiy tashrifini asosiy homiysi ekani aytiladigan Turkiyaga emas, Saudiya Arabistoniga amalga oshirdi. Shu bilan birga, Ar-Riyoddan toʻgʻri Anqaraga uchdi. Bu tashriflar Damashqdagi yangi hokimiyatning tashqi siyosati haqida qanday mujdalar beradi? Tashriflarda nimalar muhokama qilindi? Tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov "Geosiyosat” dasturida ushbu savollarga oʻzlarining munosabatlarini bildirishdi.
- Saudiya Arabistoni AQShni Suriyaga qoʻyilgan sanktsiyalarni echishga koʻndiradimi?
Shavkat Ikromov:
— Oʻtgan yili 8 dekabr kuni Suriyada Ahmad ash-Shar'a boshchiligidagi hukumat oʻrnatilgan boʻlsa, dastlabki haftalarda etakchi davlatlarning vakillari bu hukumat bilan uchrashishga va aloqalarni keyingi bosqichi qanday boʻlishini belgilab olishga harakat qildi. Shuning bilan birga, Suriyaning oʻzida ham yangi tartibotga moslashish va Asad rejimidan farqli, qanday tashqi va ichki siyosatni shakllantirish jarayoni kechdi. Shu nuqtada asosiy e'tibor endilikda Eron yoki Rossiyaga emas, balki koʻrfaz arab davlatlariga, Turkiyaga va umuman Gʻarbga, Qoʻshma Shtatlarga va hattoki Isroilga qaratilishining namoyishi sifatida, Turkiya tashqi ishlar vaziri, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, Qatar hukumati rahbari yangi hukumat qabul qilgan ilk xorijiy delegatsiyalar boʻldi.
Umuman olganda, Ahmad ash-Shar'a uchun Saudiya Arabistoni begona emas. U Saudiyada tugʻilgan, bolalik yillari Saudiyada oʻtgan. Doimiy ravishda Saudiya bilan aloqalari boʻlgan. Uning dastlabki intervyusi Gʻarb matbuoti yoki Al Jazeera'ga emas, balki Saudiya Arabistonining dunyoqarashini ifodalaydigan Al Arabiya telekanaliga berilgani diqqatga sazovor. Bu intervyuda u asosiy e'tiborni Saudiya Arabistoniga qaratgan, mintaqada Turkiya bilan bir qatorda va teng maqomda bu mamlakatni oʻzining asosiy hamkori sifatida koʻrishga intilayotganini bildirgan edi.
Uning Saudiyaga tashrifi doirasida har ikki tomon oʻrtasida qandaydir bir burilish nuqtasini belgilab beradigan darajadagi yirik shartnoma yoki katta miqdordagi moliyaviy kelishuvlar imzolangani yoʻq. Ammo ekspertlar aytadiki, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirining Suriyaga boʻlgan tashrifida bir va'da berilgan edi: xalqaro hamjamiyat tomonidan Suriyaga qoʻllangan sanktsiyalar endilikda mantiqsiz va adolatsiz deb hisoblanishi kerak. Bu sakntsiyalarni olib tashlashda Saudiya Arabistoni vositachi sifatida qatnashadi va xalqaro hamjamiyatni bunga koʻndirishga harakat qiladi.
Kamoliddin Rabbimov:
— Nazarimda, Ahmad ash-Shar'a Saudiyaga borishdan oldin Turkiyani xabardor qilgan, ya'ni Turkiya bilan ma'lum bir kelishuv boʻlgan. Lekin Turkiyaga hech qanday oʻrtada tanaffus qilmasdan boraman deb aytgan boʻlishi kerak, u Saudiyadan toʻgʻri Turkiyaga bordi, oʻrtada hech qanday toʻxtalish qilib oʻtirgani yoʻq.
Birinchi tashrif Ar-Riyodga boʻlganini toʻrtta yoʻnalish bilan izohlash mumkin.
Birinchisi, Saudiya Arabistoni arab va musulmon dunyosining baribir lideri. U erda Makka va Madina bor, u erda juda ham katta tarix shakllangan diniy kapital mavjud.
Demak, Saudiyaga borib birinchisi, arab musulmon dunyosining lideri hisoblanmish Saudiya bilan munosabatlarni normallashtirish kerak. Chunki Saudiya Arabistoni elitasi qattiq arazlasa, oʻzining vetolarini qoʻyib boshlashi mumkin.
Ikkinchidan, mintaqadagi Amerikaga eng yaqin arab-musulmon dunyosidagi davlatlardan biri – Saudiya Arabistoni. Suriya masalasida Saudiya AQSh bilan vositachi rolini oʻynay oladi. Yangi Suriya hokimiyati Saudiyaga: “Biz sen bilan doʻst boʻlamiz, lekin Vashingtonga ayt, mana bu sanktsiyalarni olib tashlasin va bizni xalqaro hamjamiyatga qoʻshsin” degan mujdani yoʻllashi aniq.
Uchinchisi, Saudiya Arabistonida arab va musulmon dunyosining diniy qarashlarini shakllantiruvchi ulamolar qatlami mavjud. Demak, Ahmad ash-Shar'a asli jihodchi boʻlgan “Tahrir Hay'at ash-Shom”dan chiqqan radikal deya tanqid qilingan siyosiy liderlardan biri boʻlar ekan, endi uning diniy qarashlarini legitimlashtirish kerak. “Bu radikal emas, bu normal bola, bu bilan gaplashsa boʻladi, islomni radikal talqin qilmaydi, moʻ'tadil musulmon” degan status olib berishni aynan Saudiyaning ulamolari yaxshiroq bajara oladi.
Toʻrtinchi yoʻnalish, Saudiya Arabistoni – mintaqadagi eng boy davlatlardan biri. Ash-Shar'aga esa fuqarolik urushida yakson boʻlgan mamlakatni tiklash uchun yuz milliardlab dollar kerak boʻladi. Bunday katta pullar avvalo Saudiyada bor, Qatarda, BAAda bor. Suriya ularning uchalasi bilan ham yaxshi munosabatda boʻlishga majbur.
Avvalo arab davlatiga tashrif buyurish Ash-Shar'aga “Turkiyaning qoʻgʻirchogʻi emas” degan imijni yaratish uchun ham kerak. Arab davlatlari Suriyaga avval Eronning qoʻgʻirchogʻi deb qaragan, endi esa Turkiyaning qoʻgʻirchogʻi deb qaray boshlasa, Damashq bilan munosabatlarni sovuq saqlab qolishi mumkin. Bu esa Suriyaning uzoq muddatli manfaatlariga toʻgʻri kelmaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar