Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi hamon mavhum boʻlib turibdi.
29 yoshli hujumchi atrofidagi vaziyat juda tez va kutilmagan tomonga oʻzgarmoqda. Aslida Eldor yozgi transferlar yakunlanishi arafasida boshqa klubga oʻtishi kutilgandi. Unga AQSh va Italiyaning jamoalaridan aniq takliflar boʻlgandi.
Mavsum startida “Roma”ning oʻsha paytdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi oʻzbek futbolchisi haqidagi fikrini oʻzgartirib, uni jamoada olib qolishga qaror qildi. Biroq keyinchalik klubda ikki marta bosh murabbiy oʻzgardi.
Bu orada Shomurodovga etarli darajada oʻyin amaliyoti berilmadi. Klub rahbariyati yangi markaziy hujumchi olish maqsadida Eldor Shomurodovni boshqa jamoaga oʻtkazishga urinmoqda.
Oʻzbek forvardi uchun “Empoli”, “Kalyari” va “Venetsiya” jiddiy kurash olib boryapti. Ayniqsa, venetsiyaliklar Eldorni qoʻlga kiritish uchun “Roma” qoʻygan talabni qabul qilib, oʻyinchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan ijarada oʻynatishga koʻngani bu klubni favoritga aylantirdi.
“Roma”ning “Udineze” maydonidagi uchrashuvning ikkinchi boʻlimi Shomurodovning kelajagiga ta'sir qilmoqda. Rim “boʻrilari”ning hujumiga etakchilik qilgan Eldor yana poytaxt klubiga kerak boʻlib qoldi.
Bosh murabbiy Klaudio Raneri bu bahsdan keyin oʻzbek futbolchisining imkoniyatlarini yaxshi bilishi, uning ishga sadoqati va layoqati unga ma'qul kelayotgani, transfer haqida gap-soʻz boʻlishi mumkinmasligi, Shomurodovga imkon berishga tayyorligini ta'kidladi.
“Roma” faoliyatini yoritib borayotgan siamolaroma.it nashri Klaudio Raneri Shomurodovni “Venetsiya”ga qoʻyib yuborishga shoshilmayotganini ma'lum qildi.
- Eldor Shomurodov atrofidagi gʻalati vaziyat hali echim topgani yoʻq. Oʻzbek futbolchisi “AZ Alkmaar”ga qarshi oʻynamadi va jamoasi yutqazdi. “Udineze” ustidan qozonilgan gʻalabada u muhim rol oʻynadi.
Oʻzbek hujumchisi doim klubdan ketish ostonasida yuradi, lekin uning transferi surilishi odat boʻlib qolmoqda.
“Roma” payshanba kuni Evropa Ligasi doirasida “Ayntraxt” bilan kuch sinashadi. Eldor Shomurodov Frankfurtdagi oʻyinda Klaudio Raneri jamoasiga kerak. U Germaniyada oʻynashi kerakligi bois, bu transfer vaqtinchalik boʻlsa-da, kechiktiriladi, - deb yozdi siamolaroma.it nashri eksperti Federiko Tonini.
Yana bir nufuzli manba – Corriere dello Sport gazetasi ham bu ma'lumotlarni tasdiqladi.
- “Venetsiya” asosiy hujumchisi Poxyanpalo ketishi bilan, Eldor Shomurodovni kutib olishga tayyor. Shunga qaramay, oʻzbekistonlik legioner hozircha Trigoriyada qoladi. “Roma” hali Artyom Dovbikka munosib oʻrinbosar olib kelinmagani uchun Shomurodovni qoʻyib yubora olmaydi.
Qolaversa, bosh murabbiy Klaudio Raneri Eldorning ishga munosabatini maqtab turibdi. Tez orada tajribali forvardning kelajagiga oydinlik kiritilishi kutilyapti, - deb yozdi Corriere dello Sport gazetasi.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 16 marotaba maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist muallifi boʻldi. Transfermarkt portali oʻzbekistonlik forvardning transfer summasini 4 million yevroga baholanmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar