AQSh ittifoqchilari Amerika prezidentining Ukraina va Rossiya boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog 14-16 fevral kunlari boʻlib oʻtadigan Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish rejasini taqdim etishini kutishmoqda, deb xabar berdi Bloomberg 5 fevral, chorshanba kuni manbalarga tayanib.
Agentlik suhbatdoshlari reja qanchalik batafsil taqdim etilishi va uning taqdimoti qanday formatda oʻtkazilishiga aniqlik kiritmadi. Biroq, Kellog va boshqa rasmiylarning soʻnggi haftalardagi izohlari va ommaviy bayonotlari rejaning «kuch orqali tinchlik» tamoyiliga, ya'ni urishayotgan tomonlarni sulhga majburlash tamoyiliga asoslanishini aniq koʻrsatmoqda.
Mojaroni muzlatish
Bloomberg yozganidek, Trampning rejasi mojaroning potentsial muzlatilishini va Rossiya qoʻshinlari tomonidan ishgʻol qilingan Ukraina hududini Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari bilan «mavhum holatda» ushlab turishni nazarda tutadi. Bu kafolatlar aynan qanday boʻlishi aniqlanmagan.
Kellogning oʻzi avvalroq X ijtimoiy tarmogʻida Myunxen konferentsiyasida ishtirok etishi va Trampning Ukrainadagi «qonli va qimmat» urushni tugatish maqsadi haqida gapirish imkoniyatini «intiqlik bilan» kutayotgani haqida yozgan edi. «Amerikaning biz bilan ishlashga tayyor ittifoqchilari bilan uchrashaman», deb yozgan maxsus vakil.
Avvalroq Amerikaning NBC News telekanali oʻz manbalariga tayanib, AQSh prezidenti ma'muriyati Ukrainadagi mojaroni qanday hal qilish borasida ikkiga boʻlingani haqida xabar bergan edi. Tramp jamoasining bir qismi Moskvaga Rossiyaning olgʻa siljishini toʻxtatish uchun bosim oʻtkazish tarafdori, bu gʻoyani Kellog va milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Uolts qoʻllab-quvvatlaydi. Ammo Ukrainaga yordamni qisqartirishni yoqlayotganlar ham bor. NBC Tramp jamoasidan kim bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlashiga aniqlik kiritmadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar