16:26 / 01.02.2025
524

Eldor Shomurodov masalasi hal boʻldi!

Eldor Shomurodov masalasi hal boʻldi!
“Roma” rahbariyati Eldor Shomurodov boʻyicha rejalarini oʻzgartirdi. Klub mutasaddilari qishki transferlar vaqtida oʻzbek futbolchisi xizmatidan toʻliq voz kechmoqchi edi.

29 yoshli markaziy hujumchini qoʻlga kiritish uchun “Kalyari”, “Empoli” va “Venetsiya” oxirigacha kurash olib bordi.

Ayniqsa, “Kalyari” klubi oʻtgan yili oʻzbek futbolchisi yordamida yuqori diviziondagi oʻrnini saqlab qolganini inobatga olib, yana Eldorni oʻz safiga qoʻshib olishga harakat qildi. Sardiniyaliklar Shomurodovning transferini amalga oshirish uchun Janluka Lapadulaning ketishini kutdi.

Nihoyat, perulik futbolchi “Spetsiya”ga oʻtdi, sardiniyaliklar “Roma” bilan hal qiluvchi muzokaraga kirishishga tayyorligini bildirdi.

“Venetsiya” esa, Shomurodovni qoʻlga kiritish uchun rimliklarning talabini qabul qilgan yagona jamoa boʻldi. Venetsiyaliklar oʻzbek futbolchisini keyinchalik 3,5 million yevroga sotib olish sharti bilan yarim mavsumga ijaraga olishga koʻndi.

“Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri tarkibda Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovdan boshqa markaziy hujumchi yoʻqligini inobatga olib, klub xoʻjayinlaridan oʻzbek futbolchisining transferini Evropa ligasida “Ayntraxt” bilan boʻladigan oʻyindan keyin rasmiylashtirishni soʻradi.

Ana shu uchrashuvda Shomurodovning kelajagiga oydinlik kiritildi. Eldor muhim gol urib, jamoasini keyingi bosqichga chiqishini ta'minladi, Klaudio Raneri bu darajadagi forvardga ehtiyoji borligini aytib, uning transferini blokladi.

Nufuzli manba – Sky Sport nashri bu masala boʻyicha Rim klubining yakuniy qarorini e'lon qildi. Taniqli jurnalist Luka Marketti Sky Sport vakillariga bergan intervyusida “Roma” Eldor Shomurodov nomini transfer qilinadigan oʻyinchilar roʻyxatidan chiqarganini ma'lum qildi.

- “Roma” Eldor Shomurodovni transfer bozoridan chiqardi. Oʻzbek hujumchisining Evropa ligasidagi goli klub rahbariyatini unga boʻlgan ishonchini qayta uygʻotdi va uning oʻrniga boshqa hujumchi olishga hojat yoʻqligini koʻrsatdi.

Shunday qilib, Lapadula bilan xayrlashgan “Kalyari” ham, transfer majburiyatini boʻyniga olgan “Venetsiya” ham Eldor Shomurodovdan quruq qoldi, - deb yozdi tuttocagliari.net portali eksperti Jankarlo Kornakkia.

Eldor Shomurodovning “Roma”da qolishini boshqa nufuzli manbalar ham tasdiqladi. Xususan, “Roma” faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan laroma24.it sayti bu borada quyidagicha xabar chiqardi.

- Yaqingacha Eldor Shomurodovning klubdan ketishi haqidagi xabarlar dolzarb boʻlib turganiga qaramay, oʻzbek hujumchisi poytaxtda qoladigan boʻldi. Bir necha manbalarning ma'lum qilishicha, “Roma” mutasaddilari 29 yoshli forvardning kelajagini muhokama qilgan. Ular Eldor Shomurodovni tarkibda olib qolish boʻyicha bir qarorga keldi, - deb yozdi laroma24.it sayti.

Eldor Shomurodov endi bor e'tiborini “Roma”ga qaratadi. Oʻz navbatida, futbol ekspertlari va muxlislari “Udineze” va “Ayntraxt”ga qarshi uchrashuvlardagi gʻalabaga katta hissa qoʻshgan futbolchiga Klaudio Raneri bundan buyon koʻproq oʻyin amaliyoti berishini kutmoqda.

Legionerimiz joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasi doirasida 17 ta uchrashuvda maydonga tushdi va jami 378 daqiqa maydonda harakat qildi. Shunga qaramay, Eldor uchta gol va bitta assist muallifi boʻldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport