06:47 / 06.02.2025
79

Isroil ham BMT Inson huquqlari kengashidan chiqadi

Isroil ham BMT Inson huquqlari kengashidan chiqadi
Isroil TIV rahbari Gideon Saar.
Foto: X / @gidonsaar

Isroil BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashidan (IHK) chiqishini e'lon qildi, bir kun avval AQSh ham shunday qarorga kelgandi. Bu haqda mamlakat TIV rahbari Gideon Saar oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma'lum qildi.

Saarning yozishicha, Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi ishida ishtirok etmaslik qarorini olqishlaydi. «BMT IHK an'anaviy ravishda inson huquqlarini buzuvchilarni himoya qiladi, ularga sinchkovlik bilan oʻrganishdan yashirinishga imkon beradi va buning oʻrniga Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya — Isroilni qoralaydi. Isroil ortiq bunday kamsitishlarni qabul qilmaydi!» — dedi Saar.

Uning soʻzlariga koʻra, Isroil 100 dan ortiq qoralovchi rezolyutsiyalarga duchor boʻlgan. Bu kengash tomonidan qabul qilingan barcha rezolyutsiyalarning 20 foizdan ortigʻini tashkil etadi va Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Venesuelaga nisbatan qabul qilingan rezolyutsiyalardan ham koʻproqdir, deya aniqlik kiritdi Saar. Avvalroq Isroil hukumati BMT Inson huquqlari kengashi faoliyatini bir necha bor tanqid qilgan, mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa kengashning rezolyutsiyalaridan biridan keyin tashkilotning «Isroilga qarshi jazavasi borligi» haqida yozgan.

4 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp BMT IHK tarkibidan chiqish toʻgʻrisidagi farmonni imzolagandi.

Inson huquqlari boʻyicha kengash — BMT tizimidagi hukumatlararo organ boʻlib, uning tarkibiga 47 ta davlat kiradi. U 2006 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan «butun dunyoda inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilishga koʻmaklashish» maqsadida tashkil etilgan. Oʻsha paytda AQSh prezidenti kichik Jorj Bush edi, ammo mamlakat kengashga 2009 yilga kelib — Barak Obama davrida qoʻshilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo